Nuriddin Abulhasan Ali ibn Sultonmuhammad hanafiy qiroat ilmida mohir, zukko va zamonasining etuk olimi bo'lgan. U kishi Islom olamida Mulla Aliyyul Qori nomi bilan tanilgan. Allomaning tug'ilgan yili to'g'risida aniq ma'lumot yo'q. Ba'zi manbalarda temuriylar hukmronligi davrida milodiy XV asrda yashab ijod qilgani qayd etilgan[1].
Hanafiy mazhabining zabardast olimi Mulla Ali qori Hirotda ilm tahsilini boshlab, Qur'oni karimni to'la yod oladi. Shayx Muhiddin ibn Hofiz Zayniddin u kishining ilk ustozi. Allomaning talabalik yillari temuriylar saltanati gullab-yashnagan davrga to'g'ri kelgan. U zamonasining taniqli olimlaridan ilm o'rganib, faqih bo'lib etishadi. Safaviylardan Shoh Ismoil ibn Haydar hukmronligi paytida ko'pchilik ulamolar kabi Mulla Ali Qori ham chorasizlikdan mamlakatni tark etadi. Hijriy 952 yili Makka shahridan qo'nim topadi. Bu emin shaharda alloma yana ilmga sho'ng'iydi.
Shayx Shahobiddin Abul Abbos Makkiy (hijriy 973 yili tug'ilgan), Shayx Alouddin ibn Hisomiddin Abdulmalik shofi'iy Misriy, Muhammad Said ibn Mavlono Ho'ja hanafiy Misriy (hijriy 981 yili tug'ilgan) va Shayx Abu Iso Qutbiddin Muhammad ibn Alouddin Ahmad hanafiy Makkiy kabi olimlar unga ustozlik qilishgan.
Tafsir, hadis va fiqh ilmlarida nom qozongan Sulaymon ibn Sayfiddin Joniy, Shayx Muhyiddin Abdulqodir ibn Muhammad shofi'iy Makkiy, qozi Abdurrahmon ibn Iso hanafiy Makkiy, Shayx Muhammad Abu Abdulloh Muqallib (vafoti 1061 hijriyda) Sayyid Muhammad Husayniy Balxiy kabi allomalar u zotning shogirdlaridir.
Shayx Muhammad Zohid Kavsariy “Iroq ahlining faqihlari va ularning so'zlari” nomli risolasida: “Imom Abu Hanifaning izdoshlaridan Mulla Aliyyul Qori hofiz, benazir muhaddis olim edi”, deb yozadi. Shayx Muhammad Idris Kandehlaviy esa “at-Ta'likus Sabih” asarida uni: "Ulug' muhaddis, aqli o'tkir, fozil, zamonasida tengsiz, asrining tanho olimi", deya ta'riflaydi. Zamondosh va maslakdoshlari u zotni "Haqiqatlar sultoni, nodir fiqxiy masalalar bilimdoni, faqih, mufassir, qoriyu mutakallim, muhaddis hamda balog'at va fasohat, nahv ilmlarining muallimi" deb tan olishgan.
Alloma saksondan ortiq kitob yozgan. Ba'zi asarlari necha asrlardan beri o'quv yurtlarida muhim darslik va ko'llanma bo'lib kelmokda. Olimning «Anvarul Qur'on fi asrorul Furqon (Furqon sirlarida Qur'on nurlari)», «An-nasihu val-mansuhu minal hadis (Hadislarning nasx va mansuxlari)», «Adillatu mo''taqadi Abi Hanifa fi abavayi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam (Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam ota-onalariga doir aqidada Abu Hanifaning dalili)», «al-Asmarul janiyyatu fi asmail hanafiya (Hanafiy olimlarning ismlari haqida yig'ilgan mevalar)», «al-Ahadisud qudsiyatu arba'iniya (Qirq qudsiy hadis)», «al-Adab fi rajab (Rajab oyi odoblari)» va «Manakibu al-Imomi A'zam va ashobihi (Imomi A'zam va ashoblarining manoqiblari)» kabi kitoblari mashhurdir.
Alloma mazhabimiz fiqhiy masalalariga doir ko'plab risolalar ham yozgan. «Risala-tu fi himayati mazhabil Imomi Abi Hanifa (Imom Abu Hanifa mazhabini himoya qilish tug'risida risola)», «Risalatu fir raddi ala min zammi mazhabil Imomi Abi hanifa (Imom Abu Hanifa mazhabini yomonlovchilarga raddiya risolasi)» shular jumlasidan.
Alloma o'ndan ortiq kitoblarga sharh yozgan. «Sharhi Sahihi Muslim (Imom Muslim "Sahih"ining sharhi)», «Sharhu Aynil ilmi va zaynil hilmi («Hilmning ziynati va ilmning bulog'i» kitobiga sharh)», «Sharhu al-Fiqhil akbar ("Fiqhul akbar"ning sharhi)», «Sharhu «Musnad al-Imomi Abi Hanifa (Imom Abu Hanifaning "Musnad"iga sharh)», «Sharhu al-Hidoya lil Marg'inoniy (Marg'inoniyning "Hidoya"siga sharh)», «Sharhu al-Viqoya fi masailil Hidoya ("Hidoya" masalalaridagi "Vikoya"ga sharh)» va «Mirqotil mafotih sharhi Mishkatil Masobih («Mish-katul Masobih»ni sharhlashda ochilgan nozik o'rinlar)» kabi sharhlari butun Islom olamida e'tiborlidir.
Mazhabimizning buyuk allomasi Mulla Ali Qori Imom Abu Hanifa, Sufyon Savriy va Fuzayl ibn Iyoz kabi allomalarning yo'lidan borib, hayotda duch kelgan masalalarga asosli javoblar bergan. Olim ilm va ibodatda sobitqadam va mo''tadil bo'lgan.
Manbalarda u zotning mohir hattot bo'lganligi ham aytiladi. Alloma miskin va muhtojlarga ko'p yordam bergan, halol rizq istab, tarjima ishlari bilan shug'ullangan[2]. Alloma asarlarini tarjima qilgan kishilar aytishicha, u zot har yili bir marta chiroyli xat bilan Mushafni to'lig'icha ko'chirib, tushgan pulni ro'zg'orga ishlatar ekan. Shayx Abdulhalim No''moniy «al-Imomi Aliyul Qori va asarihi fi ilmil hadis» asarida: "Alloma Qur'oni karimni har olti oyda (bir yilda ikki bor) to'la ko'chirar, birining pulini Haramdagi faqir-miskinlarga sadaqa qilar, ikkinchisinikini ehtiyojlariga sarflar edi", deb yozadi.
Hazrat Mulla Ali Qori hanafiy hijriy 1014 yili shavvol oyining 14 kuni Makka shahrida vafot etadi. Ba'zi rivoyatlarda allomaning Makka hududidagi «Muallat» degan joyga dafn kilingani aytiladi.
Abduvohid O'ROZOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
[1] “Hulasatul asar”. 3-j., 185-b.; “Samatun nujum”. 4-j.,393-b.
[2] “Mirqotul Mafotih”. Bayrut, 1971. 1-j., 27-b.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qalbim sururi, ko‘zim quvonchi bo‘lgan aziz farzandim! Siz dunyoga kelganingizda mendanda baxtli inson yo‘q edi. Ilk bor mustaqil qadam bosganingiz, “dadajon” deb, erkalanganingiz, telefon qilib “dada uyga qachon kelasiz?” deganingiz kechagidek yodimda.
Ko‘z ochib yumguncha bir zumda ulg‘aydingiz... Maktabda tengqurlaringiz orasida tarbiyangiz bilan ajralib turardingiz.
Yoshligingizdan orzu qilgan institutning talabasi bo‘lish baxtiga erishsin deya kechalari onangizning yig‘lab qilgan duolari, “Allohim farzandimga manfaatli ilm bergin” deb qilgan iltijolarim ijobat bo‘lganini eshitganimda ko‘z yoshlarimni tiyolmagandim. Yuzlab qorako‘zlar ichidan talaba bo‘lish baxti sizga nasib bo‘lgani uchun Robbimga hamdlar aytdim.
Mana oradan 4 yil o‘tdi. Bugun bu fayzli va muborak dargohni tark etmoqdasiz.
Ey Farzandim! Bugun fursatdan foydalanib, Sizga kichik bir nasihatni qilmoqchiman. Unga umringizning oxirgi lahzalarigacha amal qilishingizga Alloh tavfiq berishini so‘rab qolaman.
Aziz dilbandim! Siz endigina 4 bahorni ko‘rgan bolakay edingiz. Jajji qo‘llaringizdan tutib sizni bog‘chaga olib ketardim. Shunda do‘kondagi mashina o‘yinchog‘ini ko‘rib qolib, olib bering deb rosa xarxasha qilgandingiz. Olib berishni juda istardimku, ammo afsuski oldimda shu kichkinagina o‘vinchoqni olib berishga ham pulim yo‘q edi....Jonimni so‘rashsa sizga berishga tayyorman bolam... o‘zimdan afzal inson bo‘lishingiz uchun bor imkoniyatimni ishga solib harakat qilaman. Ba’zan duoda o‘zimni unutsamda, sizni aslo unutmayman.
Oradan yillar o‘tib, Rasulimiz alayhissalomning sunnatlariga muvofiq nikoh to‘yingizni o‘tkazdik. Shu kuni sizni muborak etgani so‘zga chiqqanimda sizga mendan arazlab, hatto gaplashmay qo‘yishingizga sababchi o‘sha kichkina mashinani topshirganimda juda uyalib, yuzlaringiz qizarib ketgandi...
Jonim bolam, niyatim sizni uyaltirish emas... Sizga faqat yaxshiliklarni tilayman. Sizga butun umringiz va oxiratingiz uchun kerak bo‘ladigan muhim bir saboqni amaliy tarzda yetkazgim keldi, xolos...
Unutmangki, kunlar o‘tib Allohning huzuriga qaytarilasiz. Bir kun aniq Robbimizning oldida turamiz. Alloh taolo har birimizning qilgan amalimizni birma-bir hisob-kitob qiladi. Shunday kunda ummati Muhammad bo‘lgan siz dilbandim amallaringizning juda oz va kichkinaligi bilan butun xaloyiqning oldida uyalib qolmang! Buning uchun har bir amalingizni xolis Alloh taolo uchun qiling! Hech kimni g‘iybat qilmang, boshqalarga hasad qilmang!
Unutmangki, siz Alloh taoloning dinini yetkazishdagi omonatdorsiz. Ulug‘ zotlarga ilm beshigi bo‘lgan institutning vakilisiz. Siz ularga so‘zsiz munosib bo‘lishingiz kerak. Zero, xalqimiz muborak Islom dinimizni – imom timsolida ko‘radi.
Bizni zalolatdan hidoyatga, zulmatdan yorug‘likka, jaholatdan ma’rifatga, baxtsizlikdan saodatga olib chiqqan, bu yo‘lda mollarini ham, jonlarini ham ayamagan, hamisha faqat biz bevafo ummatning g‘amida bo‘lgan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nimaga buyurgan bo‘lsalar shuni mahkam tuting, nimadan qaytargan bo‘lsalar undan tiyiling. Hadislarini yodlashga haris bo‘ling, hayotlari, sifatlari, xulqlari va yo‘llarini ko‘proq o‘rganing va ularga amal qiling.
Aslo erishgan yutug‘ingiz bilan cheklanib qolmang. Kimdir yoki nimadir uchun ilm olmang. Eng muhimi – ilm ibodat ekanini unutmang!
Qur’onni qo‘lingizdan qo‘ymang. Qur’onga muhabbatli bo‘ling!
Jigarporam, musofirchilik, ota-onadan uzoqda yurish, ularga bo‘lgan mehrni ham uzoqlashtirmasin. Unutmangki, biz sizni yaxshi ko‘ramiz, siz bizning hamisha qalbimizda, duolarimizdasiz.
Sizni ko‘rishimiz bolaligingizni, baxtli onlaringizni, quvonch bilan yugurib quchog‘imizga o‘zingizni otishingizni yodimizga soladi.
Siz kelmay qo‘ysangiz bizning yuraklar siqilib, sog‘inchdan va xavotirdan jam bo‘lmaydi.
Sizdan yagona iltimosimiz shuki, duolaringizda doimo eslab, Alloh taolodan bizga rahm-shafqat so‘rang. Qaniydi, Jannatda barcha ota-onalar qatorida turganimizda ismlarimiz bilan chaqirilib, “farzandingiz Qur’on yodlab, qilgan solih amallari uchun sizga mukofot – izzat toji kiydiriladi” deganini eshitsak edi... Bu bizning eng buyuk orzuimiz.
Alloh taolo barchamizni jannatda birga qilsin! Izzat tojini kiyadigan zotlardan qilsin! Omiyn.
Davron NURMUHAMMAD