Nafsning bu illatiga uchragan inson faqat o'zi to'g'ri deb hisoblagan taxmin hamda xulosalari asosida Alloh taoloning amr va taqiqlarini bajarishdan qocha boshlaydi.
Muolaja uslubi
Bu balodan qutilishning yagona yo'li – ilm egallash. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg'ambarga va o'zingizdan bo'lgan ishboshilarga itoat qiling. Biror narsa haqida tortishib qolsangiz, agar Alloh va oxirat kuniga iymon keltirgan bo'lsangiz, uni Allohga va Payg'ambarga qaytaring. Ana shunday qilish xayrli va oqibati yaxshidir”(Niso surasi, 59-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, deganlar (Imom Ahmad, Ibn Moja rivoyati).
Boshqa hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar: “Kim ilm talabida yulga chiqsa, Alloh taolo unga jannat yulini oson qiladi”(Imom Muslim rivoyati).
Hazrat Ali karramallohu vajhahu aytadilar: “Insonlarning eng qadri ozi – ilmi ozidir”.
Hasan Basriy rahimahulloh: “Ilmdan bir bobni o'rganib biror musulmonga o'rgatishim men uchun butun dunyoni Allohni yo'lida sadaqa qilishimdan yaxshiroqdir”, deganlar.
Shuningdek, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: “Kechasi bir soat ilm o'qish kechasi ibodat qilib chiqishdan ko'ra Allohga suyukliroqdir”.
Allohning kalomi Qur'oni karim – ilm manbai. Uning nomlaridan biri “Ummul 'ulum”dir (ilmlar onasi). Qur'onning har bir oyatida yashiringan hikmatlar, siru asrorlar to qiyomatgacha insoniyatni hidoyatga, ilmu irfonga, ma'rifatga chorlayveradi. Uni o'rganishdan olimlar charchamaydi, takrorlashdan ma'nolari eskirmaydi, ilhom va hayratga sabab bo'laveradi.
Qur'on oyatlarini eshitish, insu jin, butun borliqning qalbini larzaga keltiradi. Jinlar ilk bor Qur'oni karimning oyatlarini tinglaganlarida bunday dedilar: «Ular (Qur'on tilovatiga) hozir bo'lishgach, (bir-birlariga): “Jim turinglar”, dedilar. (Tilovat) tugatilgach, o'z qavmlariga ogohlantiruvchi bo'lib qaytib ketdilar. Ular: “Ey qavmimiz, haqiqatan, bizlar Musodan keyin nozil qilingan, o'zidan oldingi (Ilohiy Kitob)larni tasdiqlovchi, Haq (Din)ga, to'g'ri yo'lga hidoyat qiladigan bir Kitob – Qur'onni tingladik. Ey qavmimiz, Allohga chaqiruvchi (Muhammad da'vati)ni qabul qilinglar, unga imon keltiringlar. (Shunda Alloh) gunohlaringizni mag'firat qiladi, sizlarga alamli azobdan panoh beradi. Kim Allohga da'vat etuvchini qabul qilmasa, u er yuzida (biron joyga) qochib qutiluvchi emas. Uning uchun (Allohdan) o'zga do'stlar ham yo'qdir. Ana o'shalar ochiq zalolatdadirlar»(Ahqof surasi, 29-32-oyatlar).
Qur'onga amal qilganlar ajr-mukofotlar oladilar, unga muvofiq qaror qilganlar xato qilmaydi, unga chaqiruvchilar eng to'g'ri yo'lga chorlaydilar.
Zunnun al-Misriy rahimahulloh aytadilar: “Alloh taolo Islom dinini ilm bilan ziynatladi”.
Abu Abdurahmon as-Sulamiyning
“Nafs illatlari va ularning muolajasi” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati