Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

Bilim o'rniga taxminlar - 54 qism

02.11.2023   3318   4 min.
Bilim o'rniga taxminlar - 54 qism

Nafsning bu illatiga uchragan inson faqat o'zi to'g'ri deb hisoblagan taxmin hamda xulosalari asosida Alloh taoloning amr va taqiqlarini bajarishdan qocha boshlaydi.

Muolaja uslubi

Bu balodan qutilishning yagona yo'li – ilm egallash. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg'ambarga va o'zingizdan bo'lgan ishboshilarga itoat qiling. Biror narsa haqida tortishib qolsangiz, agar Alloh va oxirat kuniga iymon keltirgan bo'lsangiz, uni Allohga va Payg'ambarga qaytaring. Ana shunday qilish xayrli va oqibati yaxshidir(Niso surasi, 59-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, deganlar (Imom Ahmad, Ibn Moja rivoyati).

Boshqa hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar: “Kim ilm talabida yulga chiqsa, Alloh taolo unga jannat yulini oson qiladi”(Imom Muslim rivoyati).

Hazrat Ali karramallohu vajhahu aytadilar: “Insonlarning eng qadri ozi – ilmi ozidir”.

Hasan Basriy rahimahulloh: “Ilmdan bir bobni o'rganib biror musulmonga o'rgatishim men uchun butun dunyoni Allohni yo'lida sadaqa qilishimdan yaxshiroqdir”, deganlar.

Shuningdek, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: “Kechasi bir soat ilm o'qish kechasi ibodat qilib chiqishdan ko'ra Allohga suyukliroqdir”.

Allohning kalomi Qur'oni karim – ilm manbai. Uning nomlaridan biri “Ummul 'ulum”dir (ilmlar onasi). Qur'onning har bir oyatida yashiringan hikmatlar, siru asrorlar to qiyomatgacha insoniyatni hidoyatga, ilmu irfonga, ma'rifatga chorlayveradi. Uni o'rganishdan olimlar charchamaydi, takrorlashdan ma'nolari eskirmaydi, ilhom va hayratga sabab bo'laveradi.

Qur'on oyatlarini eshitish, insu jin, butun borliqning qalbini larzaga keltiradi. Jinlar ilk bor Qur'oni karimning oyatlarini tinglaganlarida bunday dedilar: «Ular (Qur'on tilovatiga) hozir bo'lishgach, (bir-birlariga): “Jim turinglar”, dedilar. (Tilovat) tugatilgach, o'z qavmlariga ogohlantiruvchi bo'lib qaytib ketdilar. Ular: “Ey qavmimiz, haqiqatan, bizlar Musodan keyin nozil qilingan, o'zidan oldingi (Ilohiy Kitob)larni tasdiqlovchi, Haq (Din)ga, to'g'ri yo'lga hidoyat qiladigan bir Kitob – Qur'onni tingladik. Ey qavmimiz, Allohga chaqiruvchi (Muhammad da'vati)ni qabul qilinglar, unga imon keltiringlar. (Shunda Alloh) gunohlaringizni mag'firat qiladi, sizlarga alamli azobdan panoh beradi. Kim Allohga da'vat etuvchini qabul qilmasa, u er yuzida (biron joyga) qochib qutiluvchi emas. Uning uchun (Allohdan) o'zga do'stlar ham yo'qdir. Ana o'shalar ochiq zalolatdadirlar»(Ahqof surasi, 29-32-oyatlar).

Qur'onga amal qilganlar ajr-mukofotlar oladilar, unga muvofiq qaror qilganlar xato qilmaydi, unga chaqiruvchilar eng to'g'ri yo'lga chorlaydilar.

Zunnun al-Misriy rahimahulloh aytadilar: “Alloh taolo Islom dinini ilm bilan ziynatladi”.

Abu Abdurahmon as-Sulamiyning
“Nafs illatlari va ularning muolajasi” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

13.08.2026   3516   3 min.
Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.

«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.

Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.

«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.

Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.

«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.

Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari