Shayx Ali Tantoviy hazratlari: «Saxovat, ehson ko‘rsatib Allohning rahmati yog‘ilishiga harakat qiling hamda sadaqa bilan musibatlarni daf eting», degan.
Haqiqatan, Ramazonning so‘nggi dahasi ham xayrli amallarga boy kechmoqda. Viloyatdagi barcha masjidlar imom-xatiblari, noiblar homiylarni ham ezgu ishga jalb qilib, hududlardagi kam ta’inlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand, nogironligi bor xonadonlarga kirib borib, ularga ehsonlar tarqatishyapti.
* * *
Yangiyo‘l tumani bosh imom-xatibi Qamariddin domla Qambarov homiylarni jalb qilgan holda 50 ta kam ta’minlangan oilaga 1 qopdan un, 5 litrdan yog‘ berdi. Buning uchun jami 85 million so‘m sarflandi.
Shuningdek, 20 ta kam taminlangan oilaga 5 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
* * *
Toshkent tumani «Mirxalil hoji ota» jome masjidi imomi Ulug‘bek domla homiylarni jalb qilgan holda Yangiyo‘l, Toshkent va Chirchiq tumanlaridan 180 ta yetim va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga oziq-ovqat mahsulotlari berdi.
* * *
Parkent tumani bosh imom-xatibi Mirshavkat domla To‘ychiyev saxovatpesha insonlar ko‘magida 10 ta oilaga jami 5 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatdi.
Tumandagi «Boyqozon» jome masjidi imomi V.G‘ulomov homiylarni jalb qilgan holda 10 ta xonadonga 3 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berdi.
* * *
O‘rta Chirchik tumani «Tuya bo‘g‘iz» masjidi imomi saxovatli insonlar yordami ila o‘n million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari haqdorlarga yetkazib berildi.
Shuningdek, tuman bosh imomi J.Turonov «Yangi yo‘l» mahallasida yashovchi bir oilaga 500 ming so‘mlik, «Yuqori ovul» mahallasilik ijtimoiy himoyaga muhtoj bir kishiga ham 500 ming so‘m ehson berdi.
* * *
Oqqo‘rg‘on tumani masjidlari ma’muriyati ham 30 ta oilaga 12 million so‘mlik ehson tarqatdi.
* * *
Yuqori Chirchiq tumani «Sakson ota» jome masjidi imomi Sulaymon O‘sarov boshchiligida homiylar saxovatidan foydalanib to‘rtta xonadonga 4 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
* * *
Alloh taolo ehsonlarning savobini ko‘paytirib bersin.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati