Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Qur'onni to'g'ri tilovat qilish juda ham muhim bo'lgani uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har yili Jabroil alayhissalomga uni o'qib berib, o'tkazib turganlar.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«... Jabroil alayhissalom Ramazonning har kechasida Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bilan uchrashib, Qur'onni bir birlariga o'zaro o'qib berar edilar».
Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Ulamolar ushbu hadisni sharhlab shunday deyishgan: Jabroil alayhissalomning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan dars qilishining sababi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur'onni tajvid bilan o'qish va harflarini o'z maxrajidan chiqarishni o'rgatish hamda ummatga Qur'onni ustozdan og'izma-og'iz o'tkazib olish lozim ekanini bildirish uchun bo'lgan. Chunki Qur'on mustaqil o'rganiladigan kitob emas. Balki shogird ustozdan og'izma-og'iz ta'lim olib o'rganishi farz bo'lgan kitobdir.
Har bir musulmon kishi Qur'on o'qishni bilishi zarur bo'lgani uchun balog'atga etmagan yosh bolalarga Qur'oni Karimni tahoratsiz ushlashga ruxsat berilgan. Buning sababi agar Qur'on yodlayotgan yosh bolalar ham tahoratga buyurilsa, ular tahorat qilishga malollanib, Qur'on o'qishdan to'silib qoladi. Qur'onni yodlash o'ta ahamiyatli bo'lgani bois bolalar Qur'ondan uzoqlashib ketmasin deb, dinimiz yosh bolalarga Qur'onni tahoratsiz ushlashga ruxsat berdi.
Hammamiz yaxshi bilamizki, namozda Qur'onning qiroati namozning rukni hisoblanadi. Shuning uchun namozning qiroatida yo'l qo'yilgan ba'zi bir xatolar namozni buzadi. Bizning og'riqli nuqtalarimizdan biri shuki, ayrim namozxonlar namozning qiroati va ba'zi zikrlarini to'g'ri talaffuz qilmaydilar. Qiroat, sano, takbir va hakozolardagi ba'zi kamchiliklar namozni butkul buzib yuboradi. Bunga aslo bee'tibor bo'lmang!!!
Qudratulloh Sidiqmetov
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati