Yurtimizda ziyorat turizmiga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan alohida e'tibor natijasida turli tashkilotlarning xodimlari tabarruk qadamjolarni ziyorat qilishi an'ana tusiga kirdi.
Toshkent viloyati Adliya boshqarmasi hamda Chinoz tumani Adliya bo'limi mutasaddilari tashabbusi bilan bir guruh yoshlar bugun Zangiota ziyoratgohiga kelishdi.
Chorshanba qabul kuni munosabati bilan ziyoratchilarni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov iliq kutib olib, ularga ziyorat odoblari, ona-onaga hurmat-ehtirom, Vatanga sadoqat, yurtga muhabbat mavzusida suhbat qilib berdi.
Haqiqatan, Islomda ziyorat ibodat ekani ta'kidlanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam onalarining qabrlarini ziyorat qildilar va yig'ladilar. Hatto atrofidagilarni ham yig'latdilar».
Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men sizlarni qabrlar ziyoratidan qaytargan edim. Endi ularni ziyorat qilaveringlar”, deb marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyati).
Yoshlar Zangiota hamda Anbar ona maqbaralarini ziyorat qilishdi. Ulug'larimiz haqlariga Qur'oni karim oyatlaridan tilovat qilindi.
Darqove, yoshlarning tabarruk qadamjolarni, muazzam obidalarni ziyorat qilishlari ular o'rtasida buyuk ajdodlarimizga ehtirom, ular qoldirgan bebaho ma'naviy merosni o'rganishga qiziqishni yanada orttiradi.
Jasurbek domla ziyoratchilarga diniy-ma'rifiy mavzularda kitoblarni hadya qildi.
Yoshlar ziyoratdan bir olam taassurotlar bilan qaytib ketishdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matubot xizmati
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Sayyid Yahyo Bokuviyning boy ma’naviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yopilish marosimi ramziy ma’noga ega bo‘lgan tarixiy Ag‘dam shahrida o‘tkazildi. Unda turkiy davlatlar, arab-musulmon mamlakatlari diniy peshvolari, ulamolar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugungi murakkab davrda tinchlik va hurlik eng bebaho ne’mat ekanini alohida ta’kidlab, ummat birligi, hamjihatlik va diniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash zaruratiga to‘xtaldilar. Shuningdek, davlat Rahbarlari o‘rtasidagi samimiy birodarlik va oliy darajadagi o‘zaro tashriflar xalqlarimiz tarixida yangi sahifa ochganini e’tirof etdilar.
Yig‘ilishda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ham so‘zga chiqib, yaqinda bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon yetakchisining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va imzolangan "Abadiy do‘stlik shartnomasi" qardoshlik munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi.
Anjuman yakunida Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda janoblarining taklifiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilganlar va butun islom ummati haqqiga xayrli duolar qildilar. Muftiy hazratlari o‘z duolarida el-yurtlarimiz tinchligi, mamlakatlarimiz farovonligi hamda anjumanda ko‘tarilgan muhim masalalar musulmonlar va butun ummat manfaati uchun xizmat qilishini Haq taolodan so‘radilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati