لِّلَّذِينَ يُؤۡلُونَ مِن نِّسَآئِهِمۡ تَرَبُّصُ أَرۡبَعَةِ أَشۡهُرٖۖ فَإِن فَآءُو فَإِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٞ رَّحِيمٞ٢٢٦
226. Hotinlariga yaqinlashmaslikka qasam ichganlarga kutish to'rt oydir. Agar qaytishsa, Alloh albatta kechiruvchi, rahmlidir.
Ya'ni, kim "xotinimga yaqinlashmayman" deb qasam ichsa (ya'ni iylo qilsa), to'rt oy ichida xotiniga yaqinlashsa, ichgan qasamiga kafforat beradi va xotini nikohida qolaveradi. Lekin qasamdan keyin to'rt oy o'tib ketsa, bu holatda xotini taloq qilingan bo'ladi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xotinlarini iylo qildilar, ya'ni bir oy birga turmayman, deb qasam ichdilar. Oyoqlari yorilib (sinib) ketgan bo'lib, xonalarida yolg'iz o'zlari yigirma to'qqiz kun turdilar. Keyin ayollarining huzuriga kirdilar. Shunda ular: "Ey Allohning Rasuli, bir oyga qasam ichgan edingiz-ku!" deyishdi. U zot: "(Bu) oy yigirma to'qqiz kundir", dedilar". Nofe'dan bunday rivoyat qilinadi: "Ibn Umar roziyallohu anhumo iylo haqida so'zlab: "Erlar Alloh taolo amriga muvofiq xotinlarini idda muhlati tugaganidan so'ng yaxshilik bilan nikohlarida saqlab turishlari yoki taloq qilishga azm qilishlari lozim bo'ladi", degan" (Buxoriy rivoyati).
وَإِنۡ عَزَمُواْ ٱلطَّلَٰقَ فَإِنَّ ٱللَّهَ سَمِيعٌ عَلِيمٞ٢٢٧
227. Agar taloqni qasd qilishsa, Alloh albatta eshituvchi, biluvchidir.
Agar erning qasamidan keyin to'rt oydan o'tib ketsa, ular orasiga taloq tushadi. Bunda taloq qasd qilingan bo'lsa, albatta ajralishlari lozim, chunki Alloh taolo bandalarining qalbida kechayotgan, ular niyat qilgan narsalarni eshituvchi va biluvchidir. Nofe' aytadi: "Ibn Umar: "Agar xotinini iylo qilganiga to'rt oydan oshsa, uni taloq qilguniga qadar uyida ushlab turadi. Bunda to taloq qilguniga qadar xotini taloq hisoblanmaydi", deganlar" (Buxoriy rivoyati).
“Iylo” so'zi lug'atda «qasam ichish, qasam bilan biror narsadan kechish» ma'nolarini bildiradi. Shariatda esa erning to'rt oy va undan ko'proq muddatga xotini oldiga kirmaslik va unga jinsiy yaqinlik qilmaslikka Alloh nomi bilan qasam ichishi «iylo» deyiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan birini iylo qilganlari haqida Ummu Salama onamizdan sahih hadis rivoyat qilingan. To'rt oydan oz muddatga qasam ichish iylo emas. Iyloning sharti erning taloqqa salohiyatli bo'lishi va ayolning ham nikohli bo'lishidir. Bolaning va telbaning iylosi haqiqiy emas. Qur'oni karim oyati bilan (Baqara, 226-227) bu hukmni joriy qilish ila Islom xotinlar ustidan johiliyatning yana bir zulmini olib tashladi.
Yurtimizdagi jome masjidlarda 2025 yil 6 iyun juma kuni Qurbon hayiti namozi o‘qiladi. Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi jome masjidlarda ertalab soat 05:10 da Qurbon hayiti namozi o‘qiladi.
Respublikamiz hududlarida Qurbon hayiti namozi jome masjidlarda quyidagi vaqtlarda ado etiladi:
Andijon 05:00
Namangan 05:00
Farg‘ona 05:00
Toshkent sh. 05:10
Toshkent v. 05:10
Sirdaryo 05:20
Jizzax 05:20
Samarqand 05:20
Surxondaryo 05:25
Qashqadaryo 05:25
Navoiy 05:30
Buxoro 05:30
Xorazm 05:45
Qoraqalpog‘iston Res. 05:50
Ushbu jadvalda ko‘rsatilgan vaqtlar quyosh chiqqanidan keyin 15-20 daqiqalik farqni inobatga olib belgilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati