بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ وَكَفَى، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ ومَن اِهْتَدَى، أَمَّا بَعْدُ
NIKOH RIShTASI UZILMASIN!
Muhtaram jamoat! Oila insoniyat tarixining hamma davrlarida jamiyatning negizi hisoblangan. Har bir inson axloq-odob va ijtimoiy munosabatlarni oilada o'zlashtiradi hamda shunga muvofiq insoniy fazilatlarni namoyon etadi. Barkamol insonni shakllantirish, uni hayotga tayyorlash va ezgulikka yo'naltirish – oilaning muqaddas vazifasidir. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo'lsa, jamiyat mustahkam, turmush yanada farovon bo'ladi.
Alloh taolo oila qurib yashash insoniy fitratga muvofiq ekanini eslatib, Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:
وَمِنْ آَيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً
ya'ni: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratgani va o'rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir” (Rum surasi 21-oyat).
Nikoh – Islomdagi eng muqaddas tushunchalardan biri. Chunki aynan nikoh bitimi tufayli boshqa-boshqa xonadonda, o'zga sharoitlarda voyaga etgan ikki yosh bir oila bo'lib yashay boshlaydilar. Payg'ambarimiz alayhissalom hadisi shariflarida nikohlanishga targ'ib qilib shunday deganlar:
"يَا مَعْشَرَ الشَّبَابِ مَنْ اسْتَطَاعَ منكُم الْبَاءَةَ فَلْيَتَزَوَّج، فَإِنَّهُ أَغَضُّ لِلْبَصَرِ، وَأَحْصَنُ لِلْفَرْجِ، وَمَنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَعَلَيْهِ بِالصَّوْمِ فَإِنَّهُ لَهُ وِجَاءٌ"
(رَوَاهُ الإمَامُ البُخَارِيُّ عَنْ ابْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه)
ya'ni: “Ey, yoshlar jamoasi sizdan kim nikohga qodir bo'lsa, uylansin. Albatta, u ko'zni to'suvchi va farjni saqlovchidir. Kim qodir bo'lmasa, ro'za tutsin, bu uning uchun (haromdan) saqlanishidir" (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Milliy qadriyatlarimizga ko'ra, ota-onalarning yosh kelin-kuyovlarga oilaviy turmush haqida pand-nasihat qilishlari, o'z hayotiy tajribalarini so'zlashlari odat tusiga kirgan. Bu ham aslida dinimizdagi go'zal odatlaridan hisoblanadi. Buyuk sahoba Anas ibn Molik raziyallohu anhu: “Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning sahobalari yangi kelinlarga erining hurmatini va xizmatini qilishga buyurishar edi”, – deganlar.
Muhtaram jamoat! Nikoh va oilaga aloqador bo'lgan muhim bir shar'iy masala – taloq masalasidirki, bugungi kunda ba'zilar ushbu nozik masalaga engil qaramoqdalar. Bilib-bilmay, arzimagan oilaviy mojaro sababli o'z jufti haloliga nisbatan “taloq” lafzini ishlatib qo'ymoqdalar.
“Taloq” so'zi aytilganda nikoh buziladi. Aslida, taloq – eng oxirgi chora sifatida joriy qilingan bo'lib, Alloh taologa xush kelmasligi hadisi shariflarda vorid bo'lgan. Bu haqida Payg'ambarimiz alayhissalom marhamat qilganlar:
"أَبْغَضُ الْحَلاَلِ إِلَى اللهِ الطَّلاَقُ"
(رَوَاهُ الإمَامُ أَبُو دَاوُدَ عَنْ ابْنِ عُمَرَ رضي الله عنه)
ya'ni: “Halol narsalar ichida Alloh uchun eng noxush narsa – taloqdir” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Ba'zi erlar o'zlari va oilalariga baxtsizlik va mushkulot yo'lini tutib, shariat hukmlariga xilof tarzda “taloq” so'zini ko'p va bo'rttirib qo'llash holatlari avj olmoqda. Aslida bu – ulkan ma'siyat va haddan oshishdir. Mahmud ibn Labid raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi shariflarda shunday deyilgan:
"أُخْبِرَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم عَنْ رَجُلٍ طَلَّقَ اِمْرَأَتَهُ ثَلَاثَ تَطْلِيقَاتٍ جَمِيعًا، فَقَامَ غَضْبَانَ ثُمَّ قَالَ: "أَيُلْعَبُ بِكِتَابِ اَللَّهِ تَعَالَى، وَأَنَا بَيْنَ أَظْهُرِكُمْ" حَتَّى قَامَ رَجُلٌ، فَقَالَ: "يَا رَسُولَ اللَّهِ أَلَا أَقْتُلُهُ"
(رَوَاهُ الإمَامُ النَّسَائِيُّ عَنْ مَحْمُودِ بْنِ لَبِيدٍ رضي الله عنه)
ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga xotinini uchta taloqni jamlab taloq qilgan kishi haqida xabar berildi. U Zot g'azabnok holda o'rnilaridan turib: “Men oldilaringizda bo'lsam-u, Alloh taoloning Kitobi bilan o'ynashiladimi?!”, – dedilar. U Zotning qattiq g'azablanganlaridan hatto bir kishi o'rnidan turib: “Yo Rasululloh, uni o'ldiraymi?” – deb yubordi” (Imom Nasaiy rivoyatlari).
Taloqni ermak qilish, bo'lar-bo'lmas sabablar bilan ayolni taloq qilaverish juda katta kulfatlarga, oilaviy baxtsizliklarga sabab bo'lishini unutmasligimiz zarur. Tilga erk berib, noo'rin “taloq” so'zini aytgan yoxud unda haddidan oshib, bir lafzda “uch taloq”, “ming taloq” yoki “qum taloq” kabi iboralar ila xotiniga taloq qilgan kishi ulkan gunohni amalga oshirgan, Alloh taoloning g'azabiga duchor bo'lib, shaytonni xursand qilgan bo'ladi.
Hozirgi kunda shariatdan bexabar ba'zi erlar ayollari bilan munosabatlari buzilsa, “Men endi ayolim bilan yashamayman, uni nafaqa bilan ham ta'minlamayman, talog'ini ham bermayman”, deydi. Bunda ayol na oilali bo'lmay, na eridan ajrala olmay, yillab arosatda qolib ketmoqda. Bunday qilishdan qaytarib Alloh taolo “Baqara” surasida shunday degan:
وَلَا تُمْسِكُوهُنَّ ضِرَارًا لِتَعْتَدُوا وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ فَقَدْ ظَلَمَ نَفْسَهُ وَلَا تَتَّخِذُوا آَيَاتِ اللَّهِ هُزُوًا
ya'ni: “...Ularga zulm qilib, zararlantirish niyatida ushlab turmang! Kim shunday qilsa, demak, o'ziga zulm qilibdi. Allohning oyatlarini hazil bilmangiz!...” (Baqara surasi 231-oyat).
Ayollarga bunday zulm qilish shariatimizning barcha ko'rsatmalariga ziddir.
Muhtaram azizlar! Oilaviy hayot kechirish dinimiz ko'rsatmalariga muvofiq bo'lsa, u haqiqatda mustahkam va bardavom bo'ladi. Bugungi kunda juma maruzalari, davra suhbatlari, ommaviy axborot vositalari va turli tadbirlarda oilaning muqaddasligi, uni asrab avaylash zururligi, er-xotinning o'zaro haq-huquqlari kabi oilaga bog'liq masalalar haqida suhbatlar olib borilmoqda. Lekin ming afsuski, jamiyatda oilaviy ajrimlar tez-tez uchrab turibdi. Bu ajrimlarning o'ziga yarasha sabablari mavjud bo'lib, quyida ulardan ba'zilarini keltiramiz:
"مَانَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ"
( رَوَاهُ الأمام التِّرْمِذِيُّ عَنْ سَعِيدِ بْنِ الْعَاصِ رضي الله عنه)
ya'ni: “Ota o'z farzandiga yaxshi odobdan ko'ra afzalroq narsa hadya qila olmaydi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا
ya'ni: “Ular bilan totuv turmush kechiringiz! Agar ularni yomon ko'rsalaringiz, (bilib qo'yingki,) balkim sizlar yomon ko'rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko'pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (Niso surasi 19-oyat).
Bu borada Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"لَا يَفْرَكْ مُؤْمِنٌ مُؤْمِنَةً إِنْ كَرِهَ مِنْهَا خُلُقًا رَضِيَ مِنْهَا آخَرَ"
(رواه الإمام مسلم)
ya'ni: “Mo'min er mo'mina xotindan nafratlanmasin, agar uning bir xulqini yomon ko'rsa, boshqa xulqi tufayli undan rozi bo'ladi” (Imom Muslim rivoyatlari).
Demak, er xotinining ayrim fe'lidan g'azablansa, oilani buzishga shoshilmasligi, balki uning yaxshi odatlarini ham ko'z oldiga keltirib, shu bilan ko'nglini to'q qilib yurishi kerak ekan. Hozirgi paytda sabr, qanoat, bag'rikenglik, murosa kabi fazilatlar kamayib ketayotganday. Hozirda ba'zilarimiz oila qursa, tez fursatda uy-joyli bo'lsa, mashina olsada, darrov alohida uyli bo'lib, chiqib ketsa. Oila a'zolariga hurmat, qaynota-qaynonaning duolarini olish degan sharafli fazilatlarga e'tibor kamayib ketayotganday, go'yo.
قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ
ya'ni: “(Ey, Muhammad!) Mo'minlarga ayting, ko'zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo'l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir” (Nur surasi 30-oyat).
Fuzayl ibn Iyoz rahmatullohi alayh: “Baxtsizlikning nishonasi quyidagi narsalarda ko'rinadi: besharm va behayo bo'lish, ko'ngli qattiq va dag'al bo'lish, molu dunyoga haddan ortiq mukkasidan ketish”, – der edilar.
Azizlar! Mast qiluvchi ichimliklar, giyohvandlik, behayolik va zino kabi shariatimiz qattiq va qat'iy qaytargan ishlarni qilish oqibatida ham juda ko'p oilalar buzilmoqda. Nogiron farzandlar dunyoga kelmoqda. Ba'zi erkaklar ichkilikbozlik yoki giyohvandlikni odat qilib, oila tinchligiga putur etkazadi, oxiri taloq vujudga kelib, oila parokanda bo'ladi. Natijada xotin beva, bolalar esa tirik etimga aylanadi. Gunoh ustiga gunoh bo'lib, oila buzilishi qarindoshlar notinchligi, jamiyat zaiflashuviga olib keladi.
Shunday ekan, barchamiz birgalikda ushbu omillarning oldini olishimiz lozim. Farzandlarimizga oila madaniyati va oilaviy munosabatlarni yoshlik paytidanoq o'rgatib borishimiz kerak. Shunda oilalarimiz tinch, hayotimiz farovon, yurtimiz obod va jamiyatimiz ma'nan sog'lom bo'ladi, inshaalloh.
Alloh taolo barchalarimizni farzandlarimizning baxt-saodati yo'lida fidoyilik ko'rsatib, ularga hayotiy tajribalarimizni erinmay o'rgatadigan ota-onalardan bo'lishga muvaffaq qilsin! Omin!
Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “Nafs tarbiyasi – saodat kaliti” haqida bo'ladi, inshaalloh.
2025 yil 10 iyul kuni Qur’oni Karim xodimi, ustoz, shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum boshchiligida «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi xodimlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasiga tashrif buyurishdi.
Ma’lumki, kutubxonada turli mavzudagi nodir qo‘lyozma asarlar, Qur’oni Karim qo‘lyozma nusxalarining namunalari saqlanadi. Mana shunday nodir manbalardan biri Hazrati Usmon mus'hafi hisoblanadi. Qur’oni Karimning ushbu noyob va qadimiy qo‘lyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi. Ushbu yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi qo‘llab quvvatlovi ostida xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Aksell Deleau va Koraliye Barbe, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar Usmon mus'hafini bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqib, kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarni berdilar. Jumladan, «yengil restavratsiya ishlari»ni amalga oshirishdan avval Hazrati Usmon Qur’oni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ushbu xayrli ishlarning davomi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi mudiri shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona mudiri Kamoliddin Mahkamov boshchiligida bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishda «Mo‘yi muborak» madrasa-muzeyida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mus'hafining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritilib, uni kelajak avlodlar asrab-avaylashga xizmat qiladigan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Hazrati Usmon Qur’oni sahifalari va fondda saqlanayotgan 1905 yilda Sankt-Peterburgda olingan nusxasini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirilib, kelgusida qilinadigan ishlar rejalashtirildi.
AlQuranuz