KO'P KULISh QALBNI O'LDIRADI
Ko'p kulish xaqida Alloh taolo marhamat qiladi:
﴿فَلۡيَضۡحَكُواْ قَلِيلٗا وَلۡيَبۡكُواْ كَثِيرٗا جَزَآءَۢ بِمَا كَانُواْ يَكۡسِبُونَ٨٢﴾
«Bas, (ular) qilmishlarining jazosi uchun (bu dunyoda) oz kulsinlar va (oxiratda) ko'p yig'lasinlar» (Tavba, 82).
Behuda gapirmaydigan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko'p kulishdan ham qaytarganlar. Bu so'zga e'tibor berib qarasak, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) faqat Alloh taolo tomonidan yuborilgan elchi emas, balki ishlarning zamirini o'rgatuvchi muallim, qalb kasalliklarining mohir tabibi edilar. U zot qalbga ishora qilib aytadilar: “Agar u sog'lom bo'lsa, butun vujud sog'lom bo'ladi, agar u buzilsa, jasad ham ayniydi”.
Boshqa bir o'rinda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Agar men bilgan narsalarni bilganingizda oz kulib, ko'p yig'lar edingiz”, dedilar.
Agar qalb ko'p kulish kasalligiga mubtalo bo'lsa, o'ziga keladigan nurlardan mahrum bo'ladi. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko'p kulishga ta'rif berar ekanlar, uni shaytonga ergashish va havoyi nafsga qul bo'lish, deb izohlaganlar. Birovlarni mazax qilishdan hazar qilish lozim. Umar ibn Abdulaziz aytganidek: “Mazax qilishdan tiyiling, chunki u ahmoqlik bo'lib, kek va adovat keltiradi”.
Hakimlardan biri mazaxga shunday ta'rif bergan: “Mazax bu so'kishdir, chunki mazax qiluvchi jiddiy holatda emas, balki kulib mazax qiladi”.
Hakim Mansur bunday deydi: “Mazax qilish olov o'tinni egani kabi kishi haybatini eb bitiradi. Kimning mazaxi ko'paysa, haybati kamayadi, kimning hazil qilishi ko'paysa, aqli kamayadi”.
Said ibn Os o'g'liga bunday vasiyat qildi: “Mazax qilma, chunki ko'p mazax qilish kishi qadrini ketkazadi va ahmoqlikka etaklaydi”.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men hazil qilsam ham faqat haqiqatni aytaman”, deganlar. U zot (sollallohu alayhi va sallam)ning hazillaridan ba'zilarini keltirib o'tish tarbiyaviy jihatdan kishi o'z haddini bilishida ibratdir.
Ansoriylardan bir keksa ayol Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, meni duo qiling. Alloh meni jannatga kiritsin”, dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bilmaysanmi, jannatga kampirlar kirmaydi”, dedilar. Kampir yig'lab yubordi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tabassum qilib: “Allohning ushbu oyatini o'qimaganmisan?”, deb oyatni o'qidilar:
﴿إِنَّآ أَنشَأۡنَٰهُنَّ إِنشَآءٗ٣٥ فَجَعَلۡنَٰهُنَّ أَبۡكَارًا٣٦ عُرُبًا أَتۡرَابٗا٣٧﴾
«Biz ularni (hur qizlarni) daf'atan paydo qildik (onadan tug'ilmadilar). Keyin ularni bokira qizlar qildik. (Ular) jozibali va tengqurdirlar» (Voqea, 35–37).
Shuningdek, yana bir ayol Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga erining ishi tufayli kelganida, u zot (sollallohu alayhi va sallam) ayoldan: “Ering kim?” deb so'radilar! Ayol: “Erim falonchi”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga: “Ko'zlarida oqi bor kishimi?” dedilar. Ayol: “Yo'q, unday emas”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ha, shunday”, dedilar. Ayol uyiga ketar ekan, yo'l-yo'lakay Rasululloh aytgan so'zni o'ylab ketdi. Uyiga etib borganida eri undan hol-ahvol so'radi. Ayol aytdi: “Mendan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) eringni ko'zida oqi bormi?, deb so'radilar”. Eri unga: “Ko'rmayapsanmi, kishi ko'zining qorasidan oqi kattaroq bo'ladi”, dedi (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا يَسۡخَرۡ قَوۡمٞ مِّن قَوۡمٍ عَسَىٰٓ أَن يَكُونُواْ خَيۡرٗا مِّنۡهُمۡ وَلَا نِسَآءٞ مِّن نِّسَآءٍ عَسَىٰٓ أَن يَكُنَّ خَيۡرٗا مِّنۡهُنَّۖ وَلَا تَلۡمِزُوٓاْ أَنفُسَكُمۡ وَلَا تَنَابَزُواْ بِٱلۡأَلۡقَٰبِۖ بِئۡسَ ٱلِٱسۡمُ ٱلۡفُسُوقُ بَعۡدَ ٱلۡإِيمَٰنِۚ وَمَن لَّمۡ يَتُبۡ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلظَّٰلِمُونَ١١﴾
«Ey mo'minlar! (Sizlardan) biror millat (boshqa) bir millatni masxara qilmasin! Ehtimol, (masxara qilingan millat) ulardan yaxshiroqdir. Yana (sizlardan) ayollar ham (boshqa) ayollarni (masxara qilmasin)! Ehtimol, (masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroqdir. O'zlaringizni (bir-birlaringizni) mazax qilmangiz va bir-birlaringizni laqablar bilan atamangiz! Imondan keyin fosiqlik nomi naqadar yomondir! Kim tavba qilmasa, bas, aynan o'shalar (gunoh ishlar bilan o'zlariga nisbatan) zulm qiluvchilardir» (Hujurot, 11).
Kulish va mazax to'g'risidagi vasiyat Umar va Ali (roziyallohu anhumo) so'zlari bilan yakunlanadi. Umar (roziyallohu anhu): “Kim ko'p kulsa, haybati kamayadi”, degan. Ali (roziyallohu anhu) esa: “Olim qattiq kulsa, uning ilmi susayib boraveradi”, degan.
MISKINLARNI YaHShI KO'RISh VA ULAR BILAN BIRGA O'TIRISh
Abu Zarr (roziyallohu anhu) orqali hazrat Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) ummatiga qilingan vasiyat “Miskinlarni yaxshi ko'rish va ular bilan birga o'tirish” jamiyatda tenglik va adolatni yuzaga chiqaradi. Ko'ngli yarimlar hayotda nima uchun yashayotganini anglab etadi. Qur'oni karim ta'biri bilan aytganda haqiqiy boy va behojat Yaratganning o'zidir. Alloh taolo marhamat qiladi:
﴿۞يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ أَنتُمُ ٱلۡفُقَرَآءُ إِلَى ٱللَّهِۖ وَٱللَّهُ هُوَ ٱلۡغَنِيُّ ٱلۡحَمِيدُ١٥﴾
«Ey insonlar! Sizlar Allohga muhtojdirsiz. Alloh esa, albatta, G'aniy (behojat) va Hamid (hamdga loyiq Zot)dir» (Fotir, 15).
Mol-dunyoning ko'pligi boylik emas, balki qanoat haqiqiy boylikdir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vasiyatlarida “miskin, kambag'al va beva-bechoralarni yaxshi ko'r va ular bilan birga o'tir”, deganlarining o'zi mo'min kishi uchun etarli. U zot (sollallohu alayhi va sallam) duolarida:
“الهمأحْيِنِيمِسْكِينًاوأَمِتْنِيمِسْكِينًاواحْشُرْنِيفِيزَمْرَةِالمَسَاكِينِ”
“Yo Alloh, meni miskin holda tiriltir, miskin holda vafot ettir va miskinlar guruhida qayta tiriltir”, deganlar (Ibn Moja rivoyati).
Hotamul Asam (rahmatullohu alayh) bunday dedi: “Kim to'rt narsani to'rt narsasiz da'vo qilsa, uning da'vosi yolg'ondir:
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) aytadi: «Bir kishi qalbi qattiqligidan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga shikoyat qildi. U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Yetimning boshini sila va miskinga taom ber”, dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).
Yetimning boshini silash va unga g'amxo'rlik ko'rsatish naqadar ulug' va savobli ish ekanini yaxshi bilamiz. Yetimlarga shafqat ko'rsatgan kishilarni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ham hurmat qilganlar. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Men jannat eshigini birinchi bo'lib ochuvchiman. Faqat bir ayol mendan ildamroq ekanini ko'raman. Undan: “Sen kimsan?” deb so'rayman. U: “Men o'z etimlarimga qarab o'tirgan ayolman”, deydi», dedilar (Imom Abu Ya'lo).
Luqmon o'g'liga nasihat qilib bunday dedi: “Ey o'g'ilcham, quyidagilarga amal qilmog'ing hikmatdir: o'lik qalbni tiriltirish, miskinlar ila o'tirish, podshohlar majlisidan yiroqlashib o'zni tiyish, past tabaqadagilarni sharaflash, qullarni ozod qilish, g'ariblarga boshpana berish, kambag'allarni behojat qilish sharafli kishi sharafini va sayyidning sayyidlik maqomini ziyoda qiladi va u moldan afzaldir, xavfdan saqlovchidir, foyda qilinayotgan paytdagi buyumdir, qo'rqinch o'rab turgandagi shafoatchidir, nafsda ishonch tugagan paytdagi dalolatchidir, kiyim yo'q paytdagi kiyimdir”.
Abu Zabya (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Abdulloh ibn Mas'ud (roziyallohu anhu) vafotidan sal oldin xastalanib qoldi. Bemorni ko'rishga kelgan Usmon (roziyallohu anhu) undan: “Seni nima bezovta qilyapti?”, deb so'radi.
– Gunohlarim.
– Ko'ngling nimani tusayotir?
– Rabbimning rahmatini.
– Senga bir tabib chaqiraymi?
– Aslida meni kasal qilgan Tabibdir.
– Senga bir oz maosh yozdirishimga ruxsat berasanmi?
– Maoshga ehtiyojim yo'q.
– Hech bo'lmasa, keyin qizlaringga tegadi-ku!
Shunda Abdulloh ibn Mas'ud (roziyallohu anhu): “Sen qizlarimni kambag'allikdan qiynaladi, deb xavotirdamisan? Men ularga har kecha Voqea surasini o'qishni tayinlaganman. Zero, Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Har oqshom Voqea surasini o'qigan kishi hech qachon kambag'al bo'lmaydi”, deganlarini eshitgan edim”, dedi».
Va yana u kishi aytadi: “Ko'pchilik yoqtirmaydigan o'lim va kambag'allik qanday ajoyib narsadir. Allohga qasam, boylik ham, faqirlik ham bir ne'matdir. Qaysisi bilan imtihon qilinsam ham, xotirjamman. Boy bo'lgan kezlar muhtojlarga yordam qilish, faqirlikda esa sabr etish fazilati bor. Banda imon cho'qqisiga chiqmagunicha uning haqiqatiga etisholmaydi. Musulmon kambag'allikni boylikdan, pastlashishni yuksalishdan afzal ko'rmagunicha va uni maqtagan yoki yomonlagan kishilarni bir xilda ko'rmagunicha imon cho'kqisiga chiqa olmaydi. O'zidan boshqa iloh bo'lmagan Allohga qasam, musulmon holda tong ottirib, kechqurun shu holda uyquga ketgan bandaga dunyoning musibatlari zarar bermaydi. Barchangiz mehmonsiz, qo'lingizdagi dunyo moli esa omonatdir. Mehmon albatta, bir kuni ketadi va omonat egasiga beriladi. Haq og'irdir, biroq tomoqdan oson o'tadi. Botil engilgina, ammo kasallik keltirib chiqaradi. Necha-necha insoniy orzu-istaklar bor, ularga ergashilsa, uzoq vaqt davom etguvchi xafagarchilik bilan nihoya topadi”.
Alloh taolo Payg'ambari Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga buyurgan:
﴿وَٱصۡبِرۡ نَفۡسَكَ مَعَ ٱلَّذِينَ يَدۡعُونَ رَبَّهُم بِٱلۡغَدَوٰةِ وَٱلۡعَشِيِّ يُرِيدُونَ وَجۡهَهُۥۖ وَلَا تَعۡدُ عَيۡنَاكَ عَنۡهُمۡ تُرِيدُ زِينَةَ ٱلۡحَيَوٰةِ ٱلدُّنۡيَاۖ وَلَا تُطِعۡ مَنۡ أَغۡفَلۡنَا قَلۡبَهُۥ عَن ذِكۡرِنَا وَٱتَّبَعَ هَوَىٰهُ وَكَانَ أَمۡرُهُۥ فُرُطٗا٢٨﴾
«Siz o'zingizni ertayu kech Parvardigori “yuzi”ni istab, Unga iltijo qiladigan zotlar bilan birga sabr qilishga undang! Dunyo hayoti ziynatini deb ko'zlaringiz ulardan chetlamasin! Shuningdek, qalbini Biz zikrimizdan g'ofil qilib qo'ygan, havoyi nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo'lgan kimsalarga itoat etmang!» (Kahf, 28)
Bu oyati karimaning nozil bo'lish sababi quyidagicha: barcha payg'ambarlar bilan ro'y berganidek, Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga ham dastlab faqir kishilar imon keltirishgan edi. U zot (sollallohu alayhi va sallam) Salmon, Suhayb, Bilol va Ammor ibn Yosirlarga o'xshagan faqir kishilar bilan majlis qurib o'tirar edilar. Dastlab faqirlar ergashishi payg'ambarlik alomati ekanini eshitgan mushriklar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) atrofidagi faqir musulmonlarni haydab yubormoqchi bo'ldi. Shu maqsadda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Ey Muhammad, atrofingdagi kambag'allarni haydab yubor. Ular bilan birga o'tirishdan jirkanamiz. Agar ularni haydab yuborsang, senga oliynasab, oliymaqom kishilar imon keltiradi”, deyishdi. Bunga javoban Alloh taolo: “Ertayu kech Parvardigori jamolini istab, Unga iltijo qiladigan zotlarni atrofingizdan haydamang”, mazmunidagi oyatini tushirdi.
Faqir musulmonlarning haydalishidan umidlari uzilgan mushriklar, u zot (sollallohu alayhi va sallam)ga: “Ey Muhammad, agar ularni haydamasang, unda bir kunni ularga, bir kunni bizlarga tayin qil”, deb shart qo'ydi. Shunda Alloh taolo quyidagi oyati karimani nozil qildi: «Siz o'zingizni ertayu kech Parvardigori “yuzi”ni istab, Unga iltijo qiladigan zotlar bilan birga sabr qilishga undang! Dunyo hayoti ziynatini deb ko'zlaringiz ulardan chetlamasin! Shuningdek, qalbini Biz zikrimizdan g'ofil qilib qo'ygan, havoyi nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo'lgan kimsalarga itoat etmang! Ayting: “(Bu Qur'on) Rabbingiz (tomoni)dan (kelgan) Haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi imon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo'lsin”. Aniq, Biz zolim (kofir)lar uchun alangalari ularni qamrab oladigan do'zaxni tayyorlab qo'yganmiz. Agar ular (tashnalikka chidamay) yalinsa, eritilgan (qizdirilgan) yog' kabi yuzlarni kuydiruvchi suv berilur. Naqadar yomon ichimlik u, naqadar yomon joy u!» (Kahf, 28–29)
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) faqirlarni ulug'lar, hurmat qilar edilar. U zot (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga hijrat qilganlarida, faqir sahobalar ham hijrat qildi va masjid supasiga joylashib dunyo tashvishlaridan uzilishdi. Ularga “Ashobus suffa” – supa egalari deb nom berildi. Hijrat qilib kelgan faqirlar ular safiga qo'shilar va ular kundan-kunga ko'payar edi. Ular Alloh o'z do'stlariga hozirlagan ehsonga guvoh bo'ldi, bunga imon nuri ila boqdilar va borliqdagi biror narsaga dillari ketmadi. Aksincha, ular: “Sengagina ibodat qilamiz, Senga bo'ysunib sajda qilamiz, Sening yordamingda rushdu hidoyatga erishamiz, Senga tavakkul etamiz, Sening zikring ila huzurlanib shod bo'lamiz, Sening muhabbating maydonida sayru sayohat qilamiz, Sen uchun amal va harakat qilamiz va Sening eshigingdan hargiz ketmaymiz”, deyishdi.
Faqirlik ikki xil – umumiy va xos (xususiy) bo'ladi.
Umumiy faqirlik – Alloh taologa muhtojlik bo'lib, u barcha maxluqotlar sifatidir. Bu Alloh taoloning:
﴿ وَٱللَّهُ ٱلۡغَنِيُّ وَأَنتُمُ ٱلۡفُقَرَآءُۚ ﴾
«Alloh G'aniy (boy), sizlar esafaqirdirsiz»(Muhammad, 38) oyati karimasining ma'nosidir.
Hos faqirlik – Allohning do'stlari va suyuklilarining sifati bo'lib, u hamisha Alloh azza va jalla yodi bilan mashg'ul bo'lgani, Unga qattiq berilgani, Uning zikri ila ulfat bo'lgani sababli qo'l va dilning dunyoga ehtiyoji yo'qligidir.
Salaflardan biri hikoya qiladi: «Men ilgari gunoh ishlarga, ichkilikka berilgan edim. Bir kuni muhtoj etim bolani uchratib qoldim. Uni uyimga olib kelib, qornini to'ydirdim, hammomda cho'miltirib, sochlarini olib, kiyim kiydirdim. Qisqasi, ota o'z farzandiga marhamat ko'rsatganidan ham ziyodaroq marhamat ko'rsatdim. Shundan so'ng kechasi uxladim. Tush ko'rdim. Go'yoki qiyomat qoim bo'libdi. Men hisob-kitobga chaqirildim va qilgan gunohlarim tufayli do'zaxga hukm qilindim. Zaboniyalar (azob farishtalari) meni do'zaxga sudrab keta boshladi.Ularning qo'llarida men zaif, haqir holda edim. Shu payt yo'lda haligi etim ro'baro' keldi va: “Ey Rabbim farishtalari, uni qo'yib yuboringlar, toki Rabbimdan unga shafoat tilay. Zero, u menga yaxshilik qildi va marhamat ko'rsatdi”, dedi. Farishtalar: “Bu bizga buyurilmagan”, dedi. Shu payt Alloh taolo tarafidan: “Uni qo'yib yuboringlar. Yetimga yaxshilik qilgani va etim shafoati sababli unga so'ragan narsalarini berdim”, degan nido keldi. Keyin uyg'onib ketdim-da, Alloh azza va jallaga tavba qildim va butun quch-g'ayratimni etimlarga marhamag ko'rsatishga sarfladim».
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) aytgan: “Uylarning yaxshisi unda etim bo'lib, unga yaxshilik qilinadigan uydir. Uylarning yomoni unda etim bo'lib, unga yomonlik qilinadigan uydir. Alloh taologa bandalarining eng suyuklisi etim yoki bevaga yaxshilik qilgan kishidir”.
Rivoyat qilinishicha, Alloh taolo Dovud (alayhissalom)ga: “Ey Dovud, etimga mehribon otadek, bevaga shafqatli erdek bo'lgin. Bilgin, nima eksang shuni o'rasan”, deb vahiy qildi. Ya'ni, boshqaga qanday munosabatda bo'lsang, senga ham shunday munosabatda bo'linadi. Bir kun kelib sen ham vafot etasan va etim farzanding yoki beva ayoling qoladi.
Dovud (alayhissalom) o'z munojotlarida: “Ey Ilohim, jamolingni istab etim va bevani qo'llab-quvvatlagan, suygan kishining mukofoti nima?” deb so'ragan edi, “Mukofoti uni soyamdan o'zga soya yo'q kunda O'z soyamga olishimdir”, deya javob berdi.
Sulaymon (alayhissalom) kunlarning birida masjidga kirsa, bir miskin o'tirgan ekan. Uning oldiga borib: “Miskin miskin bilan o'tiribdi”, degan ekan.
O'tgan payg'ambarlarning barchalari miskinlarni sevishgan va ularga mehr-shafqat ko'rsatishgan. Jumladan, Muso (alayhissalom) Rabbiga munojot qilib: “Ey Rabbim, seni qayerlardan izlayin?” dedi. Shunda: “Ko'ngli yarimta insonlardan izla”, degan nido keldi. Iso (alayhissalom) ham o'zini “miskin” deb chaqirilishini xush ko'rar edi. Faqir, miskin va beva-bechoralarning boshini silagan hamda ularga shafqat ko'rsatgan eng ulug' zot Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) edilar. Sarvari olam: “Faqirlik faxrimdir”, deganlar.
Inson obro'yi, mol-dunyosi bilan faxrlanishi mumkin. Lekin faqirlik bilan ham faxrlansa bo'ladimi, degan savol tug'iladi. Bunga javob yuqoridagi ikki og'iz so'z. Bu so'z bilan nene insonlar qalbida umid uchqunlari paydo bo'lgan, ko'ngillarida imon halovati kurtak ochgan.
Tarixda etimlar boshini silagan va ularga ko'mak bergan insonlar haqida ko'plab kitoblar yozildi va yozilmoqda. Kimdir ularning qalbiga yo'l topish uchun bor-budini sarflagan bo'lsa, yana kimdir chiroyli muomalasi bilan ularni xushnud etgan. Lekin bir narsa kunday ravshan, bashariyat tarixida Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) kabi ham so'zda, ham amalda ularni xursand qilgan komil inson bo'lmasa kerak. So'zimiz isboti sifatida bir hadisni eshitaylik:
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yetimni kafiliga olgan kishi men bilan jannatda xuddi shunday birga bo'ladi”, deb ikkala barmoqlarini juftlab ko'rsatdilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o'zlari ham etim o'sganlar. Garchi bobolari va amakilari u zot (sollallohu alayhi va sallam)ning ko'ngillarini o'ksitmagan bo'lsa-da, etimlik nimaligini juda yaxshi bilganlar. Lekin farzand uchun ota-onaning o'rnini bosa oladigan yana kim bor?!
Ahmad Yassaviy hazratlarining purma'no baytlarida:
“Qul Hoja Ahmad miskindur, miskinlardin ma'no so'r,
Miskinlik koni huzur, basar bo'lg'on Muhammad”,
deb, miskinlarning holidan xabar olib turish lozimligi, ularga nisbatan hushyor va mehribon bo'lish tavsiya qilingan.
Payg'ambar (alayhissalom) Abu Zarrga qilgan vasiyatlaridagi so'zlar bir-biriga shunchalik mos, go'yo ular bir-birini to'ldirib keladi. Yuqorida miskinlarni yaxshi ko'rish va ular bilan birga o'tirish lozimligi aytilgan bo'lsa, endi: “O'zingdan past bo'lganlarga qara, tepadagilarga qarama”, deyilganda ham inson o'z haddini bilishi, boriga shukr, yo'g'iga qanoat qilishi lozimligi uqtirilgan.
Hadisi qudsiyda Alloh taolo bunday degan: “Bandam, men bitgan qismatga rozi bo'lsang xotirjam bo'lasan va huzurimda maqtalgan hisoblanasan. Men bitgan qismatga rozi bo'lmasang, dunyoning quli bo'lasan, xuddi cho'lda vahshiy jonivor quvgani kabi tinim bilmay orqasidan yugurasan, lekin peshonangda yozilganini olasan, xolos va Mening huzurimda osiy, deb yozib qo'yilasan”.
Moddiy jihatdan o'zidan boy bo'lgan kishiga havas ko'zi bilan qarashdan hazar qilish zarur. Chunki unga havas qilish tufayli Alloh bergan ne'matlarni bilmagan holda, past sanab qo'yish ehtimoli bor. Kambag'al kishiga qarab, o'zida bor narsaga shukr kilgan kishi shokir bandalardan bo'ladi.
Alloh taolo marhamat qiladi:
﴿وَإِذۡ تَأَذَّنَ رَبُّكُمۡ لَئِن شَكَرۡتُمۡ لَأَزِيدَنَّكُمۡۖ وَلَئِن كَفَرۡتُمۡ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٞ٧﴾
«Yana Rabbingiz e'lon qilgan (bu so'zlar)ni eslangiz: “Qasam, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”» (Ibrohim, 7).
Oyatdagi shukr qilish va noshukrlik haqida Isroil avlodiga qarata aytilgan bo'lsa-da, lekin uning hukmi umumiy bo'lib, to qiyomatga qadar keladigan barcha insonlarga tegishlidir. Shukr qilish o'z-o'zidan bo'lmaydi, balki o'zidagi moddiy va ma'naviy ne'matlar haqida ko'p mulohaza qilish, ular berilgan taqdirda qanday holatda bo'lishni tasavvur etish, o'zidan qashshoqroq, qiynalganroq kishilarni yodga keltirish insonni o'zidagi ne'matlar uchun Allohga shukr qilishga undaydi. Bu ishi in'om etuvchiga ham manzur bo'ladi. Natijada, ne'mat ziyodaligiga sabab bo'ladi. Aksincha, noshukrlik, nonko'rlik kabi holatlar in'om etuvchida nafrat va g'azab paydo bo'lishiga olib keladi. Natijada, bergan ne'matlarini qaytarib olish yoki boshqa ofat yoxud musibatlarga duchor qilish yo'li bilan jazolashi joiz bo'lib qoladi (“Lubobut ta'vil fi maonit tanzil” Alouddin Ali ibn Muhammad ibn Ibrohim Bag'dodiy).
KYeYINGI MAVZU:
Din nasihatdir;
Istig'for va tavbaning fazilati;