Misrning 1875 yildan buyon nashr etilayotgan “Al-Ahram” (gate.ahram) gazetasida Samarqanddagi buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi qayta qurilayotgani va ochilish marosimiga hozirlik ko'rilayotgani haqida maqola e'lon qilindi.
Maqolada tabarruk ziyoratgoh, islom olami uchun qimmatli manzil sanalgan Imom al-Buxoriy majmuasida, qariyb, 10 ming namozxonga mo'ljallangan masjid, to'rtta minora, ayvonlar barpo etilayotgani, mehmonxona, avtomobil' turar joyi, bekat, oshxona, savdo rastalari, tahoratxona qurilayotgani batafsil yoritilgan.
Imom al-Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qo'lyozmalar bo'limi rahbari Tohir Ibodullayev “Yaqin Sharq” axborot agentligiga ma'lum qilishicha, majmuada buyuk alloma hadislaridan hikoya qiluvchi yirik muzey barpo etilyapti. Mutaxassis ushbu markazni tashkil etishdan ko'zlangan maqsad Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Imom Abu al-Mansur al-Moturudiy kabi mo''tabar musulmon ulamolari merosini o'rganish ekanligiga to'xtalib, islom ilmi rivojiga ulkan hissa qo'shgan olimlar xazinasidan butun dunyo ahli bahramand bo'lishi lozimligini ta'kidladi. Muallif majmuada Al-Azhar universiteti olimlari boshchiligida dunyoning barcha davlatlaridan mashhur mutaxassislar ishtirokida xalqaro konferentsiya va ilmiy ma'ruzalar tashkil etish rejalashtirilganiga ham e'tibor qaratgan.
Qo'lyozmalar bo'limi tomonidan “Sahih al-Buxoriy”ni o'zbek tilida nashr etish jarayoni nihoyasiga etkazilib, yana 100 ga yaqin kitob arab tilidan o'zbekchaga o'girilgan.
– Hozir dunyoning barcha kutubxonalaridan “Sahih al-Buxoriy” qo'lyozmalari to'planyapti, – deydi T.Ibodullayev. – Har oy Markaz va Al-Azhar olimlari o'rtasida tashkil etiladigan onlayn ma'ruzada Imom al-Buxoriy markazi ulamolarining savollariga javob berilyapti. Dastur doirasida tajriba almashish maqsadida markazning o'zbekistonlik tadqiqotchisi joriy yil Al-Azhar Ash-Sharifga tashrif buyurdi va Imom al-Buxoriy markazi tomonidan nashr etilgan asar taqdimotida ishtirok etdi.
Muharrama Pirmatova, O'zA
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati