وَلَا تَجۡعَلُواْ ٱللَّهَ عُرۡضَةٗ لِّأَيۡمَٰنِكُمۡ أَن تَبَرُّواْ وَتَتَّقُواْ وَتُصۡلِحُواْ بَيۡنَ ٱلنَّاسِۚ وَٱللَّهُ سَمِيعٌ عَلِيمٞ٢٢٤
224. Allohga ichgan qasamlaringizni yaxshilik, taqvo va odamlar orasini isloh qilishga sabab qilmanglar. Alloh haqiqatan eshituvchi va biluvchidir.
Ya'ni, biror yaxshi ishni qilmaslik uchun Alloh nomidan qasam ichish mumkin emas. Masalan, "ota-onam bilan so'zlashmayman, kambag'allarga ehson qilmayman, urishib qolgan odamlarni yarashtirmayman" deyish yaramaydi. Bunday holatlarda Alloh taoloning nomi yomon ishlar uchun nishon qilingan bo'ladi. Agar biror kishi shunday qasam ichib qo'ygan bo'lsa, kafforat berishi vojib bo'ladi.
Qasam ichish yaxshi ish emas. Mabodo qasam ichish lozim bo'lib qolsa, bu qasam yaxshilik amalga oshishi uchun bo'lishi kerak. Ya'ni, qasamni yaxshilik, taqvo va odamlar orasini isloh qilishdek ezguliklarga to'siq etib olish mutlaqo durust emas. Musulmonlik odobi ko'p qasam ichmaslikni taqozo qiladi. Ma'lum bir qat'iy niyat bilan, kelajakda bir ishni qilish yoki qilmaslikni qasd qilib qasam ichgan odam qasamini asrab, unga sodiq qolishi kerak. Agar qasamida turmasa, qasamini egan bo'ladi va gunoh sodir etgan hisoblanib, unga nisbatan shar'iy jazo belgilangan. Ya'ni u o'nta miskinning qornini to'ydirish yoki o'nta miskinga bir sidra kiyim olib berish yoxud bir qul ozod qilish kabi kafforat berishga majbur bo'ladi. Qasamni buzgan odamning moliyaviy imkoni yo'q bo'lsa, uch kun ro'za tutib kafforatni ado etishi vojib. Hanafiy mazhabiga ko'ra, bu ro'zaning orasini uzmay, ketma-ket tutish kerak. Agar o'sha qasam ichayotgan odam qasamidan keyin, «inshaalloh» deb qo'ysa, qasamiga amal qilish uning uchun ixtiyoriy bo'lib qoladi – xohlasa, qasamiga amal qiladi, xohlamasa, amal qilmaydi. Chunki «inshaalloh» so'zini u qasamxo'r bo'lib qolishidan asraydi.
لَّا يُؤَاخِذُكُمُ ٱللَّهُ بِٱللَّغۡوِ فِيٓ أَيۡمَٰنِكُمۡ وَلَٰكِن يُؤَاخِذُكُم بِمَا كَسَبَتۡ قُلُوبُكُمۡۗ وَٱللَّهُ غَفُورٌ حَلِيمٞ٢٢٥
225. Alloh qasamlaringizdagi behuda so'zlar uchun javobgarlikka tortmaydi, lekin dillaringiz qilgan qasam uchun javobgarlikka tortadi. Alloh albatta kechiruvchi, halimdir.
"Qasamdagi behuda so'zlar" shuki, inson xohlamasa ham og'zidan turli qasam so'zlari (masalan, turkiy xalqlarda "Hudo ursin", arablarda "Allohga qasamki" kabi) beixtiyor chiqib ketadi. Bunday qasam uchun kafforat berilmaydi, bu gunoh ham emas. Ammo qasam ichishda til va dil barobar ittifoq qilgan bo'lsa, qasam buzilganida kafforat berish zarur bo'ladi. Oisha roziyallohu anho bunday deganlar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalariga qudrati etadigan vazifani buyurgan edilar, ular: "Biz siz kabi emasmiz-ku, Alloh sizning oldingi va kelgusi gunohlaringizni kechirgan (shuning uchun ham bizga ko'proq vazifa buyuravering, biz ko'proq riyozat chekishimiz lozim), deyishdi. Rasulullohning jahllari chiqqani yuzlaridan bilindi: "Oralaringizda Allohdan eng qo'rqadigan, Uni eng ko'p taniydigan menman" deb javob qildilar" (Buxoriy rivoyati).
Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.
IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.
Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.
Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."
Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.
Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati