«Agar huzuringga oyatlarimizga iymon keltirganlar kelsalar: “Sizlarga salom bo'lsin, Rabbingiz O'z zimmasiga rahmatni yozdi. Sizdan kim bilmasdan yomonlik qilsa, so'ngra tavba qilib, solih amal qilsa, bas, albatta, U Zot mag'firatli va rahmli Zotdir”, deb ayt» (An'om surasi, 54-oyat).
“Sizlarga salom bo'lsin”. Imom Tabaroniy Habbob roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Aqro ibn Hobis Tamimiy, Uyayna ibn Hisn Fazoriy Payg'ambarimiz alayhissalomning huzurlariga kelganlarida u zotni Bilol, Suhayb, Ammor, Habbob va boshqa zaifhol mo'minlar bilan gaplashib o'tirganlarini ko'rdilar va ularni haqorat qildilar. Ular Nabiy alayhissalomga: “Biz sizdan o'zimizga xos majlis qilishingizni istaymiz. Arablar fazlimizni bilib qo'yishsin. Oldingizga arab qabilalarining vakillari kelib turadi. Biz o'sha arablarga anavi qulvachchalar bilan birga o'tirgan holda ko'rinishdan uyalamiz. Biz kelganimizda ularni chiqarib yuboring. Gapimizni tugatib ketganimizdan so'ng, xohlasangiz, ular bilan o'tiraverasiz”, deyishdi.
Payg'ambarimiz alayhissalom qog'oz keltirishni va yozish uchun hazrat Alini chaqirishni amr qildilar. Biz bir chetda o'tirar edik. Shu payt Jabroil alayhissalom: “Ertayu kech Rabbilariga Uning yuzini iroda qilib duo etayotganlarni haydama! Ularning hisobidan sening zimmangda hech narsa yo'q. Sening hisobingdan ularning zimmasida hech narsa yo'q. Ularni haydab, zolimlardan bo'lib qolma” (An'om surasi, 52) oyatini nozil qildi. So'ngra: “Oramizdan Alloh ne'mat bergan shularmi?” deyishlari uchun shunday qilib, ba'zilarni ba'zilari ila sinadik. Allohning O'zi shukr qiluvchilarni yaxshi biluvchi emasmi?” oyati karimasi tushdi. Keyin esa: “Agar huzuringga oyatlarimizga iymon keltirganlar kelsalar: “Sizlarga salom bo'lsin, Rabbingiz O'z zimmasiga rahmatni yozdi”, oyati nozil bo'ldi. Nabiy alayhissalom qo'llaridagi qog'ozni tashladilar-da, bizlarni chaqirdilar.
Biz oldilariga kelganimizda: “Sizlarga salom bo'lsin, Rabbingiz O'z zimmasiga rahmatni yozdi”, deb kutib oldilar». .
Ushbu hodisadan so'ng Nabiy alayhissalom oyatda nazarda tutilgan sahobalarni ko'rishlari bilan birinchi salom berar va: “Ummatimdan ularga birinchi bo'lib salom berishimni buyurgan kishilarni bor qilgan Allohga hamd bo'lsin”, der edilar.
Ushbu izohga ko'ra, oyatdagi “salom” Nabiy alayhissalom taraflaridan berilmoqda. Bir o'rinda: «Salom Alloh taolo tomonidan berilmoqda. Ya'ni: “Ularga salomimizni etkazing”, ma'nosida», deyiladi. Ikki fikr ham o'sha odamlarning Alloh taolo nazdida darajasi va maqomi ulug' ekaniga dalil.
Imom Muslim rahimahulloh Oiz ibn Amrdan rivoyat qiladi: «Abu Sufyon o'shanda Salmon, Suhayb, Bilol va bir necha sahoba roziyallohu anhum oldidan o'tdi. Ular: “Allohga qasam, biz uni o'ldirolmadik”, dedilar. Bu gapni eshitgan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Quraysh raisiga shunday demoqdamisiz?!” dedi. So'ng borib bu haqda Nabiy alayhissalomga xabar qildi. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Ey Abu Bakr, balki siz ularning jahlini chiqargandirsiz. Agar ularni g'azablantirgan bo'lsangiz, darhaqiqat, Rabbingizni g'azablantirgan bo'lasiz”, dedilar. Abu Bakr Siddiq ularning oldiga qaytib: “Ey birodar-do'stlarim, sizni xafa qilmadimmi?” deb so'radi. Ular: “Yo'q, ey birodar, Alloh sizni mag'firat qilsin”, dedilar». Hadisi sharifda oyati karima sahobalarning yuksak darajalari va hurmatlariga dalildir.
Ushbu dalillardan solihlarni hurmatlash, ularni g'azablantiradigan, ularga ozor beradigan narsalardan chetlashish lozimligi kelib chiqadi. Ya'ni kim Allohning do'stlaridan birortasini ranjitsa, Parvardigor g'azablanadi va uni iqobiga giriftor qiladi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Oyati karima Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali roziyallohu anhum haqida nozil bo'lgan”, degan. Fuzayl ibn Iyoz: «Musulmonlardan bir necha kishi kelib: “Gunoh qildik. Biz uchun istig'for so'rasangiz”, deganlarida, Nabiy alayhissalom ular aytganday qilmaganlar. Shundan so'ng ushbu oyati karima nozil bo'lgan», deydi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan ham xuddi shunday rivoyat bor.
“Rabbingiz O'z zimmasiga rahmatni yozdi”. Ya'ni O'zining haq va rost xabari etib zimmasiga vojib qildi. Bir qavlda: “Alloh taolo ushbu oyati karimani Lavhul Mahfuzga yozdi”, deyilgan.
“Sizdan kim bilmasdan yomonlik qilsa...” Mujohid rahimahulloh: “Bilimsizlik sabab gunoh qilgan har bir kishi johil deyiladi”, degan. Bir o'rinda: “Kim oxirat hayotidan ko'ra dunyo hayotini afzal ko'rsa, u johildir”, deyilgan.
“So'ngra undan keyin tavba qilib, solih amal qilsa, bas, albatta...” Oyat kufrdan tavba qilishni o'z ichiga olmaydi. Chunki oyat: “Agar huzuringga oyatlarimizga iymon keltirganlar kelsalar”, deb vasflagan kishilar uchun xitobdir. Oyatda musulmonning gunohdan tavba qilayotgani nazarda tutilgan.
“Bilmasdan...” Bu o'rinda xato nazarda tutilmayapti. Chunki xato uchun tavba qilishning hojati yo'q. Balki oyatda shahvat sababidan qilingan gunoh uchun tavba nazarda tutilmoqda. Bundan anglashiladiki, mo'min bilaturib gunohga qo'l ursa, so'ng haqiqiy tavba qilsa, Alloh taolo uning tavbasini qabul qiladi.
“Sizdan kim bilmasdan yomonlik qilsa”. Hasan Basriy rahimahulloh: “Gunoh qiluvchi har bir kishi”, degan. Boshqa bir o'rinda yana bunday keladi: “Agar kishi amalining oqibati yomon ekanini bilsa edi, dunyo lazzatlaridan ko'ra oxiratdagi juda ko'p yaxshiliklarni afzal ko'rgan bo'lardi”.
“U Zot mag'firatli va rahmli Zotdir”. Iqobini bekor qilishi sababidan – Mag'firatli Zot. Oxiri rahmat bo'lgan tavbaga erishtirishi sababidan – Rahmli Zot.
“Tafsiri Qurtubiy”, “Tafsiri Roziy” va
“Tafsiri hilol” asarlari asosida
G'ijduvon tumani bosh imom-xatibi
Orif AMONOV tayyorladi.
"Hidoyat" jurnalining 10-sonidan olindi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati