Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

Mo'min boy bo'lsa, nimasi yomon?

07.12.2020   5484   5 min.
Mo'min boy bo'lsa, nimasi yomon?

Yaqinda bir yigitning: “Ayrim imomlar qimmat avtoulov minib, eng yaxshi kiyimlarni kiyib, maza qilib yuradi. Tag'in kamtar va xokisor bo'lish, isrof qilmaslik to'g'ri­si­da nasihat qilishadi. Axir, o'zi markabini so­tib, yo'qsillarga tar­qat­sa, bo'lmaydimi?..” de­gani­ni eshitib qoldim.

Afsuski, odamlar orasida shunday fikrlaydigan­lar oz emas. Ba'zi kishilar ko'z o'ngida imom, umuman, mu­sulmon kishi deganda, qan­daydir qoloq bir inson qiyofa­si jonlanadi. Go'yo, mo'­min-­musulmonlarning hayot tar­zi, tutumi masjidda o'ti­ri­shu ma'rakaga borishdan ibo­ratdek...

Bunday qarash qayoqdan ­paydo bo'ldi?! Imom, musul­mon deganda faqat nochor, jonsarak, ovozi zo'rg'a chiqadigan kishini tasavvur qiluvchilar ko'ziga “zamonaviy” ko'ringan mo'min-musulmon dinga amal qil­mayotgandek ko'rinadi, she­­killi. .

Holbuki, kimning boy yoki faqir bo'lishi Alloh­ning izni bilan, qanday ­hayotni tanlashi o'zining ishi. Nasihat qilish, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish – na­faqat imom, balki har bir mo'­minning vazifasi.

Alloh taolo halol kasb bilan topilgan boylikni hech kimga harom qilmagan. Boshqalarga yarashgan boy­lik nega endi mo'min-musul­monga yarashmas ekan?! Ni­koh o'qiyotgan imom kuyovga: “Ayolingizning ta'minoti, kiyim-kechagi, zeb-ziynati, uy jihoziyu ro'zg'or buyumlari zimmangizda”, deb sha­riat ko'rsatmasini eslatsa-yu, o'zi nochor yashasa?! Minbarda: “Far­zandlaringizni o'qi­­ting, ta'lim yo'lida molin­gizni ayamang, deb o'zi birov­ning qo'liga qarab tur­sa? Imomlik­ni uddalab, bo'sh vaqtida tijorat bi­lan shu­g'ullansa – buning nimasi yomon?!

“Imom” so'zi istilohda “ol­­dinda turuvchi” degan ­ma'no­ni anglatadi. U odam­lar­ga pesh­qadamdir. U na­moz­da oldinda turgani­dek, boshqa ishlarda ham pesh­vo bo'lishi kerak. Payg'am­barimiz sollallohu alay­hi va sallam ham imom – har bir ishda oldinda turuvchi edi­lar. U zotdan ke­yin Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali ro­ziyal­lohu an­hum xa­lifa, shuningdek, imom edilar. Ular faqirlikka tar­g'ib ­qilishmagan. Tuya o'sha davr­ning eng yaxshi ulovi hi­soblanib, u zotlarning bir qanchadan yaxshi tuyalari bor edi. Hech biri tuya qimmatli ulov, eshak minamiz, de­yish­magan. Jannat bashorati berilgan ulug' sahobalar ora­si­da Abdurahmon ibn Avf ro­ziy­allohu anhu eng boyi edi.

Sahobalar halol tijoratda o'z­aro musobaqalashar edilar. Nabiy alayhissalom hech kim­ga nega boy bo'lib ketyapsan, demaganlar. Agar boylik ayb bo'lganida, Alloh taolo Sulaymon alayhissalomga boylik bermagan bo'lardi.

Islomda boy bo'lish emas, balki mol-dunyoga hirs qo'­yish qoralangan. Haq taolo bunday marhamat qiladi: «U sizlar uchun er yuzidagi barcha narsani yaratgan zot» (Baqara surasi, 29-oyat). Boshqa bir oyatda: «Ayting: “Bandalari uchun chiqargan Allohning ziynatini va pok rizqlarni kim haromga chiqardi?”» «Ayting: “U (ziynat va pok rizqlar) bu dunyoda imon keltirgan­lar (va boshqalar) uchun, qiyo­mat kunida esa xolis (mo'­minlarning o'zlari uchun bo'lur)”», deyiladi (A'rof surasi, 32-oyat). Mo'min boy bo'lsa, zakotini joyiga bersa, qan­day yax­shidir! .

Shayx Muhammad G'azzo­liy (1917–1996) bunday degan: “Qo­run ega bo'lgan mulk­dan ko'p­rog'iga ega bo'ling! Su­lay­monning saltanatidan kat­taroq saltanatni qo'lga ki­riting! Haqiqat qo'llovga muhtoj zamonda, uni qo'llash uchun bularning barini ilkingizda tuting! O'lim onlari kelgan paytda esa ularni Alloh yo'lida qoldiring! Kam­bag'al, soyilday yashash jannat yo'li deb ishonish telbalik va aldanishdir”.

 

Abdulloh ALIQULOV

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   11687   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar