Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyun, 2026   |   16 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:09
Quyosh
04:52
Peshin
12:26
Asr
17:34
Shom
19:55
Xufton
21:30
Bismillah
03 Iyun, 2026, 16 Zulhijja, 1447

Hanafiy mazhabi dalillarining ustunligi

07.12.2020   9633   8 min.
Hanafiy mazhabi dalillarining ustunligi

Bugungi dunyo musulmonlarining qariyb 50%ini hanafiylar tashkil qiladi. Habafiy mazhabi to'rt ahli sunna mazhablarining eng avvalgisi hisoblanadi. Bu mazhabning ahamiyatli tomonlaridan biri shundaki, bu mazhab faqatgina Abu Hanifa rohmatullohi alayhning fikrlari bilan emas, balki shogirdlarining qavllari bilan ham mustahkamlangan. Imom Abu Hanifaning o'ziga xos dars o'tish usuli muallim va mutaallimni birdek ilmiy saviyasini oshirishga qaratilgan edi. U zot o'rtaga bir fikrni tashlab, uni shogirdlari bilan birga muhokama qilar, har kim bu masala ustida o'z fikrini erkin bayon qilgach, barchaning fikridan hosil bo'lgan xulosani yasab, barcha atrofida jamlangan olimlar u kishini tasdiqlagach yozdirar edilar. Mana shuning o'zi ham Abu Hanifa rohmatullohi alayhning ilmi muttasil o'sib, fikri to'lishib borishida muhim ahamiyat kasb qildi. Shu bilan birga Abu Hanifa rohmatullohi alayh fiqh fanini alohida fan sifatida tartiblagan zotdirlar. Imom Shofi'iyning mashhur so'zlarida u kishi: “Fiqhda barcha olimlar Abu Hanifaning oila ahlidir. U zotga teng kelib masala ayta oladigan kishi yo'q”, deydilar.

Hanafiy mazhabi ulamolari fiqhning 4 asosiy manbaini e'tirof etish bilan birga boshqa mazhablar vakillariga nisbatan fiqh talablariga rioya etishning qiyos va ijtihod usullaridan kengroq foydalanadi. Bu mazhabning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat: Qur'oni karimdan hukm olishda oyatlarning nosix va mansuxlarini obdon aniqlab olish; hadisi shariflardan huquqqa doirlarini shar'iy hukmlarga asos qilib olishda har bir hadisning sahihligiga katta e'tibor berish va ularning nosix, mansuxligini chuqur aniqlash; sahobalarning ittifoq ila chiqargan qarorlari (ijmo') hamda qiyos va ijtihod usullariga binoan huquqiy xulosa chiqarishdan tashqari istihson deb ataluvchi qo'shimcha manbadan ham foydalanish.

Hanafiy mazhabi oddiy huquq(urf-odat)dan ham huquqning keng mustaqil yordamchi manbai sifatida foydalanadi, bu hol hayotiy ehtiyojlarni va mahalliy odatlarni hisobga olib huquqiy qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Bu mazhab qoidalari mo'tadilligi, birmuncha yumshoqligi, qulayligi, xalqlarning mahalliy an'analarini e'tiborga olganligi sababli 11-asrdan boshlab shimol va sharqqa keng yoyilgan. Kichik Osiyo, Bolqon, Shimoliy Kavkaz, Qora dengiz, Volga bo'ylari, O'rta Osiyo mamlakatlari, Afg'oniston, Hindiston va Hitoyning olis hududlariga tarqalgan. Hozirgi davrda dunyo musulmonlarining qariyb yarmi, shu jumladan, yurtimiz musulmonlari hanafiy mazhabiga amal qilgan holda musulmonchilik qonun-qoidalarini bajarib kelmoqda.[1]

Mazhabimizning dalillari bayon qilinganda har bir hukm quyidagi dalillarning biri bilan hujjatlangan bo'lmog'i lozimligi ta'kidlanadi.

Quroni karim
Sunnati nabaviy
Ijmo
Qiyos
Istehson
Al — masolih al- mursal
Urf va taomul
Shar'u man qablana
Sahobalar va tobeinlar mazhabi
Sadduz zaroye'
Istishob
Ushbu qismlardan avvalgi beshtasi hanafiy mazhabida doimiy qo'llanib keladi.

Ijmo (arab. — yakdillik, yakdillik bilan qabul qilingan qaror; ijmo al-umma — diniy jamoaning yagona fikri) — Qur'on va hadislarda aniq ko'rsatma berilmagan huquqiy masalani hal qilishda faqih va mujtahidlarning to'planib, yagona fikrga kelgan holda hukm chiqarishi (fatvo berishi). Shariat dasturlariga keyinchalik kiritilgan 3manba. Shariatda shunday yo'l bilan chiqarilgan hukm shar'iy (qonuniy) deb qabul qilingan.[2]

Qiyos (arab. — taqqoslash) — shariat manbalaridan biri (Qur'on, sunna, ijmo bilan birga). Qiyosda dastlabki 2 manba — Qur'on va sunnatda berilmagan biror huquqiy masala ulardagi shunga o'xshash masala bo'yicha berilgan ko'rsatmaga taqqoslash yo'li bilan sharh etilgan. Mas: aroqning shayton ishi ekanligi, urush — janjal, adovat chiqarishi sababidan u Qur'oni karimda man etilgan. Aroqdan boshqa mast qiluvchi ichimliklar haqida biror narsa aytilmagan. Lekin mujtahid ulamolar mast qiluvchi ichimliklarning hammasida ham aroq kabi salbiy natijalar bo'lishini hisobga olib, unga Qiyos qilganlar va harom deb hukm chiqarganlar. Qiyos faqihlar huquqini kengaytirib, shariatni turmushning turli tomonlariga tatbiq etishga imkoniyat bergan. Shu bilan birga Qiyos islom dinini zamon va taraqqiyot ila yonmayon yurishida asosiy omillardan biri hisoblanadi. [3]

Istehson lug'atda “bir narsani yaxshi deb hisoblash” ma'nosida bo'lib, istilohda esa mujtahidning ochiq ravshan qiyosdan maxfiy qiyosga, kulliy hukmdan juz'iy hukga o'tishligidir. Demak, istehson aslida qiyos uslubi bo'lib qiyosni rivojlantirish uchun ishlab chiqilgan.

Maslahatul mursal lug'atda “bosh qo'yilgan erkin manfaatlar” ma'nosida bo'lib, biror ishni qilish yoki qilmaslik borasida tayin dalil bo'lmagan lekin shariatning umumiy qonun qoidalariga zid kelmaydigan shariat maqsadiga muvofiq keluvchi umummanfaatga xizmat qiladigan narsadir.

Urfi taomil — Urf lug'atda “tanilgan narsa” ma'nosini anglatib, istilohda esa odamlar, umuman jamiyat o'rganib hammaga tanish bo'lib qolgan sog'lom tabiat qabul qiladigan ish yoki sozdir.

Shar'u man qoblana lug'atda “bizdan oldingilarning shariati” degan ma'noni anglatadi. Avvalgi Payg'ambarlar va ularning ummatlariga joriy qilingan shariatlar tushuniladi.

Sahobaning gapi hujjat ekani — sahobalar Payg'ambarimiz solallaohu alayhi vasallam bilan ko'rishib, U Zotga iymon keltirgan kishilar. Ilmda kamolga yetganligi; arab tilini mukammal bilishlari, taqvodorligi va adolatli ekanligi: hadislarni vorid bo'lish sababini hammadan yaxshi bilishlari, shariatning maqsadlarini chuqur anglashlari tufayli ularning gaplari diniy ijtihodlari hanafiy, molikiy hamda hanbaliy mazhablarida hujjat bo'la oladi.

Sadduz zaraye' lug'atda “vositalarni to'sish” ma'nosida. Istilohda esa shariatda man qilingan narsani qilishga olib boradigan vositalarni to'sish, man etishdir.[4]

Istishob lug'atda “suhbatni talab qilish, do'st qilib olmoq” ma'nolarida. Fiqhiy istilohda esa avval mavjud bo'lgan bois bir narsani o'zgartiruvchi bo'lmasa, uni keyin ham bor deb hukm chiqarishdir.

Mazhabboshimiz haqlarida yetuk olimlardan biri Hafs ibn Fayyoz diqqatga sazovor bunday fikrni aytadi: “Abu Hanifaning fiqh haqidagi gapi she'rdan nozikroq”. Bir qarashda oddiy tuyulgan bu so'zlarni biz bejizga diqqatga sazovor demadik. Nazm juda nozik so'zlar bilan ifoda etilishi va shu tarzdagi go'zal iboralar to'plamidan she'r tug'ilishi ma'lum. Abu Hanifa rohmatullohi alayh fiqh – masala haqida gapirar ekanlar, huddi ilhom bilan she'r o'qib kelganidek, balki undan ham nozikroq, undan ham chiroyliroq qilib yetkazardilar. Shuning uchun Abu Hanifani faqat johil odamgina ayblaydi, aqli bor odam u kishini taniydi va albatta e'tirof etadi. Zamondoshlari va ulardan keyin kelgan ulamolar, dunyo tan olgan shaxslar Imomi A'zam rohmatullohi alayhni mana shu darajada ta'riflaydilar.

Islom olamida tan olingan olimlarning buyuk imomimiz haqidagi bu e'tiroflarini behuda keltirmayapmiz. Qanday ulug' ustozga ergashayotganimizni, imomimiz, mazhabimiz rahbari Qur'on-u hadisni, islom dinini bizga bu darajada mukammal yetkazgan inson ekanini shoyad yaxshiroq tanisak, johil bo'lib qolishdan saqlansak, va alal-oqibat, yaxshiliklar qadriga ham yetsak.

 

S.Zikriyayev,

“Sayyid Muhyiddin maxdum”

o'rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

[1] Wikipediya: Abdulaziz Mansur

[2] Wikipediya

[3] O' zbekiston milliy ensiklopediyasi birinchi jild (2000-2005)

[4] Hanafiy fiqhi tarixi, manbalari va istilohlari 95 – 101 betlar.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Telefon”ga aylanib qolsam edi...

03.06.2026   2518   3 min.
“Telefon”ga aylanib qolsam edi...

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ibratli hikoyalar

Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu

 

Hikoyamiz maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan ayol haqida. Uning turmush o‘rtog‘i fabrikada ishlaydigan juda band inson edi. Uning kunduzi ham, kechasi ham deyarli bo‘sh vaqti bo‘lmasdi.

Kunlarning birida o‘qituvchi o‘quvchilariga o‘z orzulari haqida insho yozish vazifasini berdi. Bolalar insho yozishga kirishdilar. Dars tugagach, ustoz barcha insholarni yig‘ib olib, baholash uchun uyiga olib ketdi.

O‘qituvchi insholarni birin-ketin o‘qib chiqar ekan, to‘satdan bir inshoga ko‘zi tushib, qattiq yig‘lab yubordi. Shu payt eri xonaga shoshilib kirib:

— Nima bo‘ldi? — deb so‘radi.

Ayol:

— Mana shu inshoni o‘qiganim uchun yig‘layapman, — dedi.

— Nega? Insho nima haqida ekan? Qani, bir ko‘raychi.

— Sizga o‘qib beraymi?

— Mayli, o‘qing.

— Bir bolaning orzusi telefon bo‘lish ekan.

— Nima?!

— Ha, u shunday deb yozibdi: «Telefon bo‘lishni xohlayman».

Ayol inshoni o‘qishda davom etdi:

«Allohim, meni telefonga aylantirib qo‘y. Shunda butun oilam — ota-onam, aka-ukalarim va opa-singillarim menga e’tibor berishadi.

Allohim, meni telefonga aylantir. Chunki otam ishdan uyga kelganda menga qaramaydilar, ammo telefondan boshlarini ko‘tarmaydilar. Soatlab videolar tomosha qiladilar.

Allohim, meni telefonga aylantir. Shunda onam uyga kelganlarida menga baqirmaydilar. Axir telefon bilan kulib, mamnun bo‘lib vaqt o‘tkazadilar-ku!

Allohim, meni telefonga aylantir. Toki telefonning o‘rnini men egallay.

Allohim, men ko‘p narsa so‘ramayman. Faqat oilam atrofimda to‘planishi uchun telefon bo‘lishni xohlayman, xolos».

Ota ayolining yig‘layotganini ko‘rib:

— Qanday bechora bola ekan! Uning ota-onasi juda ham beparvo ko‘rinadi, — dedi.

Bu gapni eshitgan ayol yanada qattiqroq yig‘lay boshladi.

Eri hayron bo‘lib:

— Nega yana yig‘layapsiz? — deb so‘radi.

Ayol ko‘z yoshlari ichida javob berdi:

— O‘g‘limiz mening sinfimda o‘qishini va men uning o‘qituvchisi ekanimni unutdingizmi? Bu inshoni sizning o‘g‘lingiz yozgan...

Hurmatli ota-onalar!

Iltimos, farzandlaringizga vaqt ajrating. Hech qachon ularni his-tuyg‘ulardan mahrum deb o‘ylamang. Bolalar juda ta’sirchan bo‘ladilar. Ular hatto eng kichik narsalarga ham e’tibor beradilar.

Farzandingizning yuzidagi umid va quvonch tabassumini ko‘rishni xohlaysizmi? Bu siz ularga qancha pul berganingizda yoki qanday o‘yinchoq, velosiped olib berganingizda emas. Balki ularga ko‘rsatadigan mehringiz, e’tiboringiz va ajratadigan vaqtingizdadir.


Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har biringiz mutasaddidir va har biringiz qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir”, deganlar.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar