Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyun, 2025   |   16 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyun, 2025, 16 Zulhijja, 1446

Soxta salafiylar kim-u, salafi solihlar kim?

04.12.2020   3953   15 min.
Soxta salafiylar kim-u, salafi solihlar kim?

Salafiylik, hizbut tahrir kabi yot oqimlarning Hudoga ishongan bir insonni kufrda ayblashi, mo'min-musulmonlar yashaydigan diyorlarni kufr shahri deb e'lon qilishlari natijasida Islom ummatlari o'rtasida turli tafriqalar kelib chiqmoqda. Bilib-bilmay ushbu firqalarning ta'sir doirasiga tushib qolgan  ba'zi yoshlarning  bunday xato yo'ldan qaytishi juda qiyin kechmoqda. Keyingi paytlarda Islom mafkurasi va tarixiga zid g'oyalari bilan qayta namoyon bo'layotgan “soxta salafiylik” oqimi o'zlarining aqidaviy va huquqiy masalalarini ko'pincha suriyalik Ibn Taymiya (1263-1328) ta'limoti bilan asoslamoqchi bo'lishadi. Ibn Taymiya asarlarida, islomga turli bid'atlar kirib qolgani aytilib, musulmonlar va ular yashayotgan jamiyatlarni, Qur'on va sunnat ta'limotiga asoslangan yo'lga solish zarur, degan g'oyalar ilgari suriladi.

Mazkur oqim tarafdorlari o'zlarining buzuq ta'limotlari ila qabrlarni ziyorat qilgan odam musulmonchilikdan chiqadi degan e'tiqodda hatto bir paytlar Madinai munavvaradagi sahobalarning qabrlarini ham oyoqosti qilishgan. Qolaversa, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning maqbaralarini ham vayron qilishga urinib ko'rishgan. Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men sizlarni qabrlar ziyoratidan qaytargan edim. Endi uni ziyorat qilaveringlar. Zero, u sizlarga oxiratni eslatadi”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati). Ushbu hadisga ko'ra, qabrlarni ziyorat qilish mandub (mustahab amal)dir. Zeroki, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o'zlari Baqe' qabristoniga borib mayyitlar haqqiga duo qilardilar.

Shuningdek, soxta salafiylar tasavvufni tan olishmaydi, tavassulni kufr deydi, mazhablarni inkor qiladi, o'zlariga ergashmaganlarni ham kofirga chiqarishadi. Soxta salafiylar jamiyatni ikkiga: “musulmon” va “dinsizlar”ga ajratadi. Bu bilan boshqa dindagilarni dushman sanab, dinlararo adovat uyg'otishga urinadi. Ular nafaqat boshqa din vakillariga, balki shariat hukmlarini ular o'ylagandek to'liq bajarmayotgan musulmonlarga nisbatag ham zo'ravonlik siyosati olib boradi.

“Salaf” kalimasi, aslida hadisi sharif e'tiboriga ko'ra, dalolat jihatidan, islomiy asrlarning afzali, iqtido va ergashishga eng loyiq bo'lgan davrga nisbatan ishlatiladi. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: “Insonlarning xayrlisi mening asrim ahlidir, keyin ularga yaqin bo'lganlaridir, so'ngra ularga yaqin bo'lganlaridir[1]. So'ngra shunday qavmlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan o'zib ketadi (ya'ni, masalalarda ham o'ta beparvo va mas'uliyatsiz bo'lib, guvohlikni engil sanab qasam ichaveradi)" (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Mazkur xadisi sharifda, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tartib bilan zikr qilib, ularni “xayrli” deb nomlagan uch asr (ahli)dan murod Payg'ambarimiz alayhissalom, sahobalar, tobe'in va tab'a tobe'inlar yashagan davrdir. Ana shu davrda faoliyat olib borgan ulug'larni “salafi solihlar”, ya'ni solih bo'lgan zotlardir, deyiladi.

Bugungi kunimizda har bir musulmon yakka tartibdagi ijtihod bilan shug'ullanishi kerak, degan gap ham mutlaqo asossizdir. Imom Ahmad aytadi: “Kim dinda taqlid yo'q desa, Alloh va Uning rasuli oldida fosiqdir. Uning so'zi sunnat va salafi solihlar qarashlarini rad qilishdir”. Mujtahid Abdulloh ibn Vahb aytadi: “Hadis ilmlari, agar fiqh ilmi bo'lmasa, adashtiradi”.

Sulaymon ibn Abdulvahhobning oqim asoschisi bo'lgan o'z akasi va uning shogirdi Hasan ibn Iydonga atab raddiya tarzida yozilgan risolasida shunday deyiladi: “Siz shirki akbar, egasi butparast bo'ladi, deydigan bu ishlar Makka shahrida ham ko'p. Makkai sharifning amirlari, olimlari, butun aholisi olti yuz yildan beri u ishlarni ko'rib turibdi. Lekin ular bugun sizning tutgan bu yo'lingiz tufayli sizga la'natlar yog'dirishmoqda. Amirlar, olimlar bunday ish qilganlarni Islomdan chiqdi, deyishmayapti. Sizning da'voyingizga ko'ra esa, ular ochiq kofirdir. Bunday yo'l tutishlaringizning hadisi shariflarga xilofligi sizning da'voyingiz botil ekanining isbotidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makkani fath qilgach, o'sha erda turib: “Bugundan keyin hijrat yo'q”, dedilar. Ya'ni, ahli ilmlar sharhlashicha, Makkadan ko'chish yo'q. Demak, bundan ma'lumki, Makka doimo iymon diyoridir. Siz esa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam fitnalar shahri deya atagan diyorni iymon shahri, deb Makkadan u erga hijrat qilish kerak, demoqdasiz...”.

Adashgan firqalar o'tgan uch asrning to'g'ri yo'lidan birin-ketin chetga chiqa boshlashdi. Har bir firqa haqdan og'ib, o'zlarining g'arazli maqsadlari yo'lida qadam tashladi. Odamlarni ham fikru xayoli, sog'lom e'tiqodidan chalg'itishga urindi.  Bu  bilan ular, Alloh taoloning An'om surasi, 153-oyatida marhamat qilgan “Albatta, bu Mening to'g'ri yo'limdir. Bas, unga ergashinglar. Va boshqa yo'llarga ergashmanglar. Bas, sizni uning yo'lidan adashtirmasinlar.Mana shu sizga qilgan amrdirki, shoyad taqvoqilsangiz” oyatiga  xilof  ish tutdi. Shu tariqa nafsu havosiga berilgan, bid'at va zalolatga ko'milganlar toifasi ko'payib bordi. Bu holat asrlardan asrlarga o'tib hozirgi kunimizda ham davom etmoqda. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: “Darhaqiqat, Bani Isroil etmish ikki millat (guruh)ga bo'lindi, ummatim esa etmish uch millatga bo'linadi. Faqatgina bir millatdan tashqari ularning barchasi do'zaxdadir”, dedilar. (Sahobalar): “(Najot topgan) u (millat) kimlardir, yo Rasulalloh?” deb so'radilar. (Bunga javoban) Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Men va ashoblarim uning uzra bo'lgan (millatdir), dedilar”  (Imom Termiziy[2] rivoyati).

Imom Abu Bakr Haraviy aytadi: “Insonlar dinda ikki qismdir: muqallid va mujtahid. Mujtahidlarning ilmli bo'lishi shartdir. Din ilmi esa, Qur'on va sunnatga va u ikkisida vorid bo'lgan arab tiliga taalluqlidir. Endi, kimki Qur'on va sunnatni, ularning lafziy hukmlarini, sobit va mansuxlarini bilsa, oldin va keyin kelgan hukmlarini ajrata olsa, o'sha kishining ijtihodi durust va uning darajasiga etmaganlar unga taqlid qilishlari joizdir. Mujtahid bo'lmagan kishiga esa, olimlardan so'ramog'i va taqlid qilmog'i farzdir. Bunga ulamolar orasida xilof yo'q”. Ibn Qayyum Javziy “I'lomil muvqinin” kitobida: “Kishi, modomiki unda ijtihod shartlari jamlangan bo'lmasa, ya'ni barcha ilmlarni bilmasa, uning o'zicha Qur'on va hadisdan hukm olmog'i durust emas”, deydi. Ahmad ibn Munodiy aytadi: «Bir kishi Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhdan: “Bir kishi yuz ming hadisni yodlasa, faqih bo'ladimi?” deb so'raganida, u kishi: “Yo'q”, dedilar. Haligi kishi: “Agar ikki yuz ming hadisni yod olsa-chi?”, deb so'radi. Shunda imom yana: “Yo'q”, deb javob berdi. U kishi: “Uch yuz ming hadis yodlasa-chi?”, dedi. Imom: “Yo'q”, dedi. “To'rt yuz ming hadis yod olsa-chi?”, deganida, “Unda faqih bo'ladi”, deb javob berdi». Abul Hasan dedi: «Men otamdan: “Imom Ibn Hanbal qancha hadis yodlagan edi?” deb so'raganimda, u kishi: “Olti yuz ming hadisni yod bilardi”, dedi». Abu Ishoq aytadi: «Men xalifa Mansurning jome masjidida imomlik qilganimda, shu masalani odamlarga aytdim. Shunda bir kishi: “Siz ham shu miqdor hadis yodlaganmisizki, bu erda odamlarga fatvo aytib turibsiz?” dedi. Men: “Yo'q, faqat shuncha miqdor hadisni yod bilgan kishilarning so'zlari bilan fatvo beraman”, dedim».

Bizning davrimizda ham ikki yuzdan ortiq soxta salafiylikka o'xshash yot oqimlar mavjud. Soxta salafiylikning g'oyalari bilan sug'orilgan yoki ularning izdoshlaridan biri sifatida yaqin 3-4 yil oldin xuruj qilgan Iroq va Suriyada o'zlarini Islom davlati deb atagan IShIDni misol qilish mumkin.  Unga 1971 yil Iroqda tug'ilgan Ibrohim ibn Avvod ismli kimsa boshchilik qildi. Ammo o'zini Abu Bakr Bag'dodiy deb nomlab, “xalifalik qurish” shiori bilan hokimiyatni qo'lga olishga urindi. Achinarlisi, qandaydir qora kuchlar ta'siridagi shu da'vosi bilan Islom uchun jang qilayapmiz deb har kuni minglab begunoh musulmonlarni qatl qilib, bolalar, ayollar va hatto qariyalarni ham o'ldirishgacha bordi. Iroq turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligi ma'lumotlariga ko'ra mamlakatda IShID tashkiloti bir yildan kamroq vaqt davomida 40 ga yaqin noyob tarixiy qiymatga ega bo'lgan diniy inshootlarni vayron qilgan. Ularning orasida qadimgi masjidlar, nasroniy cherkovlari, bir nechta monastir va noyob obidalar ham bo'lgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Hajjatul vado'da qilgan xutbalarida shunday dedilar: “Shayton o'ziga ibodat qilinishidan sizlarning bu erlaringizda umidi so'ndi. Lekin bundan boshqa sizlar kichik hisoblaydigan ishlarda unga itoat qilinishidan umidi bor. Endi ehtiyot bo'linglar! Men sizlarga ikki narsani qoldiryapman: Allohning kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnati!Ularni mahkam tutsangiz hech qachon adashmaysiz!,,  dedilar.

Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlarni Huruqoga jo'natdilar. Ertalab biz hujum qildik va ularni mag'lub etdik. Men va bir ansoriy ulardan bo'lgan bir kishining ortidan tushdik. Biz unga etganimizda, u: “La ilaha illalloh” dedi. Buni eshitib ansoriy to'xtadi. Lekin men uni qilichim bilan chopib tashladim. Biz qaytganimizda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu haqda bilish uchun keldilar va aytdilar: “Ey Usoma! Sen uni “La ilaha illalloh” deganidan keyin ham o'ldirdingmi?” Men: “Ha, ammo u bu (gap)ni faqat o'zini saqlash uchun aytdi” dedim. U zot o'sha (so'zlari)ni shunday ko'p takrorlayverdilarki, men bundan oldin Islomga kirganimda edi, deya o'ylab qoldim” (Muttafaqun alayh). Boshqa bir rivoyatda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Uning qalbini yorib ko'rmadingmi?” degani aytiladi. Ibn Mirdavayh Ibrohim Taymiydan, u kishi otasidan, otasi Usoma roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda, Usoma roziyallohu anhu: “Endi hech qachon “La ilaha illalloh” degan kishini o'ldirmayman”, dedi. Shunda Sa'd ibn Molik roziyallohu anhu: “Men ham, Allohga qasamki, hech qachon “La ilaha illalloh” degan kishini o'ldirmayman”,  dedi.

Islomda biron bir musulmonga tajovuz qilish yoki uni nohaq o'ldirishga aslo ruxsat berilmagan. Bunday xunrezlikni qilgan kimsa uchun oxiratda ulkan azob bordir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: “Kim musulmonni qasddan o'ldirsa, uning jazosi jahannamdir. U erda u uzoq vaqt qoladi. Unga Allohning g'azabi va la'nati bo'lsin! Hamda U (Alloh taolo) unga ulkan azob tayyorlab qo'ygandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Shunday ekan, musulmonni kofirga chiqarishdan juda ehtiyot bo'lmoq lozim. O'zlariga Qur'on va hadisi shariflarda kelgan  chiroyli nomlar qo'yib, chin ma'nodagi musulmonlikni da'vo qilayotgan turli xil oqimlarning yot g'oyalariga aldanishdan ogoh bo'lish zarur. Islom tinchlik, mehr-oqibat va odob-axloq dini ekanini aslo yoddan chiqarmasligimiz kerak!

Abduvohid O'ROZOV

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

 

[1] Mazkur xayrli uch asrning birinchi asriodamlari sahobalardir. Ular islom aqidalari va asoslarini to'g'ridan to'g'ri Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning o'zlaridan qabul qilishgan. Islomning barcha hukm va odoblari ularning aqllariga mustahkam o'rnashgan, qalblari esa bid'atchilik va hamda turli vahmu gumonlardan musaffo bo'lgan.

Ikkinchi asri  tobe'inlar asridir. Ular Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ashoblariga ergashganlardir. Ya'ni, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni ko'rgan ashoblar bilan hamsuhbat bo'lib, ularning vasiyat va nasihatlaridan bahramand bo'lgan zotlardir.

Uchinchi asri  tobe'inlarga ergashgan zotlar, ya'ni taba'a tobe'inlar davridir. Bu asrda sof fikrlilik va Islom fitratining turli tashqi omillar ta'siridan xolilik davri davom etdi. Ana shu asrdan keyin turli bid'atlar ko'payib, ular keng quloch yoya boshladi

[2]Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso Bug'iy Termiziy hijriy 209 yilda Termiz shahrida tug'ilgan.

Imom Termiziy Imom Buxoriyning shogirdlaridan bo'lgan. Ilm talabida Huroson, Tobariston, Bag'dod, Basrava Hijoz kabi diyorlarni kezib chiqqan. Umrining oxirida ko'zlari ojiz bo'lib qolgan. Imom Termiziyning yodlash quvvatlari nihoyatda kuchli bo'lganidan, hifzda bu zot zarbulmasal qilingan. Imom Termiziyning eng mashhur kitobi “Sunani Termiziy”dir. Bundan tashqari “Shamoilu Nabaviya”, “Tarix” va “Ilal” kabi ko'plab kitoblari bo'lgan. Imom Termiziy hijriy 279 yilda 70 yoshida Termizda vafot etgan.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mehr-oqibat, shodlik, xayr-saxovat ayyomi

06.06.2025   2519   4 min.
Mehr-oqibat, shodlik, xayr-saxovat ayyomi

Shukuh


Mamlakatimizda muborak Qurbon hayitini ko‘tarinki kayfiyatda nishonlash yaxshi an’anaga aylangan. Bayram kunlari yurtimizda mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, saxovat va bag‘rikenglik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar yanada yorqin namoyon bo‘ladi.

Ushbu muborak ayyomda qarindosh-urug‘lar, yaqinlar, yolg‘iz keksalar holidan xabar olinadi, ko‘makka muhtoj insonlarga yordam beriladi, qisqacha aytganda, jamiyatda birdamlik va ahillik muhiti yana ham mustahkamlanadi.

Kezi kelganda, bugun mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga chiqqanini, barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham ko‘plab islohotlar amalga oshirilayotganini, yutuqlarga erishilayotganini alohida qayd etish lozim.

Yangi O‘zbekistondagi bu muvaffaqiyatlar zamirida fuqarolarning vijdon erkinligi huquqlarini ta’minlash borasidagi yangilik va yengilliklarni alohida qayd etish, xususan, ikki muhim hujjatni eslab o‘tish lozim.

Birinchisi — “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun, ikkinchisi — Prezidentimizning “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni. Ushbu ikki muhim hujjat tom ma’noda diniy-ma’rifiy soha samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishning mustahkam huquqiy asosi bo‘ldi.

Farmonga asosan, ko‘hna Buxoroda Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Bu xalqimiz, xususan, diniy-ma’rifiy soha vakillari uchun katta xushxabardir. Ushbu markaz tom ma’noda buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish kabi asosiy vazifalarni bajaradi. Naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etadi. Tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qiladi va soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.

Sirasini aytganda, ushbu markaz ham Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi singari uchinchi Renessansni qaror toptirish yo‘lidagi yana bir mustahkam ilm va aql markazi bo‘ladi, albatta.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Prezidentining Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, mashhur allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ko‘hna Sharq mo‘jizasi — Samarqand shahri 2025 yilda Islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilindi, ulug‘ vatandoshimiz Imom Moturidiyning 1155 yillik tavallud sanasi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.

Poytaxtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-ma’naviy yo‘nalishdagi ulkan va noyob loyiha sifatida el-yurtimiz hamda xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu muazzam maskan ko‘p ming yillik qadimiy tariximiz, boy va betakror milliy madaniyatimizning yorqin timsoli sifatida yangi O‘zbekiston hayotidagi g‘oyat muhim voqeaga aylanajak, albatta.

Shukrki, maqtansak arziydigan bu kabi xushxabar va yangiliklar bisyor. Ayniqsa, ayni hayit kunlarida bu yurtdoshlarimiz kayfiyatini yanada ko‘tarishi, bayramga o‘zgacha shukuh qo‘shishi muqarrar.

Kezi kelganda aytish joizki, muborak Qurbon hayitining ahamiyati yangi O‘zbekistonda ijtimoiy davlat barpo etish jarayonlari hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi sharoitda tobora ortib bormoqda. Bu muborak kunda yaqinlar bilan ko‘rishish, uzoqlashgan do‘stlar bilan yarashish, qarindosh-urug‘larga ziyoratga borish — barchasi mehr-oqibat va insonlar o‘rtasidagi uzviy aloqalarni mustahkamlaydi.

Hayit faqat bayramgina emas, balki ming yillar davomida shakllangan qadriyatlarimiz tarannumi hisoblanadi. Odatda ushbu ayyomda hamma bir-birini bayram bilan samimiy muborakbod etadi, qurbonliklar qilinadi. Qurbonlik go‘shtidan va taomidan ehtiyojmand, kam ta’minlangan insonlar, turli millat va din vakillariga ulashiladi. Bu, o‘z navbatida, saxiylik, shukronalik, jamiyatdagi tenglikni ta’minlashga qaratilgan ulkan ibrat hamda muhtojlar, yetim-yesirlar va e’tiborga muhtoj insonlar haqida qayg‘urishning amaliy ifodasi, qolaversa, o‘zaro mehr-oqibat rishtalarining yanada mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi.

Hayit ayyomingiz muborak bo‘lsin!

 

Homidjon ISHMATBЕKOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari.

Maqolalar