«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday ogohlantirdilar: “Boy odamning imkoni bo'la turib qarzini kechiktirishi zulmdir” (Ibn Hajar rivoyati).
Qarzni qaytarishga qodir bo'la turib, uni paysalga solish zulmdir. Ibn Foris rahimahulloh bunday deydi: “Berilishi shart bo'lgan narsani bermaslik – harom. Garchi qarz boydan olingan bo'lsa ham, uni kechiktirish uzr bo'lmaydi”.
Qarzni olgandan keyin uni vaqtida, xushmuomalalik bilan qaytarish lozim. Nabiy alayhissalom: “Sizlarning eng yaxshingiz qarzini go'zal ado etganidir” (Imom Buxoriy rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Qarz berganga eng yaxshi mukofot molini o'z vaqtida qaytarib berish hamda qarzdor tomonidan uning haqiga qilingan duodir. Abdulloh ibn Abu Robi'a roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Nabiy alayhissalom mendan qirq ming qarz oldilar. U zotga mol kelganida ularni menga qaytarib berdilar va: “Alloh molingga va ahlingga baraka bersin. Albatta, qarzning mukofoti maqtov va ado etishdir”, dedilar».
Agar qarzdor: “Olgan qarzimni, albatta, qaytarib beraman”, deb harakat qilsa, unga Alloh taolo yordamchi bo'ladi. Ammo niyati o'zgani aldash, molini eb ketish bo'lsa, uning oxiri voydir.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Payg'ambarimiz alayhissalom: “Kim odamlarning mollarini (qarzga) olib, uni qaytarishni niyat qilsa, Alloh uni ado etishda yordam qiladi. Kim yo'q qilishni niyat qilib olsa, Alloh uni yo'q qiladi”, deb ogohlantirganlar. Bu hadisni har bir qarz oluvchi yodida tutishi kerak.
Juda ko'p insonlar, qarzni istaganlaricha, zarurat bo'lsa ham, bo'lmasa ham olaverishadi. So'ng esdan chiqarib yuborishadi. To'lashni xayollariga ham kelti-
rishmaydi. Mabodo, ba'zisini to'lashsa, uzoq muddatdan keyin haqdor obdon yalingach, qolganini qaytaradi. Ish shu darajaga etadiki, go'yo qarzdor – haqdorga, haqdor – qarzdorga aylanadi.
Shuni yodda saqlash lozimki, Alloh taolo O'z rahmati bilan bandasining shirkdan boshqa barcha gunohlarini kechiradi. Faqat qarzni emas. Bandalar o'rtadagi o'zaro haqlarini bir-birlaridan kechmagunlaricha, Alloh taolo kechmaydi.
Manbalar asosida Buxoro viloyati
Romitan tumanidagi “Mullo Narze”
jome masjidi imom-xatibi
Sunnat FAHRIYeV tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 3-sonidan olindi
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati