O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Malayziya turizm, san'at va madaniyat vazirligi huzuridagi Islom turizmi markazi (Islamic Tourism Centre - ITC) Bosh direktori Mohmed Razip Hoji Hasan bilan uchrashuv o'tkazdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
Muloqot chog'ida sayyohlik sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, O'zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi, mintaqalarining ziyorat turizmi uchun noyob va ulkan salohiyati haqida ma'lumot berildi.
Mohmed Razip Hoji Hasanning aytishicha, O'zbekiston malayziyalik sayyohlar uchun jozibador manzil sifatida ko'p davlatlardan ustunlikka ega. Shu bois dunyodagi pandemiya bilan bog'liq vaziyatni hisobga olgan holda mamlakatimizning sayyohlik jozibadorligini Malayziya jamoatchiligi orasida targ'ib qilish chora-tadbirlarini ko'rishini ta'kidladi.
Uchrashuv yakunida ITM va Davlat turizm qo'mitasi o'rtasida anglashuv memorandumi imzolash va Buxoro viloyatida turizmni rivojlantirish departmenti vakillari o'rtasida videoanjuman o'tkazish yuzasidan bir qancha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, mamlakatimizda turizm soha vakillari uchun “ziyorat turizmi”, “muslim friendly” va “halal tourism” standartlarini rivojlantirish masalalari bo'yicha bir qator vebinar va gidlar malakasini oshirish uchun malay tili kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Ma'lumot uchun, Islom turizmi markazi (ITM) Malayziyada ziyorat turizmini rivojlantirish bo'yicha asosiy muvofiqlashtiruvchi idora sifatida faoliyat yuritadi. Uni tegishli vazirlik, idora va oliy o'quv yurtlari vakillari, turizm va mehmondo'stlik sohasi bo'yicha etakchi mutaxassislarni o'z ichiga olgan direktorlar Kengashi amalga oshiradi.
ITM tadqiqot olib boradi, Malayziyada sanoatni barqaror rivojlantirish uchun turizm siyosati bo'yicha takliflarni rasmiylashtiradi, musulmon bozoriga qaratilgan turistik paket va yo'nalishni tayyorlash bo'yicha seminarlar tashkil etadi va turoperatorlar bilan birga musulmon turistlarning ehtiyojlarini qondirish uchun alohida mahsulotlar yaratadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi "Haj" va "Umra" tadbirlarini tashkil etish markazi xodimi Qudratulloh Umrzoqovning buvici Halimaxon onaning vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, Ulamolar kengashi a’zolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga xususan, Qudratulloh Umrzoqovga hamdardlik bildiradi.
Janoza namozi bugun asr namozidan so‘ng Andijon shahar, Bo‘ston mahallasidagi (Adham somsa kafesi oldidan kiriladi) marhumaning xonadonida o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi