Qiyomat qachon bo'lishini bilmaymiz, ammo Qur'on oyatlari va hadislarga ko'ra, u yaqindir.
Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Odamlarga hisobot (kun)lari (qiyomat) yaqinlashib qoldi. Ular hanuz g'aflatda, (imon va amaldan) yuz o'giruvchidirlar”(Anbiyo surasi, 1-oyat).
Qur'oni karimda aytiladi: “Odamlar Sizdan qiyomat (qachon bo'lishi) haqida so'raydilar. «U haqdagi ma'lumot faqat Allohning huzuridadir», – deb ayting! Qayerdan bilursiz, ehtimol, qiyomat yaqinda bo'lar”(Ahzob surasi, 63-oyat).
Boshqa oyati karimalarda bunday deyiladi: “Chunki ular u (kun)ni uzoq deb bilurlar, Biz esa uni yaqin bilurmiz” (Ma'orij surasi, 6-7-oyatlar).
Qiyomatning yaqinligini uning belgi va alomatlarining namoyon bo'lishidan ham bilish mumkin.
Ko'plab oyati karimalarda Haq taolo hisob va jazo kuni yaqinligini va'da qiladi. Aslida bu dunyo hayoti abadiy hayotning oldida bir lahzadir, xolos.
Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vassallam: “Men qiyomat ila mana bundoq holda yuborildim”, dedilar va ikki barmoqlarini cho'zib ishora qildilar. Boshqa rivoyatda: “Men qiyomat ila mana bu ikkisi kabi yuborildim”, dedilar va ko'rsatkich va o'rta barmoqlarini qo'shdilar, deyilgan (Ikki shayx va Termiziy rivoyati).
Yana boshqa bir hadisi sharifda esa: Rasululloh sollallohu alayhi vassallam: “Dunyoda turishingiz sizlardan oldin o'tgan ummatlarga nisbatan go'yo asrdan quyosh botgunichadir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ibn Kasir rahimahulloh aytadi: “Alloh taolodan boshqa hech kim Qiyomat qachon bo'lishini va unga qancha vaqt qolganini bilmaydi. Hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan u vaqtning qachonligi haqida birorta hadis rivoyat qilinmagan. Lekin, uning alomatlari zohir bo'lishidan Qiyomat kuniga oz qolganini bilish mumkin. Qolaversa, o'tayotgan vaqt ham Qiyomatga tobora yaqin qolayotganidan darak beradi”.
Qiyomat kuni yaqin va uning muqarrarligi aniq. O'z tushunchamizga ko'ra undan qanchalik uzoq yoki umrimizni qisqa deb bilmaylik u, albatta, keladi. Kelganda uni hech qaytarib bo'lmaydi.
Manbalar asosida
Bahriddin HUShBOQOV
tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ey aziz yoshlar!
Siz giyohvand moddaning quliga aylanish uchun dunyoga kelmagansiz.
Alloh sizni buyuk maqsadlar uchun yaratdi. Siz go‘zal orzular sari qadam tashlaydigan, ilm olish, Insoniyyatga xizmat qilish, ota-onangizning yuzini yorug‘ qilish uchun yaratilgansiz.
Sizni onangiz to‘qqiz oy bag‘rida ko‘tarib, tunlari uyqusiz qolib, ko‘z yosh to‘kib katta qilgani – bir kun kelib ko‘chalarda sarson bo‘lishingiz uchun emas.
Otangizning peshona teri, mashaqqati va umri – zahar tutatib o‘tirishingiz uchun emas.
Bir lahza to‘xtab o‘ylab ko‘ring...
Agar bugun siz qo‘lingizdagi giyohvand moddaga qarayotgan bo‘lsangiz, bir chetda onangiz sizning kelajagingiz haqida duo qilib o‘tirgandir. Agar siz gunohga qadam qo‘yayotgan bo‘lsangiz, otangiz sizni odamlar ichida hurmatli inson bo‘lsin deb mehnat qilayotgandir.
Siz buning uchun tug‘ilmadingiz!
Sizning qo‘lingizda kashfiyotlar kaliti bo‘lishi kerak edi, zahar emas.
Sizning tilingizda shukru zikr bo‘lishi kerak edi, dillarni og‘ritadigan gaplar emas.
Sizning qalbingizda orzu va maqsadlar bo‘lishi kerak edi, pushaymonlik emas.
Bugun sizni gunohga chorlayotgan "do‘stlar" qabrga siz bilan kirmaydi. Hisob-kitob kunida ham yoningizda turmaydi. Ammo qilgan amallaringiz siz bilan birga boradi.
Shuning uchun hali vaqt bor ekan, ortga qayting!
Bir dona tavba ba’zan yillar davom etgan gunohdan kuchli bo‘ladi.
Bir dona qat’iy qaror ba’zan butun hayotni o‘zgartirib yuboradi.
Ey yosh musulmon! Siz TikTok va Instagram lentasida adashib qoladigan, nafsining ortidan yuguradigan avlod emas, balki tarix yozadigan avlodsiz.
Siz ummatning umidi.
Siz ota-onangiz duosi.
Siz jonajon vataningizning ertangi umidisiz.
Siz ilm majlislarining bezagisiz.
O‘zingni arzon narsalarga sotib yubormang. Chunki Alloh sizni juda qimmat yaratgan.
Bir lahzalik kayf uchun bir umr afsus chekishga arzimaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q”.
Giyohvand moddaga berilgan inson ham o‘ziga ham boshqalarga ulkan zarardir.
Ulamolarimiz aytadilar: “Ma’siyatlarning boshlanishi shahvatdir, oxiri esa hasrat va nadomatdir”.
Bugun gunoh lazzatdek ko‘rinadi, ammo ertaga qalbni ezadigan pushaymonlikka aylanadi.
Ey yoshlar! Bir lahzalik lazzat uchun bir umr hasrat chekib qolmang. Giyohvandlik sizga baxt va erkinlik emas, qullik va pushaymonlik olib keladi. O‘zingizni ham, ota-onangizning umidlarini ham asrang!
Alloh barcha yoshlarimizni giyohvandlik, ichkilikbozlik va har bir yomon illatdan asrasin. Omin.
Nuriddin HAMRAQULOV,
Yakkasaroy tumani “Rahimjon hoji ota” jome masjidi imom noibi