۞يَسَۡٔلُونَكَ عَنِ ٱلۡخَمۡرِ وَٱلۡمَيۡسِرِۖ قُلۡ فِيهِمَآ إِثۡمٞ كَبِيرٞ وَمَنَٰفِعُ لِلنَّاسِ وَإِثۡمُهُمَآ أَكۡبَرُ مِن نَّفۡعِهِمَاۗ وَيَسَۡٔلُونَكَ مَاذَا يُنفِقُونَۖ قُلِ ٱلۡعَفۡوَۗ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ ٱللَّهُ لَكُمُ ٱلۡأٓيَٰتِ لَعَلَّكُمۡ تَتَفَكَّرُونَ٢١٩
219. Sizdan xamr va qimor haqida so'rashadi. "Ikkalasida ulkan gunoh bor va odamlarga biroz manfaati ham bor, ammo gunohi manfaatidan kattadir", deng. Yana sizdan nimalarni ehson qilish haqida so'rashadi. "Ortiqchasini", deng. Fikr yuritishlaringiz uchun Alloh oyatlarini shunday bayon etadi.
Hamr (aroq, sharob kabi mast qiluvchi ichimliklar) va qimor haqida Qur'oni karimda bir necha oyat kelgan. Hamma oyatlarda bu ikki illat qoralangan, faqat ularni asta-sekin muolaja qilish uchun ilk oyatlarda uning haromligi keskin qo'yilmagan. Eng oxiri tushgan Moida surasidagi oyatda bularning haromligi ochiq e'lon qilingan va shundan keyin musulmonlar bu illatdan butunlay yuz o'girishgan. Ammo, ming afsuslar bo'lsinki, ota-bobolari mast qiluvchi ichimliklarni harom sanab, undan mutlqao yuz o'girgan ayrim kishilar mustamlakachilar nog'orasiga o'ynab, ichkilik ichishni odat qilishdi. Keyinchalik esa bu balo chinakamiga umummilliy kulfatga aylandi. Hatto yurtimizga bu baloni olib kelgan mustamlakachilar yurtida ham hozir bu olamshumul illatdan qanday qutilishni, hech bo'lmasa uni sal bo'lsa-da jilovlashni bilolmay boshlari qotgan. Dinimiz hukmlarida: «Har bir ichimlik mast qilsa, haromdir»; «U davo emasdir, u darddir»; «Ko'pi mast qiladigan narsaning ozi ham haromdir»; «Kim bu dunyoda xamr ichib, uni tark etmay o'lib ketsa, tavba qilmasa, oxiratda uni ichmaydi (ya'ni jannatga kirmaydi)».
Islom dinining vazifalaridan biri aqlni muhofaza qilishdir. Hamr aqlni ketkazishi uchun harom qilingan, ichish taqiqlangan. Hamr ichishning o'zi katta gunohdir. Dunyo va oxirat uchun uning etkazadigan zararlar son-sanoqsiz. Lekin, Islom qoidasi bo'yicha, shaytongina kechirilishdan umidi yo'q, boshqalar Alloh taoloning rahmatini umid qilsalar, hali imkon bor, to o'lim holatiga tushguncha tavba eshiklari ochiq. Hamr ichgan (yoki boshqa gunoh sodir etgan) har qanday shaxs o'zini qo'lga olib tavba qilsa, Alloh taolo uning tavbasini qabul qiladi. Faqat bir shart bilan: oldin sodir etgan gunohiga chin dildan afsus cheksin va o'sha gunohni takrorlamaslikka azmu qaror qilsin. Ana o'shanda Alloh taolo uning tavbasini qabul qiladi. Insonni mast qiluvchi har qanday ichimlik haromdir, ikki taraf bo'lib yutish va boy berish sharti bilan o'ynaladigan har qanday qimor (o'yin) ham haromdir.
Yana odamlarning Payg'ambarimizdan "Alloh yo'lida molimizning qanchasini ehson qilaylik?" deb so'rashganiga javoban oyati karimada: avval molingizni o'zingiz va ahlingizning dunyoviy ehtiyojlariga ishlating, bundan ortganini Alloh yo'lida, ya'ni ko'pchilik manfaati, din ravnaqi yo'lida xarjlang, deb ta'lim berilmoqda. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Hayr-ehsonning yaxshisi orttirilganidan qilinganidir", deb marhamat qilganlar. Yana xayr-ehsonlarni riyo bilan, odamlar ko'rsin uchun qilish, berganini minnat qilish ham yomon illatlardan, buning uchun banda ajru savob ham olmaydi, unga xayru barakot ham bo'lmaydi. Qatoda roziyallohu anhu aytadi: "Banda qachon riyo bilan amal qilsa, Alloh taolo: "Bandam Meni qanday masxara qilayotganini ko'ringlar", deydi". Rasululloh sollallohu alayhi vasallam riyo, kibr, manmanlik kabi illatlarni kichik shirkka o'xshatganlar.
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Qur’on tinchlikka buyuradi» shiori ostida Samarqand shahridagi "Obi Rahmat" jome masjidida Qur’on musobaqasi tashkil etildi. Qur’oni karimga bo‘lgan muhabbatni yuksaltirish, qiroat va tajvid ilmlarini keng targ‘ib etish hamda jamiyatda tinchlik va osoyishtalik g‘oyalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ushbu xayrli tadbirning saralash bosqichlaridan o‘tgan ishtirokchilar «Hifz» va «Mujavvid» yo‘nalishlari bo‘yicha bellashdi.
G‘olib va sovrindorlar:
«Hifz» yo‘nalishi:
1-o‘rin: Asqar Tursunov (Samarqand shahri, «Muhammadamin ota» masjidi imom-noibi);
2-o‘rin: Abduvakil Olimov (Urgut tumani, «G‘avsul A’zam» masjidi imom-xatibi);
3-o‘rin: Shavkat Mahmudov (Narpay tumani, «So‘fi Ziyrak» masjidi imom-xatibi).
«Mujavvid» yo‘nalishi:
1-o‘rin: Zikrullo Matlabov (Samarqand shahri, «Xo‘ja Abdu Darun» masjidi imom-noibi);
2-o‘rin: Burxoniddin Tursunov (Nurobod tumani, «Jom ota» masjidi imom-xatibi);
3-o‘rin: Isomiddin Isayev (Paxtachi tumani, «Xo‘ja Ziyovuddin» masjidi imom-xatibi).
Qo‘shimcha nominatsiyalar:
«Eng ta’sirchan tilovat»: O‘tkir Abdullayev (Pastdarg‘om tumani);
«Eng go‘zal tilovat»: Sardorxon Sobirov (Samarqand tumani);
«Tajvid qoidalariga eng mukammal rioya qilgan ishtirokchi»: Yusufxon Nizomov (Samarqand shahri).
Tadbir yakunida g‘oliblarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligining diplomlari va «Vaqf» fondi filiali tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati