1-savol: “Barzax” hayoti nima?
Javob: “Barzax” so'zi lug'atda ikki narsaning orasi deganidir. Shariat istilohida esa inson vafot etganidan so'ng to qiyomatgacha bo'lgan vaqtini “barzax” hayoti deyiladi.
Inson qabrga qo'yilganidan so'ng ikki farishta – Munkar va Nakir Alloh va Uning rasuli, dini haqida so'rashi, shundan keyin qabrda rohat yoki azobning bo'lishi haqdir (“Fiqhul Akbar”).
2-savol: Ba'zilar qabr atrofida aylanib, marhumdan madad so'raydi. Qabrni ziyorat qilish odobi qanday?
Javob: Qabrlarni ziyorat qilish joizdir. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Qabrlarni ziyorat qilishdan sizlarni qaytargan edim. Endi qabrlarni ziyorat qilaveringlar! Chunki u oxiratni eslatadi”, deganlar. Bu sahih hadisdir. Qabr ziyorati o'yinkulgi uchun, odamlarga qo'shilib borib, ko'rib kelish, tomosha qilish uchun bo'lmasligi kerak. Inson qabrlarda yotganlardan ibrat olishi, o'zining ham u erga kelishini o'ylashi, oxiratining obod bo'lishini, qabrdagi so'roqsavollarni, unga berilishi kerak bo'lgan javoblarni o'ylashi, o'zidan keyinda qolganlar uni nima deb, qanday odam deb eslashlarini tasavvur qilishi darkor. Qabristonga kelganda dunyoda parhezgar bo'lishini, haloldan rizqlanishini, qilgan gunohlariga, yomonliklariga pushaymon bo'lib, tavba va istig'forlar qilishi lozim.
Qabrlarning ziyoratiga borganda tahoratli bo'lish mustahabdir. Aslida mo'min-musulmon hamma vaqt tahoratli yurishi afzal.
Qabristonga kirib kelganda, umumiy qilib qabristonda yotgan musulmonlarga salom beriladi. Ziyorat qilmoqchi bo'lgan qabri oldiga kelganda, uning qibla tarafiga o'tib, orqani qiblaga, yuzni esa qabr tomonga qaratib, Qabr ahliga salom beriladi. Bu Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan qolgan mo''tabar odatdir. Jumladan, u zoti sharif qabristonga chiqqanlarida: “Assalomu alaykum, mo'min va muslimlar diyorining ahllari! Biz Alloh xohlasa, sizlarga qo'shilamiz. Allohdan o'zimizga va sizlarga ofiyat so'raymiz”, deganlar. Keyin Qur'ondan bilgan sura yoki oyatlarini o'qib, qabriston ahliga, o'zi ziyorat qilayotgan qabrdagi kimsa ruhoniyatiga savobini bag'ishlaydi.
Imom Bayhaqiy va Daylamiylar Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilishlaricha, Janobi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qabrda yotgan mayyit bamisoli suvda g'arq bo'lib ketayotgan va yordam so'rayotgan kishiga o'xshaydi, u o'z otasi, onasi, farzandi, do'stidan yordam so'raydi. Agar ulardan duo etsa, unga butun dunyo boyligidan ulug'roq hadya etgan bo'ladi. Tiriklar duosi sababli qabr ahllariga tog'lardek katta savoblar etadi. Tiriklarning mayyitlarga qiladigan hadyasi ular haqqiga istig'for aytishdir”, deganlar.
Qabr ahli tirikliklarida qanday ehtiromga sazovor bo'lgan bo'lsalar, o'lganlaridan so'ng ham ehtirom etilishga loyiqdirlar. Avliyolar qabrlari oldida ehtirom bilan yurish, odob bilan gaplashish lozim. Oysha onamiz (roziyallohu anho) aytadilar: “Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) hujramga dafn qilinganlaridan so'ng birovi xo'jayinim, birlari otam deb, uyda paytimda tez-tez kirib ziyorat qilib chiqaverar edim. Ammo hazrat Umar (roziyallohu anhu) ularning yonlariga dafn qilinganidan so'ng kam kiradigan, kirsamda, hijobim va pardam bilan kiradigan bo'ldim”.
O'liklar yordam berishga qodir emas. Ulardan madad va hojatlarini ravo etishni so'rash shirkdir.
Ziyorat vaqtida qabrlarni o'pish, ularni quchoqlash, yuzga surtish kabi amallar makruhi tahrimiy, ya'ni haromga yaqin makruh amal hisoblanadi. Qabr atrofini aylanish esa mutlaqo harom. Qabrlar oldida chiroq yoki shamlar yoqish, ularning yonida qo'ylar so'yish, har xil lattalar bog'lash ham shar'an harom ishlardir. Buni halol sanash insonni kufrga olib boradi.
3-savol: Ba'zi janoza namozlarida ishtirok etib, qabristonda qabrlarni bosib yurgan kishilarni ko'ramiz. Ushbu narsa Islom dinida joizmi?
Javob: Bu narsa Islom shariatida joiz emas. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deb marhamat qilganlar: “Sizlarning birortangiz qabr ustiga o'tirganingizdan ko'ra bir cho'g'ning ustiga o'tirib, kiyimingizni kuydirganingiz va o'sha kiyim kuyib teringizga yopishib qolgani yaxshiroqdir” (Imom Muslim rivoyati).
Shunday ekan, qabrlarning ustiga o'tirish gunoh hisoblanadi. Iloji boricha bunday ishlardan ehtiyot bo'lmoq lozim.
4-savol: Qabr ustiga qo'yilgan tosh yoki marmar qabrda yotgan mayyitga azob berarmish, shu rostmi?
Javob: Qabr ustiga tosh yoki marmarga o'xshash boshqa narsalar qo'yishni agar marhum vasiyat qilgan bo'lsa, unga shu noshar'iy vasiyati tufayli ma'lum darajada azob berilishi kitoblarda yozilgan.
5-savol: Bizning vodiy tomonlarda bir odat bor, odamlar qabriston ziyoratiga borganda, qabr usti va atroflariga don sepadilar, boshqa birovlar esa, olib borgan doniga duo ham o'qishadi. Bu narsa shariatimizda bormi?
Javob: Yo'q. U kabi ishlar johiliyat odatlaridandir. Qadimda johiliyat zamonlarida odamlar qabrlar yoniga don-dun qo'yib ketishlari tarixdan ma'lum.
Qabr usti va atrofiga don sochish donni isrof qilishdir. Isrof nafaqat bizning dinimizda, balki barcha dinlarda man qilingan.
6-savol: Qabrlarni ochish mumkinmi?
Javob: Dinimizda qabrlarni ochish, marhumning suyaklariga shikast etkazish man etilgan (“Fatovoyi Hindiya”). Shuning uchun zarurat bo'lmasa, qabr ochilmaydi.
7-savol: Yurtimizning juda ko'p joylarida, ayniqsa, yo'l chekkalarida ramziy “qabr” sifatida o'rab qo'yilgan joylarga duch kelamiz. To'g'ri, bu o'sha joyda halokat sodir bo'lgani va oqibatda insonlar halok bo'lganini anglatishi shubhasiz. Lekin bu erni turli xil panjara yoki belgilar qo'yib o'rash to'g'rimi?
Javob: Kishi vafot etganidan keyin uning qabri adashtirilmasligi uchun unga biron belgi qo'yish mumkin. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ham yaqin kishilaridan biri vafot etganida qabriga bir toshni belgi sifatida qo'yganlar.
Yo'l chetlarini ramziy qabr sifatida emas, balki haqiqatan ham o'sha joyda marhum yotgani bois o'rab qo'yiladi. Azaldan yurtimizda Islom diniga e'tiqod qilib kelingani bois marhumlarga hurmat saqlangan va vafot etgan kishining qabrini belgi qilib, o'rab qo'yishgan. Yo'lovchilar qabrni bosib o'tmasligi, ustida tahorat ushatmasligi, uxlab qolmasligi va o'sha erdan haydab o'tiladigan poda qabrni bosib, oyoqosti qilmasligi, tezaklarini tashlab ketmasligini ko'zlab shunday qilinadi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarning birortangiz qabr ustiga o'tirganingizdan ko'ra bir cho'g'ning ustiga o'tirib, kiyimingizni kuydirganingiz va o'sha kiyim kuyib, teringizga yopishib qolgani yaxshiroqdir, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).
Shunday ekan, qabrlar ustiga o'tirish gunoh hisoblanadi va mana shu kabi gunohlardan saqlanish uchun qabr ustiga belgi o'rnatilgan yoxud o'rab qo'yilgan.
O'MI Matbuot xizmati
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi