Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Qabr va qabriston ziyorati

20.11.2020   16259   8 min.
Qabr va qabriston ziyorati

1-savol: “Barzax” hayoti nima? 

Javob: “Barzax” so'zi lug'atda ikki narsaning orasi deganidir. Shariat istilohida esa inson vafot etganidan so'ng to qiyomatgacha bo'lgan vaqtini “barzax” hayoti deyiladi. 

Inson qabrga qo'yilganidan so'ng ikki farishta – Munkar va Nakir Alloh va Uning rasuli, dini haqida so'rashi, shundan keyin qabrda rohat yoki azobning bo'lishi haqdir (“Fiqhul Akbar”). 

2-savol: Ba'zilar qabr atrofida aylanib, marhumdan madad so'raydi. Qabrni ziyorat qilish odobi qanday? 

Javob: Qabrlarni ziyorat qilish joizdir. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Qabrlarni ziyorat qilishdan sizlarni qaytargan edim. Endi qabrlarni ziyorat qilaveringlar! Chunki u oxiratni eslatadi”, deganlar. Bu sahih hadisdir. Qabr ziyorati o'yin­kulgi uchun, odamlarga qo'shilib borib, ko'rib kelish, tomosha qilish uchun bo'lmasligi kerak. Inson qabrlarda yotganlardan ibrat olishi, o'zining ham u erga kelishini o'ylashi, oxiratining obod bo'lishini, qabrdagi so'roq­savollarni, unga berilishi kerak bo'lgan javoblarni o'ylashi, o'zidan keyinda qolganlar uni nima deb, qanday odam deb eslashlarini tasavvur qilishi darkor. Qabristonga kelganda dunyoda parhezgar bo'lishini, haloldan rizqlanishini, qilgan gunohlariga, yomonliklariga pushaymon bo'lib, tavba va istig'forlar qilishi lozim. 

Qabrlarning ziyoratiga borganda tahoratli bo'lish mustahabdir. Aslida mo'min-musulmon hamma vaqt tahoratli yurishi afzal. 

Qabristonga kirib kelganda, umumiy qilib qabristonda yotgan musulmonlarga salom beriladi. Ziyorat qilmoqchi bo'lgan qabri oldiga kelganda, uning qibla tarafiga o'tib, orqani qiblaga, yuzni esa qabr tomonga qaratib, Qabr ahliga salom beriladi. Bu Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan qolgan mo''tabar odatdir. Jumladan, u zoti sharif qabristonga chiqqanlarida: “Assalomu alaykum, mo'min va muslimlar diyorining ahllari! Biz Alloh xohlasa, sizlarga qo'shilamiz. Allohdan o'zimizga va sizlarga ofiyat so'raymiz”, deganlar. Keyin Qur'ondan bilgan sura yoki oyatlarini o'qib, qabriston ahliga, o'zi ziyorat qilayotgan qabrdagi kimsa ruhoniyatiga savobini bag'ishlaydi. 

Imom Bayhaqiy va Daylamiylar Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilishlaricha, Janobi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qabrda yotgan mayyit bamisoli suvda g'arq bo'lib ketayotgan va yordam so'rayotgan kishiga o'xshaydi, u o'z otasi, onasi, farzandi, do'stidan yordam so'raydi. Agar ulardan duo etsa, unga butun dunyo boyligidan ulug'roq hadya etgan bo'ladi. Tiriklar duosi sababli qabr ahllariga tog'lardek katta savoblar etadi. Tiriklarning mayyitlarga qiladigan hadyasi ular haqqiga istig'for aytishdir”, deganlar. 

Qabr ahli tirikliklarida qanday ehtiromga sazovor bo'lgan bo'lsalar, o'lganlaridan so'ng ham ehtirom etilishga loyiqdirlar. Avliyolar qabrlari oldida ehtirom bilan yurish, odob bilan gaplashish lozim. Oysha onamiz (roziyallohu anho) aytadilar: “Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) hujramga dafn qilinganlaridan so'ng birovi xo'jayinim, birlari otam deb, uyda paytimda tez-tez kirib ziyorat qilib chiqaverar edim. Ammo hazrat Umar (roziyallohu anhu) ularning yonlariga dafn qilinganidan so'ng kam kiradigan, kirsamda, hijobim va pardam bilan kiradigan bo'ldim”. 

O'liklar yordam berishga qodir emas. Ulardan madad va hojatlarini ravo etishni so'rash shirkdir. 

Ziyorat vaqtida qabrlarni o'pish, ularni quchoqlash, yuzga surtish kabi amallar makruhi tahrimiy, ya'ni haromga yaqin makruh amal hisoblanadi. Qabr atrofini aylanish esa mutlaqo harom. Qabrlar oldida chiroq yoki shamlar yoqish, ularning yonida qo'ylar so'yish, har xil lattalar bog'lash ham shar'an harom ishlardir. Buni halol sanash insonni kufrga olib boradi. 

3-savol: Ba'zi janoza namozlarida ishtirok etib, qabristonda qabrlarni bosib yurgan kishilarni ko'ramiz. Ushbu narsa Islom dinida joizmi? 

Javob: Bu narsa Islom shariatida joiz emas. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deb marhamat qilganlar: “Sizlarning birortangiz qabr ustiga o'tirganingizdan ko'ra bir cho'g'ning ustiga o'tirib, kiyimingizni kuydirganingiz va o'sha kiyim kuyib teringizga yopishib qolgani yaxshiroqdir” (Imom Muslim rivoyati). 

Shunday ekan, qabrlarning ustiga o'tirish gunoh hisoblanadi. Iloji boricha bunday ishlardan ehtiyot bo'lmoq lozim. 

4-savol: Qabr ustiga qo'yilgan tosh yoki marmar qabrda yotgan mayyitga azob berarmish, shu rostmi? 

Javob: Qabr ustiga tosh yoki marmarga o'xshash boshqa narsalar qo'yishni agar marhum vasiyat qilgan bo'lsa, unga shu noshar'iy vasiyati tufayli ma'lum darajada azob berilishi kitoblarda yozilgan. 

5-savol: Bizning vodiy tomonlarda bir odat bor, odamlar qabriston ziyoratiga borganda, qabr usti va atroflariga don sepadilar, boshqa birovlar esa, olib borgan doniga duo ham o'qishadi. Bu narsa shariatimizda bormi? 

Javob: Yo'q. U kabi ishlar johiliyat odatlaridandir. Qadimda johiliyat zamonlarida odamlar qabrlar yoniga don-dun qo'yib ketishlari tarixdan ma'lum. 

Qabr usti va atrofiga don sochish donni isrof qilishdir. Isrof nafaqat bizning dinimizda, balki barcha dinlarda man qilingan. 

6-savol: Qabrlarni ochish mumkinmi? 

Javob: Dinimizda qabrlarni ochish, marhumning suyaklariga shikast etkazish man etilgan (“Fatovoyi Hindiya”). Shuning uchun zarurat bo'lmasa, qabr ochilmaydi. 

7-savol: Yurtimizning juda ko'p joylarida, ayniqsa, yo'l chekkalarida ramziy “qabr” sifatida o'rab qo'yilgan joylarga duch kelamiz. To'g'ri, bu o'sha joyda halokat sodir bo'lgani va oqibatda insonlar halok bo'lganini anglatishi shubhasiz. Lekin bu erni turli xil panjara yoki belgilar qo'yib o'rash to'g'rimi? 

Javob: Kishi vafot etganidan keyin uning qabri adashtirilmasligi uchun unga biron belgi qo'yish mumkin. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ham yaqin kishilaridan biri vafot etganida qabriga bir toshni belgi sifatida qo'yganlar. 

Yo'l chetlarini ramziy qabr sifatida emas, balki haqiqatan ham o'sha joyda marhum yotgani bois o'rab qo'yiladi. Azaldan yurtimizda Islom diniga e'tiqod qilib kelingani bois marhumlarga hurmat saqlangan va vafot etgan kishining qabrini belgi qilib, o'rab qo'yishgan. Yo'lovchilar qabrni bosib o'tmasligi, ustida tahorat ushatmasligi, uxlab qolmasligi va o'sha erdan haydab o'tiladigan poda qabrni bosib, oyoqosti qilmasligi, tezaklarini tashlab ketmasligini ko'zlab shunday qilinadi. 

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarning birortangiz qabr ustiga o'tirganingizdan ko'ra bir cho'g'ning ustiga o'tirib, kiyimingizni kuydirganingiz va o'sha kiyim kuyib, teringizga yopishib qolgani yaxshiroqdir, dedilar” (Imom Muslim rivoyati). 

Shunday ekan, qabrlar ustiga o'tirish gunoh hisoblanadi va mana shu kabi gunohlardan saqlanish uchun qabr ustiga belgi o'rnatilgan yoxud o'rab qo'yilgan.

O'MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   36257   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari