«Imom Abu Ja'far Tahoviy rahimahulloh aytadi: “Imom bilan jamoat bo'lib namoz o'qilgan masjidda qayta jamoat bo'lib o'qish – makruh. Albatta, bu hukm unda azon va iqomat aytilib, namozlar jamoat bilan o'qiladigan masjidlarga tegishlidir. Azon va iqomat aytilmaydigan, namozlar jamoat bo'lib o'qilmaydigan masjidlar bundan mustasno”».
Ya'ni azon va iqomat aytilib, masjid imomi bilan biror namoz (masalan, peshin) o'qilgach, ana shu masjidda peshinni o'qish uchun ikkinchi jamoatning hozir bo'lishi makruh sanaladi. Bu holatda avvalgi jamoat – masjid imomi bilan o'qilgan namozga etisha olmagan kishi namozni yolg'iz holda o'zi o'qiydi. Imomi tayin qilinmagan, azon va iqomat aytilib, namozlar jamoat bilan o'qilmaydigan musofir-yo'lovchilar, ishchi-xizmatchilar uchun qurilgan masjid yoki namozxonalarda esa namozlarni ikkinchi jamoat bilan o'qishning zarari yo'q.
Imom Abu Bakr Jassos rahimahulloh mazkur karohatni sharhlab shunday deydi: Faqihlar azon va iqomatni qaytarmaslikka ittifoq qilishgan. Zero, azon va iqomatni takrorlash yana shunday (avvalgidek) jamoatning jamlanishini vojib qiladi. Chunki jamoatlar azon va iqomatsiz namoz o'qimaydi.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam (bir kuni) masjiddako'rinmay qoldilar, shunda sahobalari namozni (o'zlari jamoat bo'lib) o'qib olishdi. U zot qaytib kelganlarida ahli baytlari oldiga kirib, ular bilan birga jamoat bo'lib namoz o'qidilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Agar masjidda qayta jamoat bo'lish maqbul bo'lganida Nabiy sollallohu alayhi va sallam uni aslo tark qilmas edilar. Chunki u zotning masjiddagi jamoati boshqa erdagi jamoatidan ko'ra afzalroqdir.
Shuningdek, agar jamoatni qaytarish joiz bo'lganida namozlarni o'qib berish uchun masjidga muayyan imomning tayin qilinishi shart qilinmagan va har bir jamoat o'z imomi bilan azon va iqomatni aytib o'qishgan bo'lardi. Shuning uchun qayta jamoat qilish joiz emas.
Agar “Nabiy sollallohu alayhi va sallam masjidda yolg'iz namoz o'qiyotgan kishini ko'rib: “Kim buni tasdiqlab, u bilan birga namoz o'qiydi?” deganlar” (Imom Abu Dovud rivoyati), vaholanki, bu holat namoz masjidda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan jamoat bo'lib o'qilganidan keyin yuz bergan, deb e'tiroz qilinsa, javob shunday bo'ladi:
Yuqorida keltirgan masjiddagi jamoatga etisholmagan kishining ahli oilasi bilan uyida jamoat bo'lib namoz o'qishi haqidagi hadisimizni masjidda ikkinchi jamoatningtaqiqlanishiga dalolat qiladi, deb aytish to'g'riroqdir. Chunki mazhabimizda taqiq va ruxsat barobar kelib qolganida taqiqni olish afzal hisoblanadi» (“Sharhu Muxtasari at-Tahoviy”, 8-juz, 518 – 520-betlar).
Hanafiylarning eng so'nggi muhaqqiq olimlaridan Ibn Obidiyn nomi bilan tanilgan Muhammad Amiyn quyidagilarni keltiradi:
«Takrori jamoat makruhdir. Chunki Abdurahmon ibn Abu Bakr roziyallohu anhumo otasidan shunday rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ansorlarning o'rtasini isloh qilish uchun uylaridan chiqdilar. Qaytib kelganlarida masjidda namoz jamoat bilan o'qib bo'lingan edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ayollaridan birining uyiga kirib, ahllarini jamladilar va ular bilan jamoat bo'lib namoz o'qidilar”. Agar masjidda takrori jamoat makruh bo'lmaganida u zot, albatta, masjidda o'qigan bo'lardilar. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalari masjiddagi jamoatni o'tkazib yuborishsa, masjidda namozni yolg'iz-yolg'iz holda o'qishar edi”. Chunki takror jamoatning kamayib ketishiga olib keladi. Odamlar jamoat namozidan kech qolishlarini bilganlari uchun jamoatga shoshilishadi, natijada jamoat ko'payadi. Aksincha jamoatdan kechikish xavfi bo'lmasa, ular namozlarni ortga surishadi. Shunga ko'ra, masjid ahli namozni o'qib bo'lgandan so'ng boshqa jamoat masjidga kirsa, endi ular namozni yolg'iz holda alohida o'qishadi…
Imom Abu Hanifadan qilingan bir rivoyatga ko'ra, agar (ikkinchi) jamoat uch kishidan ortiq bo'lsa, makruh bo'ladi, ortmasa makruh emas. Imom Abu Yusufdan qilingan rivoyatda esa agar ikkinchi jamoat birinchisidek ko'rinishda bo'lmasa, makruh emas, agar bir xil bo'lsa makruh bo'ladi, deyilgan. Mana shu to'g'ridir. Mehrobdan boshqa erda o'qish ham ko'rinishni o'zgartiradi. “Bazzoziya”da shunday kelgan. “Tatarxoniya”da “shuni olamiz” degan rivoyatbor» (“Roddul muhtor”, 2-juz, 64-, 288 – 290-betlar).
Demak, har bir mo'min kishiimkon qadar namozlarni masjidda birinchi (asosiy) jamoat bilan o'qishga harakat qilishi lozim. Shunda u jamoat namozidan ko'zlangan haqiqiy ma'no – jamlanishni topgan va uning ajrini qo'lga kiritgan hisoblanadi.Aks holda “birinchisi bo'lmasa, keyingisiga ulguraman” degan noto'g'ri tushuncha bilan jamoat uchun belgilangan vaqtlarga rioya qilinmay qo'yiladi. Oqibatda masjidda kichik-kichik jamoatlar, ya'ni bo'linish yuzaga keladi. Bu esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yo'llariga mutlaqo xilofdir. Zero jamoat qanchalik katta bo'lsa, uning savobi ham shuncha ulug' bo'ladi.
“Sharhu Muxtasari at-Tahoviy”, “Raddul muhtor”
asarlari asosida Abdulaziz RAHMIDDIN tayyorladi
Iordaniyaning nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.
Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati