Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahullohga birorta birodari qiz farzandli bo'lgani haqida xabar kelsa: Unga aytinglar, payg'ambarlar qizlarning otalari bo'lganlar, der edilar.
Kishining garchi yuzta o'g'li bo'lsada, to qiz farzand ko'rmagunicha befarzand hisoblanadi (Arab maqoli).
Amr ibn Os raziyallohu anhu Muoviya raziyallohu anhuning huzuriga Oisha ismli qizchasi bilan kirdi. Muoviya: Bu kim? – dedi. Shunda Amr: Bu qalbimning mevasi. Allohga qasamki, hech kim bemor bo'lganingda parvarish qilishda, o'lganingda ortingdan yaxshiliklar bilan eslashda, maxzun vaqtingda yupatishda qizlarchalik bo'lmaydi, dedi.
Otalarning o'z qizlariga bo'lgan muhabbatlarini ta'riflashda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning o'z qizlari Fotima raziyallohu anho haqida aytgan gaplaridan go'zalrog'i yo'q: “U mening bir bo'lagimdir. Uni shubhalantirgan narsa meni shubhalantiradi, unga ozor bergan narsa menga ozor beradi”.
Agar Yusuf alayhissalomning akalari qatorida birorta opa-singlisi bo'lganida edi, uni himoya qilgan bo'lar edi. Yusufni quduqning qa'riga emas, qalbining to'riga joylagan bo'lar edi. Lekin Allohning hikmati va taqdir g'olib ekan.
Agar Yusufning akalari qatorida bitta bo'lsa ham singlisi yoki opasi bo'lganida edi, huddi Musoning opasi uni onasining bag'riga qaytarish uchun ketidan izlab borganidek, Yusufni ham izlab borar edi.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytganlar: “Qizlarni yomon ko'rmanglar. Ular bebaho munisalardir”.
Homidjon Ishmatbekov
Payg‘ambarimiz alayhissalom aytdilar:
اليد العليا خيرٌ من اليد السفلى وابدأ بمن تعول وخير الصدقة عن ظهر غنى ومن يستعفف يعفه الله ومن يستغن يغنه الله
"Tepadagi qo‘l pastdagi qo‘ldan yaxshidir. (Sadaqani) oilangdan boshla. Sadaqaning yaxshisi boylikning ortganidan qilinganidir. Kim (tilanchilikdan) iffatini saqlasa, Alloh uning iffatini saqlaydi, kim o‘zini (boshqalardan) behojat qilsa, Alloh uni boy qiladi" (Imom Buxoriy rivoyati).