وَأَتِمُّواْ ٱلۡحَجَّ وَٱلۡعُمۡرَةَ لِلَّهِۚ فَإِنۡ أُحۡصِرۡتُمۡ فَمَا ٱسۡتَيۡسَرَ مِنَ ٱلۡهَدۡيِۖ وَلَا تَحۡلِقُواْ رُءُوسَكُمۡ حَتَّىٰ يَبۡلُغَ ٱلۡهَدۡيُ مَحِلَّهُۥۚ فَمَن كَانَ مِنكُم مَّرِيضًا أَوۡ بِهِۦٓ أَذٗى مِّن رَّأۡسِهِۦ فَفِدۡيَةٞ مِّن صِيَامٍ أَوۡ صَدَقَةٍ أَوۡ نُسُكٖۚ فَإِذَآ أَمِنتُمۡ فَمَن تَمَتَّعَ بِٱلۡعُمۡرَةِ إِلَى ٱلۡحَجِّ فَمَا ٱسۡتَيۡسَرَ مِنَ ٱلۡهَدۡيِۚ فَمَن لَّمۡ يَجِدۡ فَصِيَامُ ثَلَٰثَةِ أَيَّامٖ فِي ٱلۡحَجِّ وَسَبۡعَةٍ إِذَا رَجَعۡتُمۡۗ تِلۡكَ عَشَرَةٞ كَامِلَةٞۗ ذَٰلِكَ لِمَن لَّمۡ يَكُنۡ أَهۡلُهُۥ حَاضِرِي ٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡحَرَامِۚ وَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ وَٱعۡلَمُوٓاْ أَنَّ ٱللَّهَ شَدِيدُ ٱلۡعِقَابِ١٩٦
196. Alloh uchun haj va umrani to'kis qilinglar. Agar to'silsangiz, qodir bo'lganingizcha qurbonlik qilinglar. Jonliq joyiga etib bormagunicha boshlaringizni qirmanglar. Agar sizlardan kimdir kasal yoki boshida biron aziyat bo'lsa, u holda yo ro'za tutish yo sadaqa berish yoki qurbonlik qilish bilan fidya bersin. Hotirjamlik bo'lganida kim umra bilan hajni birga ado etolsa, muyassar bo'lganicha hadyasini bersin. Kim topa olmasa, hajda uch kun, qaytganidan keyin etti kun, tugal o'n kun ro'za tutsin. Bu ahli-oilasi Masjidul-Haromda turmaganlar uchundir. Allohdan qo'rqinglar, bilinglarki, Allohning azobi qattiqdir.
Haj va umra ibodati xalq ko'rishi yoki hoji nomini olish uchun emas, Alloh taoloning roziligi uchun qilinadi. Agar bir kishi haj yo umra uchun ehromga kirganidan so'ng biror dushman sababidan yo xastalanib qolib Makkaga etolmay qolib ketsa, u o'zi qodir bo'lgan bir jonliqni Masjidul-Haromga biror kishi orqali yuborib, unga bu jonliqni falon kuni Makka Haromida so'yishni tayinlaydi. Jonivorning Makkaga eltib so'yilgani aniq ma'lum bo'lsa, shundan keyin sochini oldirib, ehromdan chiqadi. Bundan oldin hargiz sochini oldirmaydi, bu so'yish ehson so'yishi bo'ladi. Masalan, ehrom holatida bir kishi xasta bo'lsa, boshida og'riq yoki yara bo'lsa, u zarurat yuzasidan sochini oldiraveradi, lekin fidya (to'lov) beradi. Demak, bu oyatda Alloh taolo kasal, boshida bit, qo'tir yoki qichima bo'lgan kishiga zararli moddalardan forig' bo'lish uchun ehromdaligidayoq sochini oldirishni muboh qildi. U sochini oldirganida soch tagidagi zararli narsalardan qutuladi. Bu narsa tabobatda "istifrog'", ya'ni forig' bo'lish, deyiladi. Abdulloh ibn Ma'qil roziyallohu anhu bunday deydi: "Men Kufa masjidida Ka'b ibn Ujra huzurida o'tirib, qurbonlik fidyasi haqida so'radim. Ka'b bunday dedi: "Men Payg'ambar alayhissalomning huzurlariga bir yumush bilan borgandim. Shunda boshimdagi bitlar yuzimga to'kilib tushdi. Buni ko'rgan hazrati Rasululloh: "Bitlar senga bunchalik azob berayotganini bilmagan ekanman, bir qo'y topa olasanmi?" dedilar. Men: "Yo'q", dedim. "Unday bo'lsa, sochingni oldir-da, keyin uch kun ro'za tut yoki olti miskinni to'ydir, har bir miskinga yarim so'dan taom ber", dedilar. Yuqoridagi oyat men haqimda nozil bo'lgan esa-da, barchangizga taalluqlidir" (Buxoriy rivoyati).
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV