Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Rasululloh maqtagan ikki soha yoxud jannatni olisdan izlamang!

08.11.2020   6656   13 min.
Rasululloh maqtagan ikki soha yoxud jannatni olisdan izlamang!

Baxtli, saodatli yashash, chinakam ma'mur hayot kechirish – har bir inson orzusi. Dunyoda baxtu saodatni, ma'murchilik va farovonlikni o'lchaydigan mezonlar ko'p, omillar bisyor. Lekin shunday ne'matlar borki, ularsiz hayotimiz rangsiz, turmushimiz huzur-halovatsiz bo'lib qoladi.

Ho'sh, bu ne'matlar qaysilari?

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Boshqa bir hadisi sharifda: “Kimki o'z uyida tinchlikda, tani sog'lom, bir kunga etadigan taomi bor holda tong ottirsa, unga butun dunyo ne'matlari to'lig'icha berilgandek bo'libdi”, – deyilgan (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Nega hadisi sharifda har kuni, har doim muhtoj bo'ladiganimiz uch ne'mat: sog'liq, tinchlik va qut-barakaga urg'u berildi?

Chunki bu ne'matlar bo'lmasa, turmush izdan chiqadi, yashash qiyinlashadi. Uzoqqa bormaylik, bugungi dunyoning manzarasidan xulosa chiqarib olaylik. Birgina ko'zga ko'rinmas o'lat barchaning halovatini o'g'irladi, hammaning tinchini buzdi. Shunday emasmi?

I

Bir kuni payg'ambarlarning otasi, bobomiz Ibrohim alayhissalom so'radilar:

– Yo Parvardigori olam! Dard kimdan?

Alloh taolo:

 Mendan, – dedi.

Ibrohim alayhissalom yana so'radilar:

– Davo kimdan?

Alloh taolo yana:

 Mendan, – dedi.

Shunda Ibrohim alayhissalom:

– Unda tabibga ne hojat? – dedilar.

Alloh taolo:

– Tabib – qo'liga davo yuborilgan kishidir, – deb marhamat qildi.

Janobi Payg'ambarimizning aytgan muborak so'zlaridan oladigan xulosamiz – qaysi bir dard-kasallikni Alloh taolo yuborgan bo'lsa, demak, uning shifosini ham yuborgan. Shifosi esa – tabib, shifokorlarning qo'llarida.

Yaqin-yaqingacha ayrim nodonlar yurtimiz shifokorlariga qo'l ko'tarishganini oynai jahon orqali ko'rib, ranjidik. Vaholonki, bugun koronavirusga chalingan yurtdoshlarimizdan (20 may holatiga ko'ra) 2372 nafarining sog'ayishida shifokorlarimizning xizmati beqiyos katta ekaniga barchamiz guvoh bo'lib turibmiz. Ikki hafta mobaynida oilasi bag'ridan ajralib, xalq xizmatiga kamarbasta bo'lgan shifokorlarimizni avvalgi maqolalarimizda zamonamiz qahramonlariga mengzagan edik.

Sharqu g'arb olimlari tan olgan, XXI asrning nanotexnologiya zamonasida ham asarlarini butun dunyo xalqlari boshga ko'tarayotgan, jahonning oliy tibbiyot muassasalarida kitoblari hanuzgacha o'qitib kelayotgan, Yer yuzining eng nufuzli tibbiyot akademiyalarida ilmiy ishlari o'rganilib kelayotgan, yorug' olamdagi butun bir ulkan va jiddiy soha shu insonning ismlari bilan nomlangan Abu Ali ibn Sino aytadilar:

Tuzatib bo'lmaydigan dard yo'q,

Irodasizlik bor.

Shifobaxsh bo'lmagan o'simlik yo'q,

Ilmsizlik bor.

Hudoi taolo barcha maxluqotu mavjudotlarini juft-juft qilib yaratgan. Illo, O'zigina yakkayu yagona, yolg'iz xolos! Hamma narsa juft-juft: quyosh-oy, yoz-qish, erkak-ayol, oq-qora, er-osmon, jannat-do'zax, o'lim-hayot, savob-gunoh, kecha-kunduz va hokazo.

Demak, dardning ham jufti, ziddi bor ekan. Bu nima? Bu – davo! Har bir kasallikning ham jufti, ziddi bor ekan. Bu nima? Bu – shifo!

Modomiki, Alloh taolo har bir dardga – davo, har bir kasallikka – shifo yuboribdimi, endi sizu biz bandalarining ishi – shu davo va shifolarni izlab topish!

Imom Buxoriy va Imom Muslim asarlarida Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh alayhissalom aytdilar: “Alloh qanday kasallik tushirgan bo'lsa, albatta, uning shifosini ham tushirgan“.

Ziyod ibn Alaqa raziyallohu anhu Usoma ibn Sherik raziyalloxu anhudan bunday rivoyatni keltiradi: “Men Rasulullohning huzurlarida edim. Bir a'robiy kelib:

– Yo, Rasululloh! Davolansak bo'ladimi? – deb so'radi.

Rasululloh alayhissalom:

– Ha, ey, Allohning bandalari! Davolaninglar! Chunki Alloh taolo qanday dardni yaratgan bo'lsa, albatta, uning shifosini ham yaratgan. Lekin bitta dardning davosi yo'q, – dedilar.

Sahobiylar:

– U qaysi dard? – deb so'rashdi.

Rasululloh alayhis salom:

– Qarilik, – deb javob berdilar.

Yana bir hadisi shariflarida Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh alayhissalom aytdilar: “Har bir dardning davosi bor. Agar davo dardga etib borsa, Alloh azza va jallaning izni bilan tuzaladi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ummatni sog'lom jamiyat barpo etishga buyurganlar. Shu bilan birga, turli xastaliklardan saqlanishni so'rab, Alloh taologa iltijo qilganlar. Mo'min-musulmon kishi zamonaviy tibbiyotning imkoniyatlaridan foydalanib, Shofiy (shifo beruvchi) – Alloh taolodan turli kasalliklardan panoh so'rashi zarur.

II

Tong sahar tinchlik-xotirjamlikda uyg'onishning o'zi bir ne'mat emasmi?! Bobo-buvi, ota-ona, aka-uka, farzandlar – oila davrasida nonushta qilishning fayzini nima bilan taqqoslash mumkin?! Ishga, o'qishga otlanayotganda, oila ulug'larining duosini olib ko'chaga chiqishning barakotini hammamiz yaxshi bilamiz.

Tinchlik-omonlikda yashash – bu jon, mol, uy-joy, or-nomus xavfsizligiga ega bo'lish demakdir. Ming-ming shukrlarki, yurtimizda bular barchasining xavfsizligi kafolatlangan.

Aslida, “Islom” so'zi arab tilidan o'zbek tiliga tarjima qilinganda “itoat va bo'ysunish”, “ixlos va turli ofatlardan salomat bo'lish” hamda “sulh va omonlik”, “tinchlik” degan ma'nolarni bildiradi. Bu dinni Payg'ambarning o'zlari tanlagan emaslar, balki uni Alloh taoloning O'zi (!) ixtiyor etgan! Islom – bu Alloh yagona deb e'tiqod qilib, unga bo'ysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.

Musulmon” degan so'zning asli, negizi, o'zagi “islom” so'zi. Demak, har bir inson millati, yoshi, jinsi, dini, irqi, ijtimoiy holati, turarjoyidan qat'iy nazar, modomiki “men – alhamdulilloh, musulmonman!” deb, o'zini musulmon hisoblasa, tinchlik uchun xizmat qilishi shart va zarur ekan! Aksincha, qiladigan ishi aytayotgan so'ziga to'g'ri kelmas ekan! Hudoni O'zi hammamizni asrasin!

Qo'shning tinch – sen tinch!”, “Yurting tinch – sen tinch!” deydi dono xalqimiz. Yurtimiz, qo'shnimiz, oilamiz tinchligi-xotirjamligi uchun nechta odam xizmat qilmoqda? Ularning ikki-uch nafarini ko'ra olsak, necha million nafarini hayolimizga ham keltira olmaymiz! Hatto tasavvur qilishga ham ojizmiz!

Dono xalqimiz “Birni ko'rib – fikr qil, birni ko'rib – shukr qil!” deb bejiz aytmagan. Televizorimiz pul'tining xohlagan tugmasini bosib, xohlagan telekanalga qo'ysak, dunyoning necha minglab joylarida necha yuz minglab insonlar tinchlik (!) izlab, sarson-sargardon bo'layotganiga guvohmiz...

Har qanday aqlli odam Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, fuqarolarimiz farovonligi uchun son minglab o'zimizning aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, o'g'il-qizlarimiz xizmat qilayotganini alohida e'tirof etadi va yuksak qadrlaydi.

Hulosa

Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun har bir insonning qilayotgan xizmatlariga minnatdor bo'lishimiz – ham burchimiz, ham farzimiz, ham qarzimizdir!

Kunlarning birida mashhur rassom dunyodagi eng go'zal suratni chizishga qaror qiladi va sayohatga otlanadi. Bir qishloqdan o'tayotib nuroniy otaxonga duch keladi va yoniga borib u kishidan: “Dunyodagi eng go'zal narsa nima?” – deb so'raydi. Otaxon hech ikkilanmay: “IMON!” – deb javob beradi.

So'ngra bir guzar oldidan o'tayotib, karnay-sunay sadolarini eshitadi va to'planib turgan olomon oldiga borib kelindan: “Sizningcha, dunyodagi eng go'zal narsa nima?” – deb so'raydi.

Kelin kuyovning ko'zlariga boqib: “Dunyodagi eng go'zal narsa – SYeVGI!” – deydi.

Rassom yo'lida davom etadi. Bepoyon dashtlar, tizma tog'lar, yastanib yotgan qir-adirlardan o'tib, sahroda bir to'da askarni uchratadi va ulardan birini yoniga chorlab, yuqoridagi savolni beradi.

Askar: “Dunyodagi eng go'zal narsa bu – TINChLIK!” – deya javob beradi.

Rassom dunyodagi eng go'zal narsalar – imon, sevgi va tinchlik bo'lsa, bularning barchasini bir rasmda qanday ifodalayman, deya o'ylay-o'ylay uyiga qaytib keladi.

Uyiga kirishi bilan dunyoning eng go'zal manzarasi qarshisida ekanini anglab etadi: bolalarining ma'sum nigohlarida imon, ayolining ko'zlarida sevgi, uyida esa tinchlik hukm surar, hammalarining tanlari sog'-salomat edi.

Bulardan ilhom olgan rassom dunyodagi eng go'zal narsani chizishga kirishadi va uni “Mening uyim”, deb nomlaydi.

Biz buni yanada kengroq tasavvur qilib, tabiiy lozim bo'lgan IMON va SYeVGIdan tashqari, dunyodagi eng go'zal narsa bu – TINChLIK va SOG'LIQ ekanini e'tirof etamiz. Imon, tinchlik, salomatlik ne'matlari jannatmakon yurtimizda, shukrki, barqaror! Demak, dunyodagi eng go'zal diyor bu – imon, tinchlik, salomatlik barqaror bo'lgan VATAN – O'ZBYeKISTONIMIZDIR!

Ustozlarimiz aytadilar: “Hayotdan kishi olmasa ta'lim, o'rgata olmas unga hech bir muallim”. Kundalik hayotimizda nihoyatda ehtiyot bo'lishimiz lozim ekan. Yana bilib-bilmasdan Janobi Payg'ambarimiz alayhis salomning: “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir” degan muborak so'zlariga qarshi bo'lib qolmaylik!

Ibrohimjon INOMOV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

18.08.2026   18884   4 min.
O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.

Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.

O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.

Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.

Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.

– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.

– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.

Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.

– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari