Baxtli, saodatli yashash, chinakam ma'mur hayot kechirish – har bir inson orzusi. Dunyoda baxtu saodatni, ma'murchilik va farovonlikni o'lchaydigan mezonlar ko'p, omillar bisyor. Lekin shunday ne'matlar borki, ularsiz hayotimiz rangsiz, turmushimiz huzur-halovatsiz bo'lib qoladi.
Ho'sh, bu ne'matlar qaysilari?
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda: “Kimki o'z uyida tinchlikda, tani sog'lom, bir kunga etadigan taomi bor holda tong ottirsa, unga butun dunyo ne'matlari to'lig'icha berilgandek bo'libdi”, – deyilgan (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Nega hadisi sharifda har kuni, har doim muhtoj bo'ladiganimiz uch ne'mat: sog'liq, tinchlik va qut-barakaga urg'u berildi?
Chunki bu ne'matlar bo'lmasa, turmush izdan chiqadi, yashash qiyinlashadi. Uzoqqa bormaylik, bugungi dunyoning manzarasidan xulosa chiqarib olaylik. Birgina ko'zga ko'rinmas o'lat barchaning halovatini o'g'irladi, hammaning tinchini buzdi. Shunday emasmi?
I
Bir kuni payg'ambarlarning otasi, bobomiz Ibrohim alayhissalom so'radilar:
– Yo Parvardigori olam! Dard kimdan?
Alloh taolo:
– Mendan, – dedi.
Ibrohim alayhissalom yana so'radilar:
– Davo kimdan?
Alloh taolo yana:
– Mendan, – dedi.
Shunda Ibrohim alayhissalom:
– Unda tabibga ne hojat? – dedilar.
Alloh taolo:
– Tabib – qo'liga davo yuborilgan kishidir, – deb marhamat qildi.
Janobi Payg'ambarimizning aytgan muborak so'zlaridan oladigan xulosamiz – qaysi bir dard-kasallikni Alloh taolo yuborgan bo'lsa, demak, uning shifosini ham yuborgan. Shifosi esa – tabib, shifokorlarning qo'llarida.
Yaqin-yaqingacha ayrim nodonlar yurtimiz shifokorlariga qo'l ko'tarishganini oynai jahon orqali ko'rib, ranjidik. Vaholonki, bugun koronavirusga chalingan yurtdoshlarimizdan (20 may holatiga ko'ra) 2372 nafarining sog'ayishida shifokorlarimizning xizmati beqiyos katta ekaniga barchamiz guvoh bo'lib turibmiz. Ikki hafta mobaynida oilasi bag'ridan ajralib, xalq xizmatiga kamarbasta bo'lgan shifokorlarimizni avvalgi maqolalarimizda zamonamiz qahramonlariga mengzagan edik.
Sharqu g'arb olimlari tan olgan, XXI asrning nanotexnologiya zamonasida ham asarlarini butun dunyo xalqlari boshga ko'tarayotgan, jahonning oliy tibbiyot muassasalarida kitoblari hanuzgacha o'qitib kelayotgan, Yer yuzining eng nufuzli tibbiyot akademiyalarida ilmiy ishlari o'rganilib kelayotgan, yorug' olamdagi butun bir ulkan va jiddiy soha shu insonning ismlari bilan nomlangan Abu Ali ibn Sino aytadilar:
Tuzatib bo'lmaydigan dard yo'q,
Irodasizlik bor.
Shifobaxsh bo'lmagan o'simlik yo'q,
Ilmsizlik bor.
Hudoi taolo barcha maxluqotu mavjudotlarini juft-juft qilib yaratgan. Illo, O'zigina yakkayu yagona, yolg'iz xolos! Hamma narsa juft-juft: quyosh-oy, yoz-qish, erkak-ayol, oq-qora, er-osmon, jannat-do'zax, o'lim-hayot, savob-gunoh, kecha-kunduz va hokazo.
Demak, dardning ham jufti, ziddi bor ekan. Bu nima? Bu – davo! Har bir kasallikning ham jufti, ziddi bor ekan. Bu nima? Bu – shifo!
Modomiki, Alloh taolo har bir dardga – davo, har bir kasallikka – shifo yuboribdimi, endi sizu biz bandalarining ishi – shu davo va shifolarni izlab topish!
Imom Buxoriy va Imom Muslim asarlarida Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh alayhissalom aytdilar: “Alloh qanday kasallik tushirgan bo'lsa, albatta, uning shifosini ham tushirgan“.
Ziyod ibn Alaqa raziyallohu anhu Usoma ibn Sherik raziyalloxu anhudan bunday rivoyatni keltiradi: “Men Rasulullohning huzurlarida edim. Bir a'robiy kelib:
– Yo, Rasululloh! Davolansak bo'ladimi? – deb so'radi.
Rasululloh alayhissalom:
– Ha, ey, Allohning bandalari! Davolaninglar! Chunki Alloh taolo qanday dardni yaratgan bo'lsa, albatta, uning shifosini ham yaratgan. Lekin bitta dardning davosi yo'q, – dedilar.
Sahobiylar:
– U qaysi dard? – deb so'rashdi.
Rasululloh alayhis salom:
– Qarilik, – deb javob berdilar.
Yana bir hadisi shariflarida Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh alayhissalom aytdilar: “Har bir dardning davosi bor. Agar davo dardga etib borsa, Alloh azza va jallaning izni bilan tuzaladi” (Imom Muslim rivoyatlari).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ummatni sog'lom jamiyat barpo etishga buyurganlar. Shu bilan birga, turli xastaliklardan saqlanishni so'rab, Alloh taologa iltijo qilganlar. Mo'min-musulmon kishi zamonaviy tibbiyotning imkoniyatlaridan foydalanib, Shofiy (shifo beruvchi) – Alloh taolodan turli kasalliklardan panoh so'rashi zarur.
II
Tong sahar tinchlik-xotirjamlikda uyg'onishning o'zi bir ne'mat emasmi?! Bobo-buvi, ota-ona, aka-uka, farzandlar – oila davrasida nonushta qilishning fayzini nima bilan taqqoslash mumkin?! Ishga, o'qishga otlanayotganda, oila ulug'larining duosini olib ko'chaga chiqishning barakotini hammamiz yaxshi bilamiz.
Tinchlik-omonlikda yashash – bu jon, mol, uy-joy, or-nomus xavfsizligiga ega bo'lish demakdir. Ming-ming shukrlarki, yurtimizda bular barchasining xavfsizligi kafolatlangan.
Aslida, “Islom” so'zi arab tilidan o'zbek tiliga tarjima qilinganda “itoat va bo'ysunish”, “ixlos va turli ofatlardan salomat bo'lish” hamda “sulh va omonlik”, “tinchlik” degan ma'nolarni bildiradi. Bu dinni Payg'ambarning o'zlari tanlagan emaslar, balki uni Alloh taoloning O'zi (!) ixtiyor etgan! Islom – bu Alloh yagona deb e'tiqod qilib, unga bo'ysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.
“Musulmon” degan so'zning asli, negizi, o'zagi “islom” so'zi. Demak, har bir inson millati, yoshi, jinsi, dini, irqi, ijtimoiy holati, turarjoyidan qat'iy nazar, modomiki “men – alhamdulilloh, musulmonman!” deb, o'zini musulmon hisoblasa, tinchlik uchun xizmat qilishi shart va zarur ekan! Aksincha, qiladigan ishi aytayotgan so'ziga to'g'ri kelmas ekan! Hudoni O'zi hammamizni asrasin!
“Qo'shning tinch – sen tinch!”, “Yurting tinch – sen tinch!” deydi dono xalqimiz. Yurtimiz, qo'shnimiz, oilamiz tinchligi-xotirjamligi uchun nechta odam xizmat qilmoqda? Ularning ikki-uch nafarini ko'ra olsak, necha million nafarini hayolimizga ham keltira olmaymiz! Hatto tasavvur qilishga ham ojizmiz!
Dono xalqimiz “Birni ko'rib – fikr qil, birni ko'rib – shukr qil!” deb bejiz aytmagan. Televizorimiz pul'tining xohlagan tugmasini bosib, xohlagan telekanalga qo'ysak, dunyoning necha minglab joylarida necha yuz minglab insonlar tinchlik (!) izlab, sarson-sargardon bo'layotganiga guvohmiz...
Har qanday aqlli odam Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, fuqarolarimiz farovonligi uchun son minglab o'zimizning aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, o'g'il-qizlarimiz xizmat qilayotganini alohida e'tirof etadi va yuksak qadrlaydi.
Hulosa
Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun har bir insonning qilayotgan xizmatlariga minnatdor bo'lishimiz – ham burchimiz, ham farzimiz, ham qarzimizdir!
Kunlarning birida mashhur rassom dunyodagi eng go'zal suratni chizishga qaror qiladi va sayohatga otlanadi. Bir qishloqdan o'tayotib nuroniy otaxonga duch keladi va yoniga borib u kishidan: “Dunyodagi eng go'zal narsa nima?” – deb so'raydi. Otaxon hech ikkilanmay: “IMON!” – deb javob beradi.
So'ngra bir guzar oldidan o'tayotib, karnay-sunay sadolarini eshitadi va to'planib turgan olomon oldiga borib kelindan: “Sizningcha, dunyodagi eng go'zal narsa nima?” – deb so'raydi.
Kelin kuyovning ko'zlariga boqib: “Dunyodagi eng go'zal narsa – SYeVGI!” – deydi.
Rassom yo'lida davom etadi. Bepoyon dashtlar, tizma tog'lar, yastanib yotgan qir-adirlardan o'tib, sahroda bir to'da askarni uchratadi va ulardan birini yoniga chorlab, yuqoridagi savolni beradi.
Askar: “Dunyodagi eng go'zal narsa bu – TINChLIK!” – deya javob beradi.
Rassom dunyodagi eng go'zal narsalar – imon, sevgi va tinchlik bo'lsa, bularning barchasini bir rasmda qanday ifodalayman, deya o'ylay-o'ylay uyiga qaytib keladi.
Uyiga kirishi bilan dunyoning eng go'zal manzarasi qarshisida ekanini anglab etadi: bolalarining ma'sum nigohlarida imon, ayolining ko'zlarida sevgi, uyida esa tinchlik hukm surar, hammalarining tanlari sog'-salomat edi.
Bulardan ilhom olgan rassom dunyodagi eng go'zal narsani chizishga kirishadi va uni “Mening uyim”, deb nomlaydi.
Biz buni yanada kengroq tasavvur qilib, tabiiy lozim bo'lgan IMON va SYeVGIdan tashqari, dunyodagi eng go'zal narsa bu – TINChLIK va SOG'LIQ ekanini e'tirof etamiz. Imon, tinchlik, salomatlik ne'matlari jannatmakon yurtimizda, shukrki, barqaror! Demak, dunyodagi eng go'zal diyor bu – imon, tinchlik, salomatlik barqaror bo'lgan VATAN – O'ZBYeKISTONIMIZDIR!
Ustozlarimiz aytadilar: “Hayotdan kishi olmasa ta'lim, o'rgata olmas unga hech bir muallim”. Kundalik hayotimizda nihoyatda ehtiyot bo'lishimiz lozim ekan. Yana bilib-bilmasdan Janobi Payg'ambarimiz alayhis salomning: “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir” degan muborak so'zlariga qarshi bo'lib qolmaylik!
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV