O'zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo'yicha qo'mitasi jamoasi qadrli ustoz, islomshunos olim, professor Ubaydulla Uvatovning vafoti munosabati bilan chuqur ta'ziya izhor etadi.
Ubaydulla Uvatov butun umrini ilm-ma'rifatga baxshida etgan, elu yurt mehrini qalbiga, siymosini ko'z qorachig'iga singdirgan zakovatli olim edi. Mo''tabar ustozning bir necha o'nlab kitoblari chop etilgan va matbuotda yuzlab ilmiy maqolalari e'lon qilingan.
Ubaydulla Uvatov Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti, Prezident Adminstratsiyasi, Din ishlari bo'yicha qo'mita, Amir Temur, “Oltin meros” jamg'armalari, Imom Buxoriy xalqaro markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Halqaro islom akademiyasida faoliyat olib bordilar.
Ubaydulla Uvatov yurtimizdan etishib chiqqan allomalarning hayoti va ilmiy-ma'naviy merosini xalqning ma'naviy mulkiga aylantirish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirdi.
Olimning mana shunday samarali mehnatlari munosib qadrlanib, 2017 yilda “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni, "Mehnat shuhrati" ordeni va 2020 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandilar.
Alloh taolo marhum olimni O'z mag'firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o'zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to'ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so'raymizki, marhum olimni o'zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog'lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
#xushxabar #taqdirlov #otinoyi
Ulug‘ ayyom — Ramazon hayiti arafasida yurtimizda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, xotin-qizlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va oilalar mustahkamligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan bir guruh soha vakillari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra ko‘plab fidoyi va mehnatkash hamyurtlarimiz qatori Toshkent shahar bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Zulayho Saatova II darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni bilan, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Hosiyat Qasimova "Shuhrat" medali bilan mukofotlandilar.
Ushbu yuksak mukofot bosh otinoyilarimizning ma’rifat tarqatish, ayollar orasidagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va yosh avlod tarbiyasiga qo‘shayotgan beqiyos hissalarining munosib e’tirofidir.
Darhaqiqat, inson qadri ulug‘langan yurtda mehnat va sadoqat hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi.
Yuksak mukofot egalariga ushbu muborak kunlardagi katta yutuq bilan muborakbod etamiz!
Alloh taolo bu mukofotni xayrli va bardavom qilsin, el-yurt xizmatida charchamaydigan g‘ayrat-shijoatlariga baraka bersin. Bayram va mukofot muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati