HIJRIY O'N BIRINChI YILDAGI MUHIM HODISALAR
Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam vidolashuv hajini ado etib Arafotda turganlarida, Alloh taolo u zotga Moida surasidagi:
«Bu kun sizga diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne'matimni batamom qildim va sizga Islomni din deb rozi bo'ldim»(3-oyat) oyatini nozil qildi.
Ushbu oyat nozil bo'lganda hazrati Umar roziyallohu anhu yig'ladilar. U kishidan nimaga yig'layotganlari so'ralganda: «Har bir narsa kamolga etgandan so'ng nuqsoni bo'ladi. Bu nuqson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vidolashuvlaridir», degan gapni aytdilar.
Darhaqiqat, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam o'zlari ham hajda yurib: «Bu yildan keyin sizlar bilan uchrashmasam kerak», degan edilar. Buning ustiga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak umrlari oxirlab qolganining boshqa alomatlari ham ayonlashib qolgan edi. Odatda har yili Ramazonda u zot o'n kun e'tikof o'tirar edilar. Usha yili esa odatdan tashqari yigirma kun e'tikof o'tirdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har yili bir marta – Ramazonda Qur'oni Karimni Jabroil alayhissalomdan o'tkazib olar edilar. O'sha yili ikki marta o'tkazdilar va bu ajallari hozir bo'lganining alomati ekanini ta'kidladilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan ishlarida va gap-so'zlarida ham safarga hozirlik alomatlari sezilib qoldi. U zot Uhud shahidlariga qaytadan janoza o'qidilar. Shuningdek, «Men ummatimning faratiman»[1], «Mening vafotimdek o'xshash musibatga aslo uchramaslar» va yana shu ma'nodagi hadislarni aytdilar.
Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam zulhijja oyining besh kuni qolganda hajdan qaytib keldilar. Yangi hijriy o'n birinchi yilning birinchi oyi – muharram ham o'tdi. Safar oyining oxiriga kelib dushanba kuni xastaliklari boshlandi.
Hasta bo'lishlariga qaramay, Shom tarafga Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu boshliq sariyya yuborishga ahamiyat berdilar. Bu sariyya Madinadan chiqishi bilan u zotning xastaliklari og'irlashib qoldi. Hollari kelmay qolganda jamoat namoziga Abu Bakr roziyallohu anhuning imom bo'lishlarini ixtiyor qildilar.
Imom Buxoriy va Muslim Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Abu Bakr Payg'ambar sollallohu alayhy vasallamning vafotlaridan oldingi bemorliklarida odamlarga namoz o'qib berar edi. Nihoyat dushanba kuni kelib, ular namozga saf tortib turganlarida, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam hujraning pardasini ochdilar va tik turgancha bizga nazar sola boshladilar. Yuzlari xuddi mushafning varag'idek edi. So'ng tabassum qilib jilmaydilar. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamni ko'rib, xursand bo'lganimizdan namozimiz buzilib ketay dedi. Abu Bakr safga etib olish uchun orqasiga tisarildi. U kishi «Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam namozga chiqadilar» deb o'ylagan edi. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam qo'llari bilan «Namozingizni tugataverkng» deb ishora qildilar va pardani tushirdilar. U zot o'sha kuni vafot etdilar».
Bu alamli hodisa hijriy 11 yil 12 rabi'ul avval (milodiy 632 yil 6 iyun'), dushanba kuni choshgoh paytida sodir bo'ldi. O'shanda Nabiy sollallohu alayhi vasallam qamariy hisobda oltmish uch yoshda edilar.
Musulmonlar boshiga og'ir va ulkan musibat tushdi. Hazrati Umar roziyallohu anhuga o'xshagan ba'zi kishilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlariga ishon madilar. Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu xutba qildilar. Bu haqda imom Buxoriy quyidagi hadisni keltiradi:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat tsilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot qildilar. Abu Bakr Sunxda edi. Umar turib: «Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'lganlari yo'q», dedi.
Uzi: «Allohga qasamki, o'shanda shundan boshqa narsa aqlimga kelmagan edi. «Alloh u zotni albatta qayta tiriltiradi hamda odamlarning qo'llari va oyokdarini kesadilar», der edim», degan.
Abu Bakr keldi. Rasulushtoh sollallohu alayhi vasallamning yuzlarini ochib, u zotni (peshonalaridan) o'pdi va: «Ota-onam sizga fido bo'lsin. Tirikligingizda ham, vafotingizda ham poksiz. Jonim qo'lida bo'lgan Zot ila qasamki, Alloh sizga ikki o'limni hech tatitmas», dedi. Keyin tashqariga chiqdi va: «Ey qasam ichayotgan! Bir oz jim tur! – dedi. Umar o'tirdi. So'ng Abu Bakr gapirdi. Allohga hamdu sano aytdi va: – Ogoh bo'linglar! Kim Muhammadga ibodat qilayotgan bo'lsa, Muhammad o'ldi. Kim Allohga ibodat qilayotgan bo'lsa, Alloh tiriqdir, o'lmas. Alloh taolo: «Sen ham o'lasan, ular ham o'ladilar»,[2] degan. Yana: «Muhammad ham bir rasul, xolos. Undan oldin ham rasullar o'tgan. Agar u o'lsa yoki qatl qilinsa, orqangizga qaytasvdmi?! Kimki orqasiga qaytsa, Allohga hech qanday zarar keltira olmas. Va Alloh shukr qiluvchilarni albatta mukofotlar»,[3] degan», dedi.
Odamlar yig'lay boshlashdi...»
Shundagina odamlar o'zlariga kelishdi. Hazrati Umar roziyallohu anhu ham o'zlariga keldilar.
Butun olamning sarvari bo'lgan, oxirgi ilohiy kitobni Robbul olamiyndan qabul qilib olib, ummatga omonat bilan etkazgan va o'sha mo''jiza Kitobni o'z hayotlariga tatbiq qilib ko'rsatgan zot omonatni ado etib, risolatni etkazib bo'lgach, kichkina hujrada sokin yotar edilar...
MUHIM SANALAR
KYeYINGI MAVZULAR:
Risolai muhammadiyaning insoniyatga fazli va uning olamshumul armug'onlari
Risolai muhammadiyadagi rahmatning son va sifat jihatidan qiymati
Risolai muhammadiya bashariyatni badbaxtlik va halokatdan saqlab qolgan
[1] «Farat» deb lashkardan oldin borib, ularning kelishiga dam oladigan joy tayyorlab turuvchiga aytiladi.
[2] Zumar surasi, 30-oyat.
[3] Oli Imron surasi, 144-oyat.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Butun arablar musulmonlarga qarshi oyoqqa turdi. Ichki tomondan Bani Qurayza yahudiylarining xiyonati dard ustiga chipqon bo‘ldi. G‘atafon qabilasidan Uyayna ibn Hisn Bani Qurayza yo‘lidan yurib, ahvolni yanada og‘irlashtirdi. Musulmonlar go‘yo ombirning ikki tishi orasida qolgandek edilar: biri Arab sahrolaridan kelgan uzoqdagi dushman, ikkinchisi esa ahdni buzib xiyonat yo‘liga o‘tgan yaqindagi dushman!
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uyayna ibn Hisn agar G‘atafon qabilasini mushriklarga yordam bermasdan olib chiqib ketsa, Madina hosilining uchdan birini bermoqchi bo‘ldilar. Shu maqsadda maslahat qilish uchun Avs qabilasining boshlig‘i Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu bilan Xazraj qabilasining boshlig‘i Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhuni chaqirtirdilar. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblari edi. Zero, Madinaning mevalari ularniki edi, ulardan ruxsat olmasdan qat’iy qaror chiqarishni istamadilar. Shu masala haqida gaplashganlarida ular aytishdi:
– Ey Allohning Rasuli! Agar buni sizga Alloh amr qilgan bo‘lsa, bosh ustiga. Ammo agar buni biz uchun qilmoqchi bo‘lsangiz, aslo hojati yo‘q. Biz ham, ular ham mushrik edi. But va sanamlarga sig‘inardik. O‘shanda ular Madina xurmosini yemoqchi bo‘lishsa, faqatgina sotib olib yoki ziyofat bo‘lganida yeyishar edi. Endi Alloh bizni siz tufayli Islom bilan ikrom qilganida ularga molimizni beramizmi?! Allohga qasamki, ularga faqatgina qilichimizni beramiz!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni maqtadilar, fikrlarini qo‘llab-quvvatladilar va dedilar: «Arablar sizga qarshi bir yoqadan bosh chiqargani uchun men buni siz uchun qilmoqchi edim!».
Masala, ko‘rib turganingizdek, siyosiy edi. Urush boshlangan. Hamma ham urushdan kamroq talafot ko‘rib, g‘olib bo‘lib chiqish yo‘lini qidiradi. Barchaning o‘z fikri bor. Nabiy sollallohu alayhi vasallam G‘atafon qabilasi bilan muzokara olib borib, ularga qaytib ketish evaziga Madinaning uchdan bir hosilini bermoqni istadilar. Ammo Sa’d ibn Muoz bilan Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhumo bu ishda xorlikni ko‘rdilar. Agar Alloh amr qilgan bo‘lsa, bo‘ysunishlarini bildirishdi. Ammo Nabiy alayhissalom qon to‘kilmasligi va Madinani saqlab qolish uchun shunday qilayotgan bo‘lsalar, bu fikrga qo‘shilmasliklarini aytishdi. Dushmanga faqatgina qilich bilan javob qaytarishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham ularning fikrini quvvatladilar!
Har bir insonning shaxsiy fikri, qarashi va voqelikdan chiqargan xulosalari bo‘ladi. Bu uning ma’lumotlarni tahlil qilishi va shu orqali foyda-zararni belgilashidir. Musibatimiz shundaki, biz o‘zimizning fikrimizga yurishga odamlarni majburlamoqchi bo‘lamiz. Go‘yo buni o‘zgartirib bo‘lmaydigan vahiy deb xayol qilishadi. Vaholanki, vahiy sohibi bo‘lmish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining fikrini olyaptilar, e’tirozlarini qabul qilyaptilar. Chunki Nabiy alayhissalomning fikrlari vahiy emas, siyosat, ijtihod va shaxsiy qarash edi!
Boshqa tomondan, har qanaqangi siyosiy fikr, ijtihod va shaxsiy qarashni xiyonat deydiganlar bor. Ular to‘shakda yonboshlab olib, chegarada turganlarga fatvo berib o‘tirishadi. Falon joyda tinchlik mumkin emas, piston joyda urush mumkin emas, deb o‘tirishadi!
Siyosat bilan shug‘ullanayotgan kishi ham insonligini unutmaslik kerak. U ham xato qiladi, to‘g‘ri aytadi. Uning insonlarni o‘zining fikriga majburlashga haqqi yo‘q. Ommaning ishi bilan mashg‘ul bo‘ladigan kishilar mujtahidni ma’zur tutishi, u haqda yaxshi gumon qilishi, unga nasihatda bo‘lishi lozim!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi