Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Oktabr, 2025   |   9 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:02
Quyosh
06:20
Peshin
12:18
Asr
16:19
Shom
18:09
Xufton
19:21
Bismillah
01 Oktabr, 2025, 9 Rabi`us soni, 1447

Umra tadbirini tashkil etish yuzasidan xabarnoma

29.10.2020   2859   4 min.
Umra tadbirini tashkil etish yuzasidan xabarnoma

So'nggi yillarda haj va umra tadbirlarini tashkil etish, ziyoratchilarga qulay shart-sharoit va engilliklar yaratish borasidagi ishlar, shubhasiz yangi bosqichga ko'tarildi. Buni tashkiliy ishlar hamda Makka va Madina shaharlarida yurtdoshlarimiz uchun yaratilgan yangilik va qulayliklar misolida yaqqol ko'rish mumkin.

Mazkur safarlarni tashkil etish dunyoda kechayotgan murakkab epidemiologik vaziyat, qolaversa Saudiya Arabistonidagi koronavirus kasalligi bilan bog'liq jiddiy holatdan kelib chiqib, vaqtinchalik to'xtatilgan edi. Shundan buyon “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o'tkazish masalalari bo'yicha Jamoatchilik kengashi Saudiya tomoni bilan mazkur tadbirlar bilan bog'liq yangilik va jarayonlar borasida muntazam muloqot qilib kelmoqda.

Avval xabar berib o'tganimizdek, Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi o'zining rasmiy internet nashrlari orqali taqdim etgan ma'lumotlarga ko'ra, Umra ziyorati to'rt bosqichda, Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog'liqni saqlash vazirligi taklif va tavsiyalari asosida qayta tashkil etishi bayon etilgan. Bugunga qadar umra tadbirlari 2 ta bosqichda qayta yo'lga qo'yildi. Shu yilning
4 oktyabrdan birinchi va 18 oktyabrdan ikkinchi bosqichlar boshlandi. Hozirga kelib kunlik ziyoratchilar soni 15 mingtani tashkil etmoqda.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, ushbu ikki bosqichda Umra ibodatini ado etuvchilar soni cheklangan bo'lib, maxsus onlayn navbat dasturi orqali ro'yxatga olinmoqda va ziyoratchilarning Masjidul Haram hududiga kirishlari tashkiliy ravishda amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Haj va umra vazirligining bayonotida joriy yil 1 noyabridan e'tiboran, Umra ibodatini ado etish uchun xorijlik ziyoratchilarni qabul qilish nazarda tutilgan edi. Ruxsat etilgan davlatlar ro'yxati mamlakatlarning epidemiologik holatidan kelib chiqib, Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan shakllantirilishi alohida ta'kidlangan.

Shu o'rinda, internet saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalarida joriy yilning 1 noyabr' kunidan e'tiboran, xorijiy ziyoratchilarga umra qilishi uchun ruxsat berilmoqda, mazmunida tarqalgan xabarga oydinlik kiritib o'tish lozim. 1 noyabr' kunidan xorijiy fuqarolarga ruxsat berish yuzasidan bildirilgan Haj va umra vazirligi bayonotida Umra ibodatiga keluvchilar uchun bir qancha shart va talablar belgilab qo'yilgan.

Jumladan, unda umra ziyoratchisining yoshi 18 dan 50 yoshgacha bo'lishi (Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog'liqni saqlash vazirligi taklifiga ko'ra), koronavirusdan holi ekanini isbotlovchi manfiy natijali PTsR analizni taqdim etishi, ushbu analiz 72 soat ichida olingan bo'lishi va ishonchli laboratoriyada amalga oshirilishi zarurligi, "Umra qildik" programmasi orqali (Ikki Haramga kirish uchun onlayn navbat) ro'yxatdan o'tib, o'z onlayn tartibiga ko'ra umra ibodatini ado etish, Masjidul Haromda namoz o'qish, Masjidun Nabaviyni ziyorat qilish va Ravzai sharifda namoz o'qish bilan bog'liq rejali ishlar uchun oldindan buyurtma berish, Saudiya Arabistoniga etib kelgandan so'ng belgilangan mehmonxonada 3 kun karantinda bo'lishi va boshqa shu kabi talablar belgilangan.

Shuningdek, Saudiya mutasaddi idoralari tomonidan epidemiologik holat bo'yicha Umra ziyoratini tashkil etish uchun ruxsat etilgan davlatlar ro'yxati alohida e'lon qilinishi qayd qilingan.

O'z navbatida, «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o'tkazish masalalari bo'yicha jamoatchilik kengashi Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan mazkur masalalar bo'yicha belgilangan karantin talablari asosida Umra ziyoratini tashkil etish yuzasidan muzokaralar o'tkazmoqda.
Shuningdek, ushbu tadbirlarni tashkil etishga vakolatli tashkilot – O'zbekiston musulmonlari idorasi yurtdoshlarimizning to'liq tibbiy xavfsizligini ta'minlagan holda, rasmiy, ishonchli, xavfsiz va qulay Umra xizmatlarini taqdim etish ustida hamkorlar bilan jadal ish olib bormoqda.

Eslatib o'tamiz, Umra safari bilan bog'liq yakuniy qarorlar yuzasidan tez kunlarda rasmiy bayonot beriladi.

Din ishlari bo'yicha qo'mita va
O'zbekiston musulmonlari idorasi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ustozlik qilish Allohning rahmatidir

30.09.2025   950   2 min.
Ustozlik qilish Allohning rahmatidir

Ilm ruhning ozuqasi. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo‘lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm esa ustozning sa’y-harakati, tinimsiz mehnati, g‘ayrati va matonati bilan egallanadi. “Ustoz otangdek ulug‘” deb, ajdodlarimiz bejiz aytishmagan. Chunki, ota farzandni dunyoga keltirgan bo‘lsa, ustoz unga odamiylikdan saboq bergan. Bir mashhur zotdan, nima uchun ustozingizni otangizdan ham ortiq ko‘rasiz, deb so‘rashganda: “Otam meni jismimni tarbiyalab yerga tushishimga sabab bo‘lgan, ustozim esa ruhimni tarbiyalab ko‘kka yetishimga sabab bo‘ldi”, degan ekan.
Dinimiz ta’limotiga ko‘ra o‘zgalarga ta’lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e’zozlansa arziydi.
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi  diniy sohada ham ustoz-murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Yosh avlodda xizmat ko‘nikmalarini shakllantirishda boy ish va hayot tajribasiga ega bo‘lgan xodimlar hamda faxriylarning pand-nasihatlari alohida tahsinga sazavordir. Shuning uchun ham borliqdagi hamma narsa ustozning haqqiga duo qilib turadi. 
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu haqda bunday marhamat qilganlar:
“Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, hatto kovagidagi chumoli va xattoki baliqgacha odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchiga salavot aytadilar”.
Muhaddislar imomi Imom Buxoriy rahimahullohning shogirdlaridan biri Firabriy aytadi: "Ustozim Imom Buxoriy menga ko‘p hadis rivoyat qilardi. Ba’zan malollanib, zerikib qolmasligim uchun shijoatimni orttiradigan so‘zlardan aytardi. Kunlarning birida bunday dedi: "O‘yin-kulgi qiluvchilar istirohat bog‘larida, ishlab chiqaruvchilar o‘z hunarida, savdogarlar esa tijoratida. Sen esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning as'hoblari bilan birgasan". 
Demak, ustozlar ta’lim berish bilan birga sabr matonatli bo‘lishi uchun tarbiyachi ham ekanliklari ma’lum bo‘ladi.


Muhibbulloh Xudoyberdiyev, 
To‘raqo‘rg‘on tuman bosh imom xatibi

Maqolalar