Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Iyun, 2025   |   15 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
19:59
Xufton
21:37
Bismillah
11 Iyun, 2025, 15 Zulhijja, 1446

2. BAQARA SURASI, 174–176 OYaTLAR

28.10.2020   4908   5 min.
2. BAQARA SURASI, 174–176 OYaTLAR

إِنَّ ٱلَّذِينَ يَكۡتُمُونَ مَآ أَنزَلَ ٱللَّهُ مِنَ ٱلۡكِتَٰبِ وَيَشۡتَرُونَ بِهِۦ ثَمَنٗا قَلِيلًا أُوْلَٰٓئِكَ مَا يَأۡكُلُونَ فِي بُطُونِهِمۡ إِلَّا ٱلنَّارَ وَلَا يُكَلِّمُهُمُ ٱللَّهُ يَوۡمَ ٱلۡقِيَٰمَةِ وَلَا يُزَكِّيهِمۡ وَلَهُمۡ عَذَابٌ أَلِيمٌ١٧٤

174. Alloh tushirgan Kitobdagi narsani yashirganlar va uni arzonga sotganlar qorinlarini faqat olovga to'ldirishadi. Qiyomat kuni Alloh ular bilan so'zlashmaydi, ularni poklamaydi va ularga alamli azob bordir.

Odamlarni kufr va shirk iskanjasida tutib turish uchun, o'z shaxsiy manfaatlari yo'lida Parvardigorlari tomonidan nozil qilingan ilohiy vahiylarga ishonmagan, ishonish uyoqda qolib, ularni odamlardan yashirgan yoki dunyoning arzon matohlariga alishtirib yuborgan johillar qorinlarini do'zax olovi bilan to'ldirishgani aniq! Qiyomat kuni Alloh taolo ularning arzi-hollariga, bahona-sabablari haqida so'zlashmaydi ham, ularga rahmat nazari bilan qaramaydi ham, ularning tavbalarini qabul qilib, gunohlaridan poklamaydi ham. Ularga mangu qiynoqlar, aslo tugamaydigan azob-uqubatlar tayyorlab qo'yilgan. Alloh taolo bunday deydi: "Kim Allohga shirk keltirsa, albatta unga Alloh jannatni harom qiladi va uning borar joyi do'zaxdir. Zolimlarga yordamchilar bo'lmaydi" (Moida, 72).

أُوْلَٰٓئِكَ ٱلَّذِينَ ٱشۡتَرَوُاْ ٱلضَّلَٰلَةَ بِٱلۡهُدَىٰ وَٱلۡعَذَابَ بِٱلۡمَغۡفِرَةِۚ فَمَآ أَصۡبَرَهُمۡ عَلَى ٱلنَّارِ١٧٥

175. Ana shular hidoyat evaziga zalolatni, mag'firat o'rniga jazoni sotib olganlardir. Ular do'zax o'tiga shunchalik bardoshlimi?

Alloh taologa shirk keltirish, ya'ni Unga biror maxluqni sherik qilish, Allohdan boshqa but-sanamlarga, tosh, daraxt, oy-quyosh kabilarga sig'inish eng ulkan gunohdir. Alloh taolo qancha ko'p gunoh bo'lsa ham mag'firat etishi mumkin, ammo shirkni aslo kechirmaydi: "Chunki shirk keltirish eng katta zulmdir" (Luqmon, 13). Ya'ni shirk qabih amal va ochiq zulmdir. Shirkka mubtalo bo'lganlar hidoyat yo'lini tan olmay, zalolatni tanlagan bo'ladi. Ular Alloh taoloning mag'firati o'rniga Uning azobi-jazosini tanlagan bo'ladi. Ular do'zax oloviga shunchalik ham chidamlimiki, to'g'ri yo'l turganida zalolatga yuz buradi? Allohning mukofoti, jannati turganida do'zaxdagi azobini istaydi? Hadisda kelishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarga gunohi kabiralarning eng kattasi haqida xabar beraymi?" deb so'radilar. Biz: "Ha", dedik. "Allohga shirk keltirish va ota-onaga oq bo'lish", dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

ذَٰلِكَ بِأَنَّ ٱللَّهَ نَزَّلَ ٱلۡكِتَٰبَ بِٱلۡحَقِّۗ وَإِنَّ ٱلَّذِينَ ٱخۡتَلَفُواْ فِي ٱلۡكِتَٰبِ لَفِي شِقَاقِۢ بَعِيدٖ١٧٦

176. Bu shuning uchunki, Alloh Kitobni haq bilan tushirgan edi, Kitob haqida tortishganlar esa, ixtilofda chuqur ketganlardir.

Mushriklarning adashuvlari shundaki, ular Allohning tavhidi borasida va Uning haq bilan tushirgan kitobi (Tavrot) haqida bema'ni tortishuvlarga borganidir. Bunday tortishuvchilar barcha makon va zamonlarda bo'lgan va bo'ladi. Arastu falsafasi tarafdorlari, "vahdati vujud", jabariya, mo''tazila kabi oqimlarni yoqlaydiganlar, yahudiy va nasroniy dinidagi ayrim olimlar Allohning vahdoniyati, Uning zotiy va fe'liy sifatlari haqida o'rinsiz tortishuvlarga borib, haq yo'ldan adashib ketishdi. Ular adashuvining asl sabablari esa ixtilofda chuqurlashib ketganlari, Allohning haq Kitobi turib, insonlar o'ylab topgan boshqa asoslarga suyanganlaridadir.

Ilohiy kitoblarning birortasini inkor qilgan kishi kofir bo'ladi. Boshqa ilohiy kitoblarga imon keltirib, Qur'oni karimni inkor etuvchi kishi ham kofir bo'ladi. Bular – haqiqatdir, Alloh taoloning amridir. Zero, ilohiy kitoblarda hidoyat va nur bor, ilohiy kitoblar o'zidan oldingi kitobni tasdiqlovchidir. Alloh taolo insoniyatning kamolot darajasiga qarab oldingi hukmlariga o'zgarishlar kiritgan, xolos. Avvalgi payg'ambarlar etkazgan hukmlar (shariat)ni keyin kelgan payg'ambarlar Alloh irodasi bilan bekor qilishgan. Bunga Hazrati Iso alayhissalomning o'z ummatlariga: «Men Allohning sizlarga (yuborgan) payg'ambaridirman. (Men) o'zimdan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi va o'zimdan keyin keladigan Ahmad (Muhammad) ismli payg'ambar haqida xushxabar (bashorat) etkazuvchiman» (Saf, 6) degan so'zlari dalildir. Alloh taolo Hazrati Muso alayhissalomga Tavrot kitobini tushirgan. Ammo Tavrotning asli yo'qolgan, uning qayerdaligini hech kim bilmaydi. Alloh taolo Bani Isroilni ilohiy kalomni davomli ravishda buzib kelganlarini bizlarga bildirgan. Mo'min-musulmonlar Alloh taoloning Muso alayhissalomga Tavrotni tushirganiga imon keltiradilar va busiz imonlari butun bo'lmaydi.

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar

Arafa kuni ushbu 5 amalni bajarishni unutmang!

04.06.2025   14035   1 min.
Arafa kuni ushbu 5 amalni bajarishni unutmang!

1. Duo qilish. Bu kun qilingan duolar eng afzal duodir.

Solihlardan biri aytadi: "Allohga qasam! Arafa kuni biror duo qilsam, bir yil o‘tmasidan turib uni xuddi yorishgan tong kabi amalga oshganini ko‘rdim".

O‘tgan solihlar ehtiyojlari uchun qiladigan duolarini arafa kuniga saqlab qo‘yishar edi. Qanchadan qancha orzu-umidlar va duolar arafa kunida ijobat qilingan.


2. Ushbu duoni ko‘p qilish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi arafa kunidagi, men va mendan oldingi nabiylarning “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shayin qodiyr”, deb aytgan duosidir”, dedilar.


3. Allohdan do‘zaxdan panoh so‘rash. Bu kundan ko‘ra do‘zaxdan ko‘p ozod bo‘ladigan kun yo‘q. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!”.


4. Takbiri tashriq aytish. Bu kunning bomdod namozidan boshlab takbir aytiladi. “Allohu akbar! Allohu akbar! Allohu akbar! Laa ilaha illallohu vallohu akbar! Allohu akbar va lillaahil hamd”.


5. Ro‘za tutish. Bu kun tutilgan ro‘za ikki yillik gunohlarga kafforot bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining ro‘zasi undan oldingi va undan keyingi yillardagi gunohlarga kafforot bo‘ladi deb Allohdan umid qilaman”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Arafa kuningiz muborak bo‘lsin. Alloh taolo sizni bu kunning fazilatlaridan to‘liq bahramand etsin.

 

Davron NURMUHAMMAD