Abu Hanifa rahmatullohi alayhning shogirdi Qozi Abu Yusuf rahmatullohi alayh aytadi: «Otam vafot etganida men yosh bola edim. Onam meni gazlama oqlovchiga olib borib topshirdi. Men Abu Hanifaning dars halqalari oldidan o'tib ketayotib, u erda to'xtab dars eshitib o'tirardim. Ortimdan onam kelib, qo'limdan tutib, dars halqasidan olib, gazlama oqlovchining oldiga eltib qo'yar edi. Men esa onamning xohishiga xilof o'laroq Abu Hanifaning darsiga borar edim.
Ish shunday davom etavergach, onam Abu Hanifaga: «Bu bola etim bo'lib, faqatgina mening urchug'im (ip yigiradigan charx) orqasidan ediradigan narsamdan boshqa hech narsasi yo'q. Siz esa bu bolani aynitdingiz», dedi.
Shunda Abu Hanifa: «Quloq soling, o'ylamasdan gapirmang, hali bu bola shunday ilm oladiki, feruzadan bo'lgan likopchada xandon pista yog'idan qilingan faluzaj, ya'ni un, suv, asal va boshqa unsurlarni qo'shib tayyorlanadigan yumshoq shirinlikni eydi», dedi.
Onam: «Siz aqldan ozgan qariya ekansiz», dedi.
Abu Yusuf rahimahulloh: «Men qozi bo'lib ishlayotganimda bir kuni xalifa Horun ar-Roshidning huzurida edim. Shu payt feruzadan bo'lgan likopchada faluzaj olib kelindi. Shunda u menga: «Bundan eng, bu narsa biz uchun hamma vaqt ham tayyorlanavermaydi», dedi.
Men: «Bu nima ekan, ey mo'minlarning amiri?», deb so'radim.
U: «Bu faluzaj», dedi.
Men jilmayib qo'ydim.
U: «Nima uchun kulyapsiz?», dedi.
Men: «Shunchaki kuldim, Alloh mo'minlarning amirining umrini uzoq qilsin!», dedim.
U kishi esa: «Kulishingiz sababini ayting», dedi.
Men mazkur voqeani aytib berdim.
Shunda u: «Ilm dunyo va oxiratda manfaat beradi va yuqori martabaga ko'taradi. Alloh Abu Hanifani rahmatiga olsin! Darhaqiqat u ko'z bilan ko'ra olmaydigan narsalarni aql ko'zi bilan ko'rar edi», dedi».
Imom Abu Yusuf rahmatullohi alayh haqlarida Abu Hanifa rahmatullohi alayh «U shogirdlarimning ichida eng bilimdoni», deb aytar edilar. (Al-Bidoya van-nihoya)
Qudratulloh Sidiqmetov
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati