Arab tilida yozilgan manbalarni mutolaa qilar ekansiz Buxoriy, Samarqandiy, Shoshiy, Termiziy, Nasafiy, Horazmiy, Keshiy, Farg'oniy, Namangoniy deya tanilgan yuzlab, balki minglab olimlarning ismiga va ularning yozgan nodir asarlariga duch kelasiz. Ular haqida aytilgan maqtovlar, ularning ilm darajalari va qilgan xizmatlarini o'qisangiz beixtiyor ana shunday zotlarning avlodi ekaningizdan faxrlanasiz. Ana shunday zotlardan biri ulug' muhaddis Abu Iso Termiziydir. U zotning siyrat fanida yozgan “Shamoil” kitobi bu sohada katta burilish yasadi. Quyida u zotning hayotlari va ushbu asarlari haqida olib borilgan ilmiy tadqiqot ma'lumotlarini e'tiboringizga havola qilamiz.
Imom Termiziyning nasabi: Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok[1] bo'lib, manbalarda kelgan bobolari ismining eng ishonchlisi mana shudir. Ayrim tarjima kitoblarda Muhammad ibn Iso ibn Yazid ibn Savra deb ham kelgan[2]. “Irshod ila ma'rifati ulamoi-l-hadis” kitobining muallifi Imom Termiziyni Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Shaddod deb keltirgan[3]. Lekin ko'pchilik tarixchi olimlar Muhammad ibn Iso ibn Savraga ittifoq qilganlar.
Kunyasi: Imom Termiziyning kunyasi Abu Iso bo'lib, Imom Termiziyni o'zi ham bu kunyani yaxshi ko'rar edi. U zot bu kunyani o'z ismiga ixtiyor qilib, o'zini faqat Abu Iso, deb nomlanishini yaxshi ko'rgan[4].
Imom Termiziyga al-Bug'iy, at-Termiziy va as-Sulamiy deb nisbat berilishiga quydagilar sabab bo'lgan:
- Termiziy – ushbu nisbat Termiz shahrida tug'ilgan insonlarga berilgan. Bunday nisbat berish islom olamida juda mashhur bo'lib, har bir inson o'zi tug'ilgan joyga nisbati berilgan.
- Bug'iy – bunga sabab Imom Termiziy tug'ilgan qishloq bo'lib, bu qishloq Termiz shahridan olti farsax uzoqlikda joylashgan. Hozirda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida. Lekin Markaziy Osiyolik mashhur tarixchi Abu Sa'ad Abdulkarim as-Sam'oniy (1113-1167) Termiziy Bug' qishlog'ida vafot etganligi uchun Bug'iy taxallusini olgan degan.
- Sulamiy deb nisbat berilishining tarixchi olimlar ikki qabilaga nisbat bergan. Ulardan biri Sulaym ibn Mansur bo'lib, bu arab qabilalari ichidagi mashhur qabiladir. Bu nisbatni “al-Ansob” kitobi sohiblari bergan[5]. Mulla Ali al-Qori bo'lsalar Sulaym ibn Fahm qabilasiga nisbat bergan[6]. Shu o'rinda aytish lozimki, Imom Termiziyning oilalari va ota-onalari haqida manbalarda aniq ma'lumot yo'q. Olimlar Imom Termiziydan faqatgina “Bobom asli Marvlik bo'lib, Lays ibn Sayyor davrida Marvdan Termizga ko'chib kelgan ”, degan so'zini keltiradilar[7].
Tavalludi: Imom Termiziy hijriy III asrning avvalida 209/824 yili Termizdagi Bug' qishlog'ida o'rtahol bir oilada tavallud topgan. Imom Zahabiy o'zining "Siyar a'lam an-nubalo" kitobida hijriy 210 sana boshlarida deb keltirgan[8]. Ibn Asir o'zining “Jome'-al-usul” kitobida hijriy 209 sanada tavallud topganini keltirgan[9]. Imom Termiziy umrining oxirida ko'zi ojiz bo'lib qolgani uchun u zotga “Zariyr” degan taxallus berilgan[10].
Imom Termiziyni ilmga yuzlanishi va ilm talabidagi safarlari: Imom Termiziy yoshlik chog'ida g'oyatda tirishqoq, idrokli va zakovatli bo'lib, bu fazilati bilan o'z tengdoshlaridan batamom ajralib turgan. Imom Termiziyni yoshlik chog'ida ilmga o'ta qiziqish va ishtiyoqi o'sha davrning ko'pgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallashida yaqqol namoyon bo'ldi. Imom Termiziy ilm olishda faqat o'z yurti yoki qo'shni viloyatlar bilan cheklanmadi. Tarixchi olimlar Imom Termiziyning ilmiy safarga chiqishi 240/850 yildan, ya'ni yigirma olti yoshidan boshlanganini, ilm talabida uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlarga safar qilganini aytishgan. Jumladan, u zot Buxoro, Marv[11], Ray [12], Basra, Kufa va Hijoz (Makka va Madina)ga safar qilib, ko'plab muhaddislar, ulamolar bilan muloqotda bo'lib, ulardan ta'lim olgan. Imom Termiziyning Bag'dodga kirgani haqidagi ma'lumot borasida olimlar ixtilof qilganlar.
Vafoti: Uzoq yillik ilmiy hayotdan so'ng Imom Termiziy 279/892 yil rajab oyining o'n uchinchisida, dushanba kuni vatani bo'lmish Termizning Bug' qishlog'ida vafot etdi. Hozirda u zotning qabri O'zbekistondagi mashhur ziyoratgohlardan biri hisoblanadi.
U zot haqida aytilgan maqtovlar: Imom Sam'oniy “Imom Termiziy hech shubhasiz o'z asrining imomidir”, degan[13]. Imom Sam'oniy yana boshqa bir o'rinda “Imom Termiziy hadis ilmi borasida iqtido qilinadigan imomlardan biri bo'lib, “Jome'”, “Tavorix” va “Ilal” kabi buyuk asarlar muallifi, u zotning zehni borasida zorbulmasallar keltirilgan”, degan[14]. Hokim Abu Ahmad men Umar ibn Alakdan “Muhammad ibn Ismoil Buxoriy vafot etdi. Hurosonda o'zidan keyin ilm va taqvoda Abu Isoga o'xshashini qoldirgani yo'q. U ko'p yig'laganidan hatto ko'r bo'lib qoldi”, deganini eshitdim” degan[15]. Abul Fazl Baylamoniy “Men Nasr ibn Muhammad Shayrokuhiydan u men Muhammad ibn Iso Termiziydan u Menga “Muhammad ibn Ismoil Men sendan ko'rgan foyda sen mendan ko'rgan foydadan ko'proqdir”, deganini eshitdim”,[16] degan.
Ibn Kasir “Imom Termiziy bu ish (hadis ilmi) borasida o'z zamonasining imomlaridan edi”, degan[17]. Hofiz Abul Hajjoj Mizziy “Imom Termiziy ko'zga ko'ringan hofiz imomlardan biri bo'lib, Alloh u bilan musulmonlarni manfaatlantirdi”,[18] degan. Mulla Ali Qori “Termiziy imom, hujjat, ishonchli, hofiz, mutqindir”, degan[19]. Bundan tashqari boshqa juda ko'plab olimlarni imom Termiziy haqida aytgan so'zlarini keltirish mumkin. Bularning hammasi Imom Termiziyning hadis ilmi borasida katta olimlardan bo'lgani va salaf solihlarning fiqhini yaxshi o'zlashtirganiga dalolat qiladi. U zot ilm va amalni jamlagan insonlardan biri bo'lgan.
“Shamoili Muhammadiya” kitobi haqida olimlarning aytgan maqtovlari: Ushbu kitob Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shamoillari borasida yozilgan eng ulug' va foydali manba hisoblanadi. Muallif ushbu kitobda mavzuning asl chashmasi, duru gavharlari va barcha qirralarini keltirib, chiroyli uslubda tartibga solgan va muxtasar holda jamlagan. Kitob shu darajaga etganki, o'quvchiga malol keladigan darajada uzun ham, maqsadni ifodalashda biror kamchilik paydo qiladigan darajada qisqa ham bo'lmay, o'z mavzusini to'la qamrab olishi jihatidan o'rta hajmli kitoblar sirasiga kiradi. Bunga Ibn Kasir “Bidaya-van-nihoya” kitobida ishora qilib shunday degan: “Insonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shamoillari borasida qadimda ham, hozirda ham aynan shu mavzuda va bu mavzuga aloqador kitoblarni bitganlar. Shamoil borasida juda foydali va a'lo darajada hadislarni jamlagan asarlar sirasiga Imom Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra Termiziyning kitobini keltirishimiz mumkin. U zot bu yo'nalishda mashhur “Shamoili Muhammadiya” kitobini yozgan. Kaminada u zotga etadigan muttasil sanad mavjud”,[20] degan. Muhammad ibn Abdurauf Munoviy (v.1031 h.) “Shamoili Muhammadiya” kitobiga yozgan sharhining muqaddimasida shunday deydi: “Rivoyat va diroyat olimi Imom Termiziyning (Alloh taolo u zotning qabrini hushbo'y miskning hididan muattar bo'lgan jannat bog'chalaridan qilsin) “Shamoili Muhammadiya” kitobi o'z bobida tengsiz, tuzilish va ma'lumotlarni qamrab olish jihatidan yakka-yu yagonadir. Biron kishi bu kitobga teng bo'luvchi yoki o'xshashini yozmagan. Muallif kitobni yozishda go'zal uslub tutgan. Hadis va xabarlarning chashmasi bilan naqsh solgan. Hatto bu kitob Alloh taolo tarafidan in'om etilgan iqtidorning samarasi deb hisoblangan va mashriqu mag'ribda dong'i ketgan”[21]. Mulla Ali Qori kitob haqida: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning axloqlari va shamoillari borasida yozilgan kitoblarning eng go'zali Termiziyning Rasululloh sollollohu alayhi vasallam siyratlari borasida mukammal tarzda yozilgan jome muxtasar kitobdir. Bu kitobni o'qigan kishi U janobning tashqi ko'rinishini ko'rgandek va har bobda U zotning sharafli xislatlarini tasavvur qiladi”,[22] degan. Kitobning yaxshiliklari, foydalari va samaralari haqida ko'p naqllar rivoyat qilingan. Shuningdek, oldin ham, keyinchalik ham ahli ilmlar tomonidan bu kitobga xizmat qilish maqsadida muxtasar, sharh, tahqiq qilish va nazmga solish kabi turli yo'nalishlarda katta mehnatlar amalga oshirildi.
Kitobning nomi: “Shamoil” so'zi ishlatilganda insonning xislatlari, sifatlari, o'ziga xos xususiyatlari, axloqu odoblari va shunga o'xshash ma'nolar nazarda tutiladi. Falonchi go'zal shamoil egasi deyilganda go'zal axloq egasi degan ma'no tushuniladi. Oliyjanob shamoil egasi deyilganda oliyjanob axloq egasi degan ma'no tushuniladi. Shuning uchun Imom Termiziy va u zotdan boshqa ahli ilmlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sifatlari, axloqlari, odoblari va shunga tegishli bo'lgan boshqa xislatlarni “Shamoil” deb nomlaganlar. Imom Termiziyning “Shamoil” kitobi turli nomlar bilan nashr qilingan. Nusxa ko'chiruvchi xattotlar, kitobni rivoyat qiluvchilar va olimlar unga turli nomlarni ishlatganlar. Bu nomlardan eng mashhurlari “Shamoili Nabaviyya” yoki “Shamoil Nabiy sollallohu alayhi vasallam” bo'lib, bu nomlar eng ko'p ishlatilgan. Ba'zan “Shamoili Muhammadiya”, “Shamoili Mustafo” nomlari ham ishlatiladi. Goho olimlar kitobni muallifiga ham nisbat berib “Shamoil Termiziy” yoki “Shamoil Termiziyya” deb ham ishlatganlar[23].
“Shamoil” kitobini sharhlagan Abdurazzoq ibn Abdumuhsin Badr kitob muqaddimasida: “Oldingi ahli ilm olimlar kitobni “Shamoil Nabiy sollallohu alayhi vasallam” deb nomlaganlar. Keyingi mutaaxxir olimlar bo'lsa, “Shamoili Muhammadiya” deb nomlaganlar” degan. Olim ushbu so'zi bilan kitobni nomlarini jamlashga harakat qilgan. Kitobning ismi borasida olib borilgan izlanishda yuqorida zikr qilingan nomlardan ham uzunroq nom uchradi. U “Shamoili Muhammadiya va Hosai-l- Mustofaviyya” nomidir[24]. Bu nomni asosan arab mamlakatlaridagi nusxalarda ko'rish mumkin. Hususan, bu nomni Marokash davlati poytaxti Rabot shahridagi Podsho fondida saqlanayotgan qo'lyozma nusxalarda uchratish mumkin[25]. Kitob nomi turli xil nomlanishiga sabab kitobning umumiy muqaddimasi yo'qligidir. Chunki mualliflarning kitob yozishdagi odatlari kitobni qaysi mavzu borasida yozilganini, kitob nomi nima ekani va undagi yo'nalishni bayon qilib so'ngra kitobni boshlaganlar. Imom Termiziy bo'lsa, basmala va hamd aytgandan so'ng to'g'ridan to'g'ri kitobni boshlab ketgan. Shuning uchun kitob turlicha xil nomlana boshlagan. Ehtimol muallif o'zi yozgan nusxada kitobning nomini yozgan bo'lishi mumkin. Kitobni undan rivoyat qilganlar va naql qilganlar uni o'zlari turlicha nomlaganlari uchun aniq bir nom qaror topmagan bo'lishi ham mumkin. Modomiki hozirgacha bu ixtilof bor ekan, demak, Imom Termiziy kitobga qanday nom qo'yganini hech kim aniq keltira olmaydi. Biz esa yurtimizda tanilgan nomi bo'lgan “Shamoili Muhammadiya” nomini maqolamizga kiritdik.
Kitobning qo'lyozma nusxalari: Imom Termiziyning shamoil kitoblari islom olamida eng ko'p tarqalgan kitoblardan biri hisoblanadi. Bunga bir necha sabablarni keltirish mumkin:
Kitobning qo'lyozma nusxalari soni haqida gapiradigan bo'lsak, uning aniq adadini aniqlash juda mushkul. Kitobning qo'lyozmalari qancha ekanligini aniq aytib bo'lmaydi. Chunki ba'zi qo'lyozma nusxalar shaxsiy fondlarda saqlanayotgan bo'lishi mumkin. Jumladan, Damashqdagi Asad kutubxonasining o'zida kitobning 23 ta qo'lyozma nusxasi bor.
O'zbekiston musulmonlari idorasidagi “Shamoili Muhammadiya” kitobining qo'lyozma nusxalari quyidagilar:
«Shamoil Muhammadiya» asariga yozilgan sharhlar: “Shamoili Muhammadiya” asariga ko'plab sharhlar yozilgan. Ularni biron bir adad bilan chegaralash mumkin emas. Ko'pchilik tadqiqotchilar kitob tahqiqini keltirishdan oldin kitob muallifining hayoti va ilmiy faoliyati haqida bir oz so'z yuritadilar. So'ngra kitobning ahamiyati va unga yozilgan sharhlar haqida ma'lumot beradilar. Huddi shuningdek, “Shamoili Muhammadiya” kitobi borasida tadqiqot olib borgan olimlar unga yozilgan sharhlarni keltirganlar. Ularning ba'zilari o'nta, ba'zilari yigirmata sharhni keltirgan. Hozirgacha qilingan tadqiqotlarda eng ko'p sharhlarning nomlarini jamlagan tadqiqot bu Abduh Ali Kushkning tadqiqoti bo'lib, unda 72 ta sharhning nomi va mualliflari ismlari keltirilgan. Ammo ilmiy tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, kitobga yozilgan sharhlar 80 tadan oshiqroq bo'lib, ularning nomlari tarix kitoblarida kelgandir.
Ulardan mashhurlari:
Shamoil Muhammadiya asariga fors tilida ham sharhlar yozilgan bo'lib, ulardan quyidagilarni keltirish mumkin:
Turkiy sharhlardan bo'lsa eng mashhuri shayx Hisomiddin Hasan ibn Muhammad Naqshbandiyning sharhlaridir. Kitob dunyoning bir nechta tillariga tarjima ham qilingan. Bular: o'zbek, ingliz, frantsuz, urdu, fors tillaridir. Keltirib o'tilgan ma'lumotlardan Islom olamida mazkur asarning o'rni beqiyosligini anglash mumkin.
Hulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, hadis ilmining rivoji va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini keng ommaga etib borishida ulug' vatandoshimizning xizmatlari buyukdir. Zero, yuqorida keltirilgan ulamolarning maqtovlari ham so'zimizni tasdiqlaydi. Hususan, u zotning “Shamoil” asari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulq-atvorlari, tashqi ko'rinishlari, hayotning har bir jabhasida namuna bo'lib, amalga oshirgan ishlarini mukammal tarzda bayon etib bergan. Kitobni mutolaa qilgan kitobxon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yanada yaqindan taniydi. Alloh taolo bu bobokalonimizning xizmatlarini qabul etib, jannatdagi martabalarini yuqori qilsin!
Manbalar asosida Toshkent viloyati Qibray tumani “Sa'dulla ota” jome masjidi imom-xatibi,
Toshkent islom instituti “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi o'qituvchisi Mirhamidov Obidjon tayyorladi.
[1] Qarang: Iyod Holid. Imom Termiziy. – Damashq, Dorul qalam 2001. –B.37.
[2] Qarang: ibn Hajar Asqaloniy.Tahzibut tahzib. – Bayrut, Dorul ma'rifa 1395 h. – 9/ 387.
[3] Qarang: Abu Ya'lo Haliliy. Al-Irshod. – Riyoz, Maktabatul Rushd 1409-h. – 3/904
[4] Muhammad Abdurahmon ibn Abdurohim. Muqaddima Tuhfatul-Ahvuziy. – Bayrut, Dorul kutub ilmiyya 1990. – B. 242.
[5] Imom Sam'oniy. Ansob. – Bayrut, Dorul Muhammad Amin, 1401. J.2. – B.361.
[6] Qarang: Iyod Holid. Imom Termiziy. – Damashq, Dorul qalam, 2001. –B.38.
[7] Taqyuddin Isirdiy. Fazoilal-kitab al-Jome'. – Bayrut, Olamul kutub, 1409 h. – B. 40..
[8] Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Siyaru a'lomin-nubalo. – Bayrut, Muassasatu-r- risola, 1302h. J. 13. –B.371.
[9] Qarang: Iyod Holid. Imom Termiziy. – Damashq, Dorul qalam, 2001. –B.39..
[10] Taqyuddin Isirdiy. Fazoilal-kitab al-Jome'. – Bayrut, Olamul kutub, 1409 h. – B. 40.
[11] Turkmaniston hududida joylashgan..
[12] Hozirgi kunda Eron poytaxti Tehron.
[13] Iyod Holid. Imom Termiziy. – Damashq, Dorul qalam, 2001. –B.51
[14] Imom Sam'oniy. Ansob. – Bayrut, 1401 h. J.2. –B.45.
[15] Ibn Hajar Asqaloniy.Tahzibu-t-tahzib. – Bayrut, Dorul ma'rifa, 1395 h. J.9. – B.389
[16] Ibn Hajar Asqaloniy.Tahzibu-t-tahzib. – Bayrut, Dorul ma'rifa, 1395 h. J.9. – B.389
[17] Iyod Holid. Imom Termiziy. – Damashq, Dorul qalam, 2001. –B.52.
[18] Abul Hajjoj Yusuf.Tahzibu-l-Kamol. – Bayrut, Muassasatur-risola, 1407 h. J.26. –B. 250.
[19] Iyod Holid. Imom Termiziy. – Damashq, Dorul qalam, 2001. –B.53.
[20] Ibn Kasir. Bidaya–van-nihoya. –Bayrut, Hijr, 1997. J.6. –B.13.
[21] Imom Munoviy. Sharh Shamoil. – Misr, Matbatul adabiya, 1317 h. J.1. –B.2.
[22] Ali Qori. Jamu-l-vasoil. – Misr, Matbatu-l-adabiya, 1317 h. J.1. –B.2.
[23] Hasson Holiy. Shuruh Mag'ribiyya. – Rabot, Manbaatu Abu Raqroq, 2012. – B.30.
[24] Hasson Holiy. Shuruh Mag'ribiyya. – Rabot, Manbaatu Abu Raqroq, 2012. – B.30.
[25] Podsho fo'ndida 1615,11806- raqamlar ostida saqlanayotgan nusxalarda shu nom bilan keladi.
Marosim O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta konferens-zalida o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilariga «Jahon jamoatchiligining Islom sivilizatsiyasi markaziga nigohi» maxsus filmi namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi, Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari Sherzod Asadov tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi maslahatchisi Muzaffar Komilovning forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimi Rahmatulla Arziyev o‘qib eshittirdi.
Forum ishtirokchilariga yo‘llangan qutlov so‘zlarida xorijiy mehmonlar va media hamjamiyati vakillariga minnatdorlik bildirildi. Forumning professional muloqot, xalqaro hamkorlik va O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini ilgari surish maydoni sifatidagi ahamiyati ta’kidlandi.
Marosimning asosiy voqealaridan biri Euronews bosh direktori va bosh muharriri Klaus Shtrunsning «Yangi yaqinlik: madaniyat, media va g‘oyalar orqali Yevropa va Markaziy Osiyoni birlashtirish — Islom sivilizatsiyasi markazi global axborot makonida» mavzusidagi maxsus ma’ruzasi bo‘ldi.
Shtruns islom sivilizatsiyasining tarixiy, ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini zamonaviy media formatlar orqali jahon auditoriyasiga yetkazish, shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, media vositalari turli mamlakatlar va jamiyatlar o‘rtasida nafaqat axborot almashinuvini ta’minlashi, balki muloqot uchun ko‘priklar ham qurishi kerak.
«Media vositalari fikrlar va yangiliklar almashinuvi uchun ko‘priklar qurishi mumkin va qurishi shart. Axir media kommunikatsiyasining mohiyati ham aynan shunda — ko‘priklar qurishda. Bugun bu yerda, qadimiy Ipak yo‘lida, kelajagimiz uchun aynan shu jarayon sodir bo‘lmoqda», — dedi Klaus Shtruns.
Euronews rahbari Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi axborot makonini yanada yaqinlashtirishni tarixiy Ipak yo‘li an’analari bilan qiyosladi. Uning ta’kidlashicha, mintaqalar o‘rtasidagi zamonaviy media aloqalar iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ham ochishi mumkin.
«Ipak yo‘lida axborot oqimi qanday kechgan bo‘lsa, bir-birimiz bilan muloqot qilish, bir-birimizning tilimizni tushunish ham shunday bo‘lsin. Bu oddiy texnik jarayondan ko‘ra kengroq tushuncha. Bu haqiqiy hamkorlikning yangi ko‘rinishi, kelajakdagi butun iqtisodiy taraqqiyot uchun harakatlantiruvchi kuch bo‘ladigan yangi axborot makonidir», — dedi u.
Klaus Shtruns, shuningdek, O‘zbekistonda yosh avlodning katta ulushga ega ekanini alohida qayd etib, bu mamlakatning kelajagi uchun ulkan imkoniyat ekanini ta’kidladi. U turli mamlakatlar yoshlarini birlashtiruvchi media va madaniy loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi.
Uning fikricha, turli sohalar — sport, ilm-fan, ta’lim va madaniyat vakillaridan iborat yoshlarni bir joyga to‘plab, ularning tajriba almashinuvi, hujjatli filmlar suratga olishi va qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish mumkin. Bunday tashabbuslar orqali mamlakatlar va mintaqalar yoshlari o‘rtasida yangi aloqalarni shakllantirish mumkin.
«Bu faqat chiroyli nutqlarda emas, balki aniq va amaliy loyihalarda o‘z ifodasini topishi kerak», — dedi Euronews bosh direktori.
Shtruns media sohasidagi innovatsiyalar ham aynan shu maqsad — o‘tmish merosini asrab, kelajakni birgalikda yaratishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.
«Eng muhimi, media doimo innovatsiyalarni harakatga keltiruvchi kuch bo‘lishi kerak. Ammo bu innovatsiyalar bugun men eshitgan ajoyib maqsadga xizmat qilishi lozim: media sohasida innovatsiyalarni ilgari surish, qalbimizda o‘tmishni asrab, kelajakni yaratish», — dedi u.
Euronews rahbari forumda ishtirok etishni media sohasining jamiyat oldidagi mas’uliyati bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, jurnalistika va media faoliyati faqat biznes yoki kasb emas, balki turli jamiyatlarni yaqinlashtirishga xizmat qiladigan muhim vazifadir.
«Ushbu noodatiy tadbirda media hamkor sifatida ishtirok etayotganimizdan faxrlanamiz. Biz uchun bu shunchaki biznes emas, oddiy kasb ham emas. Bu — o‘z burchimiz va da’vatimizdir», — dedi Klaus Shtruns.
Shu tariqa, forumning ochilish marosimida media sohasining zamonaviy vazifalari, xalqaro axborot hamkorligini rivojlantirish, madaniy merosni yangi formatlarda jahon auditoriyasiga taqdim etish va turli mintaqalar o‘rtasida yangi axborot ko‘priklarini barpo etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU Boshqaruv raisi Firdavs Abduxaliqov «Islom sivilizatsiyasi markazi — yangi turdagi madaniy-ma’rifiy media platforma» mavzusida maxsus ma’ruza qildi.
Abduxoliqov Markaz konsepsiyasini tarixiy meros, ilm-fan, muzey ishi va yangi medialarni birlashtiruvchi zamonaviy xalqaro maydon sifatida taqdim etdi. U islom sivilizatsiyasi merosi hujjatli filmlar, televizion loyihalar, raqamli rekonstruksiyalar, multimedia va immersiv ekspozitsiyalar, shuningdek, nashriyot tashabbuslarida qanday yangi talqin kasb etayotgani haqida ma’lumot berdi. Markazning xalqaro media loyihalari, dunyodagi yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi, shuningdek, tarixiy merosni o‘rganish va ommalashtirishda sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Marosim ishtirokchilariga, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi haqida prezentatsion rolik namoyish etildi.
Xalqaro mediaforumda 50 ta davlatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili ishtirok etmoqda. Ular orasida xalqaro telekanallar va axborot agentliklari rahbarlari hamda vakillari, jurnalistlar, noshirlar, kinematografistlar, olimlar, tadqiqotchilar va raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari bor.
iccu.uz