Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

30.10.2020 y. Olamlarga rahmat bo'lgan Payg'ambar

27.10.2020   3994   20 min.
30.10.2020 y. Olamlarga rahmat bo'lgan Payg'ambar

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ الَّذِي أَرْسَلَ رَسُولَهُ رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ وَجَعَلَهُ أُسْوَةً حَسَنَةً لِلْمُؤْمِنِيْنَ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى نَبِيِّنَا الرَّؤُوفِ بِالْمُؤْمِنِيْنَ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ

Olamlarga rahmat bo'lgan Payg'ambar

(sallallohu alayhi vasallam)

Muhtaram jamoat! Alloh taolo Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamni olamlarga rahmat va hidoyat nuri qilib yubordi. U Zot sababli insoniyatni zulmatlardan nurga chiqardi. U Zotni bu dunyoda hidoyat yo'lboshchisi qildi. U Zot sallallohu alayhi vasallam keltirgan din va undagi ko'rsatmalar barcha olamlarga – insonlar va hayvonlar olamiga ham, jamodot va nabotot olamiga ham mehr-muhabbat, rahm-shafqat manbaidir. Alloh taolo O'zining Kalomida bejizga:

وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ

ya'ni: “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz”, deya ta'kidlamagan (Anbiyo surasi, 107-oyat).

Oyatdagi “rahmat” juda keng ma'noni anglatadi. Ularni bilish uchun Muhammad alayhissalomning axloq-odoblari, siyrat va shamoillari, mehr-oqibatlari, ezguliklar va fazilatlar manbai ekanlaridan xabardor bo'lishimiz zarur. Bugungi suhbatimizda shulardan ba'zisi bilan tanishib chiqamiz.

  • Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ummatlariga nisbatan shafqatlari va mehribonliklari;

Nabiy alayhissalom o'z ummatlariga ota o'z farzandiga shafqatli va mehribon bo'lganidan ko'ra shafqatli edilar. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

لَقَدْ جَاءَكُمْ رَسُولٌ مِنْ أَنْفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُمْ بِالْمُؤْمِنِينَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ

ya'ni: “Batahqiq, sizlarga o'zingizdan bo'lgan, sizning mashaqqat chekishingiz Uning uchun og'ir bo'lgan, sizning (saodatga etishingizga) tashna, mo'minlarga marhamatli, mehribon bo'lgan Payg'ambar keldi” (Tavba surasi, 128-oyat).

Ushbu oyati karimada Payg'ambarimiz alayhissalomning asosiy sifatlaridan bir nechtasi zikr qilinmoqda. Darhaqiqat, dunyo tarixida U Zotdek kishilarga marhamatli, mehribon inson bo'lgan emas. Nabiy alayhissalomning eng suyukli ayollari Oisha raziyallohu anho onamiz aytadilar: “Bir kuni Nabiy sallallohu alayhi vasallamning xursand holda ko'rib, U Zotga: “Ey Allohning rasuli, meni duo qiling”, dedim. Shunda U Zot: “Ey Alloh, Oishaning o'tgan va kelajakda bo'ladigan, oshkora va maxfiy gunohlarini kechirgin!” – deb duo qildilar. Oisha onamiz (bu duodan quvonib) shunday kuldilarki, xursandliklaridan boshlari Rasulullohning tizzalariga tushdi. Shunda Payg'ambarimiz alayhissalom: “Duoim seni quvontirdimi?” – deb so'radilar. “Sizdek zotning duosi meni quvontirmasmidi?!” – dedilar Oisha onamiz. Shunda sarvari olam: “Allohga qasamki, bu mening ummatim uchun har bir namozimda qiladigan duoimdir!” – dedilar” (Imom Bazzor rivoyatlari).

Payg'ambarimiz alayhissalom duolari Alloh taoloning huzurida qaytarilmaydigan buyuk Zot o'z ummatlarining haqqiga har namozlarida “Ey Alloh, ummatimning o'tgan va kelajakda bo'ladigan, oshkora va maxfiy gunohlarini kechirgin!” – deb duo qilar ekanlar. Bundan ham ortiq mehribonlik bormi dunyoda?!

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Har bir Nabiyning shaksiz qabul bo'ladigan duosi bo'ladi. Barcha Nabiylar o'z duolarini (bu dunyoda) qilib bo'ldilar. Men o'z duoyimni qiyomat kuni ummatimga shafoat bo'lishi uchun berkitib qo'yganman. U mening ummatimdan Allohga hech narsani shirk keltirmay o'lganlarga, albatta, etguvchidir”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

U Zot alayhissalom katta duolarini ummatlari eng muhtoj bo'ladigan payt – oxirat uchun saqlab qo'ygan ekanlar. Bu hadisda U Zotning ummatlariga bo'lgan mehrlari, lutflari, shafqatlari yaqqol ko'rinib turibdi. Ummatlarini o'zlaridan ham, oilalaridan ham ustun ko'rib, ularni duo qilishni ko'zlamoqdalar.

  • Insoniyatning eng buyuk muallimi va murabbiyi ekanliklari;

Alloh taolo Qur'oni karimda Payg'ambarimiz  alayhissalomni bir nechta muhim sifatlarini keltirib o'tgan:

 هُوَ الَّذِي بَعَثَ فِي الْأُمِّيِّينَ رَسُولًا مِنْهُمْ يَتْلُو عَلَيْهِمْ آَيَاتِهِ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ

وَإِنْ كَانُوا مِنْ قَبْلُ لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ

ya'ni: “U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o'zlaridan bo'lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur'on) va Hikmatni o'rgatadigan payg'ambarni yuborgan zotdir. Haqiqatan, (ular) ilgari aniq zalolatda edilar” (Juma surasi, 2-oyat).

Oyati karimadagi “omilar” deganda Payg'ambarimiz alayhissalom davrilaridagi arablar nazarda tutilgan. Zero, o'sha davrda arablar o'qish, yozishdan ko'ra ma'lumotlarni yodda saqlashni afzal ko'rardilar, savodxonlari juda kam edi. Arab yozuvi asosan Nabiy alayhissalomning payg'ambar bo'lib kelganlaridan boshlab butun Islom olamida tez sur'atda rivojlandi. O'qish va yozishga targ'ib etadigan oyat va hadislarga amal qilish natijasida, arab tili mukammal shaklga keldi, musulmon halqlar orasida ilm-ma'rifat rivoj topdi.

Alloh taolo Rasululloh sallallohu alayhi vasallam orqali qo'pol, qattiqqo'l, jaholat botqog'iga botgan qavmlarni qisqa muddatda insonparvar, ilm va ma'rifatli, oliy janob insonlarga aylantirdi. Imom Qirofiy rahmatullohi alayh: “Agar farazan Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning biror-bir mo''jizalari bo'lmaganida ham sahobalarining o'zi U Zotning nabuvvatlari isboti uchun etarli edi”, – deganlar.  

Ha, U Zot ilmga, ma'rifatga va hikmatga boy muallim va eng mehribon buyuk murabbiy edilar. Alloh taoloning yuksak hikmatiga ko'ra o'qish yozishni ta'lim olmagan – ummiy bo'lsalarda, insoniyatning eng ilmlisi va ma'rifatlisi bo'lganlar.

  • Go'zal va oliy xulq egasi ekanliklari;

Rasululloh sallallohu alayhi vasallaminsonlarning eng go'zal xulqlisi edilar. Bu haqda Alloh taolo U Zotni madh etib, shunday marhamat qilgan: 

وَإِنَّكَ لَعَلَى خُلُقٍ عَظِيمٍ

ya'ni: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat).

Ushbu maqtov oddiy maqtov emas. Balki u olamlarning Robbisidan kelgan maqtovdir. Zero, hech bir inson bunday sharafga erishgan emas. U Zot o'zlarining muborak hadisi shariflaridan birida:

إِنَّمَا بُعِثْتُ لِأُتَمِّمَ مَكَارِمَ الْأَخْلَاقِ

ya'ni: “Men yaxshi xulqlarni to'liq qilish uchun yuborilganman”, – deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Barcha ishlarida namuna bo'lgan, go'zal axloqlar nabiysi – sevikli Payg'ambarimiz alayhissalom ummatlariga qarata doimo: “Sizlarning yaxshilaringiz, axloqi yaxshilaringizdir”,der edilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

  • Qo'pollik qilganlarga ham yumshoqlik bilan javob qaytarardilar;

Sarvari olam eng halim, bosiq va muloyim inson edilar. Alloh taolo U Zotning ushbu xususiyatlarini maqtab O'zining kalomida shunday marhamat qilgan:

فَبِمَا رَحْمَةٍ مِنَ اللَّهِ لِنْتَ لَهُمْ وَلَوْ كُنتَ فَظًّا غَلِيظَ الْقَلْبِ لانفَضُّوا مِنْ حَوْلِكَ

ya'ni: “Allohning rahmati sababli (Siz, ey Muhammad) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag'al va toshbag'ir bo'lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo'lur edilar...” (Oli Imron surasi, 159-oyat).

Nabiy alayhissalomning halimliklariga quyidagi hadisda ham yorqin namoyon bo'ladi. Anas raziyallohu anhu aytadilar: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam bilan birga ketayotgan edim. U Zotning egnilarida dag'al matodan bo'lgan kiyim bor edi. Oldilariga bir a'robiy kelib, ridolaridan qattiq tortdi. Tortish natijasida kiyim Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning elkalarida iz qoldirganini ko'rdim.

A'robiy: “Ey, Muhammad! Huzuringdagi moldan menga ham ulush bersinlar”, dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam unga o'girilib qaradilar va tabassum qilib, so'ng unga ham moldan ulush berishni buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

  • Muhtojlarning hojatini ravo qilishlari;

Sahoba Abu Sa'id Hudriy raziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bevalar, miskinlar, qul-xizmatchilar bilan birga yurar, ularning ehtiyojlarini ta'minlar, bundan aslo tortinmas va orlanmas edilar(Imom Nasoiy va Imom Abu Dovud rivoyatlari).

  • Kamtar va tavozeliliklari;

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam liboslarini o'zlari yamab, jonivorlar sutini o'zlari sog'ar edilar. Oisha onamiz raziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ko'ylaklarini yamar, oyoq kiyimlarini tikar, er kishi uyda qiladigan barcha ishlarni bajarar edilar” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Ibn Abbos raziyallohu anhumo aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tahorat olish (da suv quyib turish) va sadaqa berish ishlarini hech kimga buyurmas, faqat o'zlari bajarar edilar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam qulning ham, hurning ham chaqirig'ini birdek qabul qilar edilar. U Zot kambag'allar bilan birga majlis qurar va miskinlar bilan birga ovqatlanar edilar.

  • Kamtar hayot kechirsalar-da, ehsonlari shohlarnikidan ham a'lo edi;

Nabiy sallallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi bo'lganlar. U Zot huzurlarida dinor yoki dirham bo'lsa, uxlashga yotmaganlar. Agar biror narsa ortib qolsa va uni bergani odam bo'lmasa, o'sha narsadan qutilmagunlaricha, muhtoj odamga bermagunlaricha uxlamaganlar. Anas raziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi keldi. Unga ikki tog' o'rtasidagi sadaqa qilish uchun boqiladigan qo'ylardan ko'pini berib yuborishga buyurdilar. U kishi o'zining qavmiga kelgach: “Ey qavm! Islomni qabul qilinglar! Darhaqiqat, Muhammad yo'qchilikdan qo'rqmasdan bularni berdi”, – dedi (Imom Muslim, Imom Ahmad rivoyati).

Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan nama so'ralsa, o'shani berar edilar. Ko'pincha yil oxirigacha biror narsa kelmasa, o'zlari muhtoj bo'lib qolar edilar.

  • Har bir ishni oxiriga etkazardilar:

Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam biron ish yoki narsani ertaga qoldirmas edilar” (Imom Termiziy rivoyati).  

  • Poklik va ozodalikka e'tibor berishlari;

Nabiy alayhissalom insonning vujudi, kiyimi va unga xos narsalar pokligi bilan birga, uning atrofidagi narsalar ham ozoda bo'lishiga katta ahamiyat berar edilar. U Zotning o'zlari bu borada barchaga o'rnak edilar. O'z hadisi shariflarida: “Poklik iymonning yarmidir”, – der edilar (Imom Muslim rivoyatlari). Boshqa bir o'rinda: “Albatta, Alloh taolo pokdir, poklik va ozodalikni yoqtiradi. Poklaninglar, yon-atroflaringni ozoda tutinglar, hovli, uy-joylaringizni toza tutinglar”, – der edilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

(Imom-xatiblar mav'izaning mana shu o'rnida Payg'ambarimizning poklikka jiddiy e'tibor qaratganlari bugungi kunda, xususan pandemiya sharoitida naqadar dolzarb ekanligi haqidao'z so'zlari bilan, jonli tarzdanamozxonlarga tushuntirib  beradilar...).

Muhtaram jamoat!  Suyukli Payg'ambarimiz alayhissalomning fazilatlarini, go'zal xislatlari, oliy xulqlarini sanab adog'iga etkazib bo'lmaydi. Afsuski, hozirda duyoning ba'zi joylarida sarvari olamning sha'nilariga nisbatan odobsizliklar qilinmoqda. Buning sababi ularning Nabiy alayhissalomning olamlarga rahmat ekanlarini, insoniyatga taqdim etgan ulkan xizmatlarini bilmasliklaridir. Aslida bunday g'ayri insoniy hatti harakatlar ularning o'zlariga ziyon keltiradi xalos. Zero, Quyoshga qarata chang solmoqchi bo'lgan kimsaning o'z usti boshi kir bo'ladi, Quyoshga zarracha ham ta'sir qilmaydi.

Biz ummat o'laroq insoniyatning eng buyugi – suyukli Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari, sunnatlari, go'zal shamoillari va yuksak axloqlarini qunt bilan o'rganishimiz va yosh avlodlarga o'rgatishimiz zimmamizdagi oliy burchimizdir. Alhamdulillah, hozirda Habibimiz alayhissalomning muborak siyratlariga bag'ishlangan turli-tuman kitoblar nashr etilgan. Biz oila a'zolarimiz davrasida shu kitoblardan mutolaa qilishni joriy qilaylik. Farzandlarimiz qalbida Nabiy alayhissalomga nisbatan muhabbatni uyg'otaylik. Zero, hazrati Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

"أدِّبُوا أوْلادَكُمْ على ثلاثِ خِصالٍ: حُبِّ نَبِيِّكُمْ ، وَحُبِّ أهْلَ بَيْتِهِ ، وقِراءَةِ القُرآنِ ، فإِنَّ حَمَلَةَ القُرآنِ في ظِلِّ الله يَوْمَ القِيامَةِ يَوْمَ لا ظِلَّ إلاَّ ظِلُّهُ مَعَ أنْبِيائِهِ وأصْفِيائِهِ (رواه الامام الطبرانى)

ya'ni: “Farzandlaringizga uch xislat: Nabiyyingizga , U zotning ahli baytiga va tilovati Qur'onga muhabbat asosida odob beringlar. Chunki, Qur'on egalariQiyomat kuni Allohning soyasidan boshqa soya bo'lmaydigan kunda, U Zotning soyasida anbiyolar va asfiyolar bilan birga bo'lurlar, – deganlar (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Alloh taolo barchamizga Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishni, U Zotdan o'rnak olishni nasib etsin! Omin!

Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “To'qima hadis va asossiz rivoyatlarni keltirishning xatari” xususida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   2579   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.