Matnni oliy toifali suxandon Shuhrat Qayumov o'qigan
2 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Islom Karimov mamlakatimiz tarixining g‘oyat murakkab va mas’uliyatli davrida O‘zbekistonga rahbarlik qildi. Uning nomi mustaqillikning qo‘lga kiritilishi, milliy davlatchiligimizning tiklanishi va yurtimizning mustaqil taraqqiyot yo‘liga chiqishi bilan uzviy bog‘liq.
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimiz, muqaddas dinimiz, ona tilimiz, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.
Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.
Shu ma’noda, mustaqilligimizning poydevorini yaratishga, mamlakatimiz tinchligi va barqarorligini ta’minlashga, xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilishga katta hissa qo‘shgan insonlar xotirasini e’zozlash muhim ma’naviy qadriyatdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning e’tibori bilan Birinchi Prezidentimizning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etildi.
Samarqandga tashriflar chog‘ida uning maqbarasini ziyorat qilish ezgu an’anaga aylandi.
Marosimda Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Islom Karimovning mamlakatimiz mustaqilligi, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi.
Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar vakillari, ziyolilar va Toshkent shahri jamoatchiligi ham Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gullar qo‘ydi.
Xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.