Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Nurul izoh: IMOMI A_''ZAM ABU HANIFA NO'_''MON IBN SOBIT

25.10.2020   13328   17 min.
Nurul izoh: IMOMI A_''ZAM ABU HANIFA NO'_''MON IBN SOBIT

Imomi A'zam Abu Hanifa No''mon ibn Sobit, rahmatullohi alayh, hijriy 80 yili Kufa shahrida dunyoga kelganlar. Dastlab ipak va jun matolar tijorati bilan shug'ullandilar. So'ngra Alloh uning qalbida ilmga muhabbat paydo qiladi. O'tkir zakovatli, teran tushunchali, sog'lom va juda quvvatli dalillar topish qat'iyati bilan qiyosda, dalillardan yangi hukmlar chiqarishda tengsiz daho edilar. U kishining asl ismlari No''mon, otalarining ismi esa Sobit, bobolarining ismi Zuto bo'lgan. Zuto Qobul shahrida tavallud topganlar. Qavmiyatlari, millatlari forslardan. Musulmonlar Qobulni fath etishganida, asir bo'lib Kufa shahriga kelib qolganlar. Zuto Islom dinini qabul qilganlaridan so'ng, uni qullikdan ozod qiladilar. Zutodan Kufada Sobit ismli farzand dunyoga keladi. Sobitdan esa bizning Imomimiz – hazrat No''mon ibn Sobit, kunyalari Abu Hanifa, unvonlari Imomi A'zam bo'lgan zot tavallud topdilar.

Imomi A'zam Payg'ambarimizning, alayhissalom, asri saodatlarida Kufada o'sib-ulg'ayganlar. Shu erdagi eng katta ulamolardan dars oldilar. Ustozlari Kufa shahrining faqihi, katta muhaddis olim Hammod ibn Abu Sulaymon degan zot edi. Bu davrda ba'zi sahobalar hayot edilar. Jumladan, Kufa shahrida Imomi A'zam to'qqiz nafar sahoba bilan muloqotda bo'lganlar.

Abu Hanifa, raxmatullohi alayh, o'z mazhabini Kufada shakllantirdilar. U zot o'z fiqh uslubini quyidagicha bayon qiladilar: «Avvalo Qur'oni karimga murojaat qilaman, agar lozim bo'lgan dalilni undan topa olmasam, Payg'ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, hadisi shariflariga murojaat qilaman. Qidirgan narsamni undan ham topa olmasam, sahobalardan birining so'zini dalil sifatida olaman, ularning so'zini qo'yib, boshqalar aytgan so'zni dalil o'laroq qabul qilmayman. Zarur bo'lgan dalilni sahobalarning so'zlaridan topa olmasam, boshqa kishilarning so'zlariga suyanmay, ijtihod qilgan insonlar kabi men ham ijtihod qilaman».

Ahli sunna val jamoa mazhablari ulamolarini nomma-nom sanasak, mazhabboshimizning darajasi yaqqol ayon bo'ladi.

Imomi A'zam Abu Hanifa, rahmatullohi alayh, 80 hijriy yilda tug'ilganlar.

Imom Molik ibn Anas, rahmatulloxi alayh, 93-yilda tug'ilganlar.

Imom Shofe'iy, rahmatullohi alayh, 150-yilda tug'ilganlar.

Imom Ahmad ibn Hanbal, rahmatullohi alayh, 164-yilda tug'ilganlar.

Imom Shofe'iy shunday e'tirof qiladilar: "Odamlar hammalari – barcha ulamolar Kur'onu hadisni anglashda, masala ilmida Abu Hanifaga bola-chaqalikka yaraydi, xolos. Abu Hanifa bilan raqobat qilish darajasiga chiqqan inson yo'q".

Imom Molik ibn Anas, rahimahulloh, esa: "Men hadis ilmini bilishda, janob Rasulullohning oxirgi hadislarini etkazishda, eng sahih hadislarni anglab etishda Imomi A'zamga o'xshagan boshqa insonni uchratmadim", deydilar va bu zot ham doimo Imomi A'zamni o'zlariga ustoz sanaganlar. Janob Rasulullohning, sollallohu alayhi va sallam, 124 ming adadli sahobasining 150 nafari, yana boshqa bir rivoyatga ko'ra, 1500 nafari Kufada yashaganlar. Ularning eng ulug'laridan Abdulloh ibn Mas'ud, roziyallohu anhu, Hazrati Ali, karramallohu vajhahu, kabi ulug' zotlar ham Kufada istiqomat qilganlar.

Demak, Imomi A'zam tarbiyalangan muhit – Kufa iqlimi hadis ilmiga boy iqlim edi. Shuning uchun Imomimiz o'zlari taqriban 4000 hadis rivoyat qilganlar.

Abdulloh ibn Mas'ud, Abdulloh ibn Abbos, Abu Dardo, Ubay ibn Ka'b, Abu Muso al-Ash'ariy, roziyallohu anhum, kabi sahobalar mujtahidlik maqomiga chiqqan edilar. Imomimiz bularning hammalaridan hadis rivoyat qilganlar.

Hazrati Usmondan so'ng xalifa bo'lgan hazrati Ali Kufani Islom davlatining poytaxtiga aylantirdilar.

Hazrati Ali xalifa sifatida Kufaga kirib kelgan davrda bu erda to'rt ming nafardan ziyod juda etuk bilimli ulamo bor edi. Bularning barchasi Abdulloh ibn Mas'uddan, roziyallohu anhu, ta'lim olgan edilar.

Imomi A'zam, rahmatullohi alayh, mana shunday iqlimda unib o'sganlar. Rivoyatlarda kelishicha, Imomi A'zamning bobolari Zuto otalari Sobitni go'daklik chog'ida Hazrati Alining oldiga olib borib, o'g'limning haqqiga duo qiling, deb o'tinadilar. Shunda Hazrati Ali, roziyallohu anhu, «O'g'liga Alloh muborak zurriyot ato qilsin», deb duo qilgan ekanlar.

Hasan ibn Ziyod: Imomi A'zam shaxsan to'rt ming hadis rivoyat qilgan bo'lsa, to'rt ming hadisning teng yarmini ustozlari Hammod ibn Sulaymondan rivoyat qilganlar, – deydi.

Ulamolardan biri Hazrati Imomi A'zamni, rahmatullohi alayh, eng kamida sakson uch mingta masala aytganlar, deydi. Bu – to qiyomat so'ralishi mumkin va lozim bo'lgan hamma masalalarga Imomi A'zam javob aytganlar deganidir. To'rt mazhab ichida Imomi A'zam mazhabi eng ulug' deb tan olinishi o'sha masalalarning puxtaligi va Qur'onu hadisga muvofiqligidandir. Tarix davomida butun dunyodagi musulmonlarning qariyb yarmi Imomi A'zam mazhabida bo'lganlar. Hozir ham shunday. Bu Imomimizning masalalari naqadar puxta va to'g'riligiga dalolatdir.

Imomi A'zam, rahmatullohi alayh, masalalarining yashovchanligi shundaki, hech qachon biron masalani yolg'iz o'zlari aytib kitoblarga yozdirmaganlar. O'zlarining eng peshqadam shogirdlaridan muftiylik maqomidagi 40 kishiga havola qilganlar. Ulardan o'rtaga qo'yilgan masalani asoslab berishni, agar asosi zaifroq bo'lsa, mazkur masalaga qarshi boshqa masala qo'yishni talab qilar ekanlar. Demak, qirq nafar muftiyning muhokamasidan o'tgan masalagina Imomi A'zamning masalasi sifatida kitoblarga kiritilar ekan. Shu bois ham mazhabimizni maslahat mazhabi, sho'ro mazhabi ham deb ataydilar. Shuning uchun ham bizning mazhabdagi fiqq kitoblariga murojaat qilsak, ayrim hollarda Imomi A'zam aytgan bir gap aytilib turib, yonida shogirdlaridan birining gaplari ham aytiladi. Imomimiz qaysi olimning hujjati quvvatliroq bo'lsa, o'shani kitobga tushirishga buyurar ekanlar. O'zlarining fikrlarini ham xato deyishib, isbotlab bersalar, qabul qilarkanlar. Mana shu tufayli ham bu mazhab dunyoning, Islom olamining ko'p taraflariga yoyildi.

Imomimiz taqvoda Allohdan qo'rqqanida har bir musulmon uchun bir maktab, yuksak namuna bo'la oladigan hayotni yashab o'tganlar. Imomimiz tijorat bilan ham shug'ullangan edilar, aniqrog'i, tujjorlik Imomi A'zamning kasblari edi.

Imomi A'zamning tijoratdagi halolliklari tarixda doston bo'lib qolgan. Bu haqda zamondoshlari – do'stlari ham, dushmanlari ham yozib qoldirganlar. Mana ba'zi lavhalar: Imomimiz bir tojir sheriklari bilan boshqa yurtga mol yuboribdilar. Mol ikki xil navli bo'lib, biri sifatli, ikkinchi xili sifatsizroq ekan. Imomimiz sheriklariga molni ikki xil narxda, yaxshisini qimmatroq, yomonini arzonroq sotasan, deb tayinlabdilar. Lekin mol etkazilgan yurtda aynan shu narsa taqchil bo'lganligidan, molning hammasi bir xil – qimmat narxda sotilib ketibdi. U kishi o'ttiz ming kumush tangalik savdo qilib, Kufaga qaytibdi. Shunda Imomimiz o'sha sheriklaridan: "Ikki xil navli molni ikki xil narxda sotdingmi?" deb so'rabdilar. U kishi: "Yo'q, odamlar o'sha qimmat narxga xam rozi bo'lib, sotib olaverdilar", deb javob beribdi. Shunda Imomi A'zamning dili og'rib, o'sha o'ttiz ming tangani Alloh yo'lida sadaqa qiladilar. "Lekin men bu sadaqadan savob umid qilishga Allohdan hayo qilaman, odamlarni aldab savdo qilibsiz, shuning uchun endi oramizdagi sheriklik ham bitdi", degan ekanlar. Birovning haqqidan qo'rqish, ya'ni, Allohdan qo'rqish Imomi A'zamda, rahmatullohi alayh, shu darajada quvvatli ekan.

Savdogarlik bilan shug'ullanib yurgan davrlarida Imomimizning gazlama do'konlari bo'lar ekan. O'sha do'kondagi xodimlari bir kuni gazlamalarni taxlay turib, matolardagi gullarga maxdiyo bo'lib qolibdida: "Bu dunyoning gullari shu qadar go'zal bo'lsa, Jannat gullari qanday bo'lar ekan? Ey Ho'do, bizga ham Jannatingdan nasib et!" deb duo qilib yuboradi. Hodimlarining bu duosini eshitgan Imomimizning ranglari quv o'chib, do'konni yopib, uylariga ketib qoladilar. Ertasiga kelganlarida Imomimizdan xodimlari kechagi voqeaning sababini so'raydi. Shunda Imomi A'zam, rahmatullohi alayh: "Ey birodar, biz qaysi qilgan ibodatimiz uchun Allohdan Jannatni so'rashga haddimiz sig'adi? Biz faqat Allohdan gunohlarimizni afv qilishni so'rashga haqlimiz, xolos", deydilar. Imomi A'zam, rahmatullohi alayh, shu qadar go'zal xulqli inson ekanlarki, zamondoshlari u kishining fazilatlarini tan olib, eng chiroyli xulq Imomi A'zamning xulqidir, deb e'tarof qilganlar. Bu xususda ko'p katta ulamolardan bayonotlar qolgan. Imomimiz Alloh taolo bergan ne'matlar shukronasi tashqi ko'rinishda ham ko'rsatib o'tganlar. Doimo chiroyli va pokiza kiyimlarda yurganlar. Bu haqda ham zamondoshlari guvohlik berib ketganlar. Shunday baland maqomga erishgan zot nihoyatda tavozeli, xokisor, kamtar bo'lgan ekanlar. Ma'lumki, kishiga Alloh taolo fazilat berib, u qanchalik baland maqomga ko'tarilsa, uning hasadgo'ylari ham shunchalik ko'payadi.

Imomimiz esa o'shanday hasadgo'ylarni ko'rganlarida: "Bizlarni yomonlagan kishilarning gunohini Alloh kechirsin, bizlarni yaxshi ko'rganlarni Alloh rahmat qilsin", deb duo qilar ekanlar. Ya'ni, yomonlikka yomonlik bilan javob qilmas ekanlar.

Yana bir misol: halolni haromdan ajrata olmaydigan, o'zi kambag'al, bechora bo'lsa ham, kalondimog', birovlarga ozor etkazadigan kishilar bo'ladi. Imomning ham bir qo'shnilari bor ekan. U Alloh taolo harom qilgan ichkilikka giriftor, har kecha mast ekan. Imomi A'zam sha'nlariga hajvlar aytar, baqir-chaqir qilib, u zotga ozor berar ekan. Imomimiz toqat bilan uning haqoratlarini eshitaverar ekanlar. Ittifoqo, bir kuni qo'shnining xonadonidan odatdagi baqir-chaqir, so'kinish, haqorat sasi kelmay qolibdi. Imomimiz xavotirlanib, xabar oldiradilar. Ma'lum bo'lishicha, qo'shnisi badxulqligi tufayli mirshablar qo'liga tushib, hibsga olinibdi. Imomi A'zam uni Hudo jazolabdi, deb qo'ya qolmasdan, darhol amirning xuzuriga boribdilar. Mening bir ayolmand kosib, kambag'al qo'shnimni qandaydir ayb bilan zindonband qilibdilar. O'sha qo'shnimni ozod qiling, unga mening o'zim kafilman, deb iltimos qilibdilar. Kufaning amiri, albatta, Imomi A'zamning kim ekanini bilar edi. Shuning uchun u kishining hurmatidan nafaqat badxulq qo'shnini, balki keyingi ikki kun davomida hibsga olinganlarning hammasini qo'yib yuboradilar.

Shundan so'ng u qo'shniga Hudo insof beradi. U zindondan to'g'ri Imomi A'zamning huzuriga keladi. Tavba qilib, Imomimizga shogird bo'ladi.

Imomi A'zamning masala bobida beqiyos bo'lganliklariga yana bir misol. Bu misol Imomimiz yashagan davr uchun ancha mushkul edi. Kufada bir ayol egazak farzand ko'ribdi. Egizaklar bir-birlariga bellaridan yopishgan holda tug'ilibdilar. Hozir bundaylarni Siyom egizaklari deb ataydilar. Bir oz fursat o'tgach, o'sha ikki chaqaloqdan birining ajali etib o'ladi, ikkinchisi esa tirik. Agar bu holat bizning zamonda ro'y bersa, darhol jarrohlar aralashib, masalani nashtar bilan hal qilib qo'ya qoladilar. Lekin gap 1300 yil avval bo'lgan voqea haqida ketyapti. Hullas, hamma hayron. O'likni qabrga qo'ymoqchi bo'lsalar, uning tirik sherigi bor. Ko'mmasalar...

Shunda hech kim jo'yali bir javob aytolmagan mazkur masalaga Allohning ilhomi bilan Imomi A'zam javob qiladilar. U kishi, bu o'lgan bola ko'miladi, lekin shundoq ko'miladiki, tirik bola erning ustida qoladi, deydilar. Huddi shunday ko'madilar va Allohning qudrati bilan sanoqli kundan so'ng er o'sha marhum farzandni tirik farzanddan ajratib oladi. Tirik bolaning xayoti mana shunday saqlab qolinadi. Keyin uni Imomi A'zamning o'g'li deb ataydilar. Imomimizning bu "o'g'li" uzoq yillar umr ko'radi.

Kufa viloyati va shahrining hokimi Ibn Hubaya Imomi A'zamga Kufa viloyatiga qozi bo'lishni taklif qiladi. Taklifimni qabul qilmasangaz, zindonband bo'lasiz, sizni har kuni o'n darra uradilar, deb tahdid qiladi. Shunda Imomy A'zam, rahmatullohi alayh: "Allohning oxirat diyoridagi azobidan bu dunyodagi hokimning azobi engil bo'ladi, men roziman", deydilar.

Imomi A'zamni zindonband qilganlaridan so'ng o'n kun davomida hokimning huzuriga olib borar ekanlar. Hokim u zotdan: "O'ylab ko'rdingizmi, endi qozi bo'lishga rozimisiz" deb so'rar ekan. Rad javobini eshitgach, g'azablanar, yana o'n darra urishga buyurar ekan.

Imomimiz kaltaklanib, zindonga qaytganidan so'ng yig'lar ekanlar. Hamxonalari bu holatdan hayron. Nihoyat, Imomimizdan nega bunday qilayotganlarini so'rashga jur'at qilibdilar. Axir sizga lavozim bermoqchilar-ku, uni tezroq qabul qiling shu azoblardan qutulasiz, deyishibdi. Shunda Imomi A'zam rahmatullohi alayh "Men kaltak zarbidan yig'layotganim yo'q. Onamga rahmim kelganidan yig'layapman. U kishi mening zindonga tushganimdan, kaltaklanayotganimdan boxabarlar. Onam qanday chidayapdilar ekan! Meni mana shu narsa yig'latyapti", degan ekanlar. Shu tariqa o'n kunni azobda o'tkazibdilar. O'n birinchi kunga o'tar kechasi hokimning tushiga janob Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, kiribdilar. Payg'ambarimiz hokimga: "Mening sunnatimni tiriltirib, dunyoga yoyayotgan zotni zindonga olib kirishdan ko'rqmaysan-mi?" deb tanbeh berdilar. Hokim tong otishi bilanoq, shaxsan o'zi zindonga kirib, Imomi A'zamdan, rahmatullohi alayh, uzr so'rab, u zotni ozod qildi.

Zindondan ozod bo'lganlaridan keyin imomimiz Kufani tark etib, Makkai mukarramaga ketadilar va bu muborak shaharda o'n yillar davomida istiqomat qildilar. Bu zotning hayotlaridan yana bir nuqta – etmish yillik hayotlarida ellik besh marta haj ibodatini ado qilganlar. Demak, Imomimiz nafaqat Kufadaga, balki Makkai mukarrama va Madinai munavvaradagi ulamolarning suhbatlaridan ham bahramand bo'lganlar.

Bizlarga ming yillar davomida Imomi A'zam mazhabida ta'limot berildi va shunga binoan bu ta'limotga ota-bobolarimiz amal qilib keldilar, biz ham amal qilmoqdamiz. Alloh taoloning buyruqlarida qoim bo'lib, Imom A'zamning mazhablarida bo'lishimiz har birimiz uchun bir xayriyat, yaxshilik ekanini yaxshi anglab olsak, hammamiz uchun ham foydali bo'ladi.

Abu Yusuf va Imom Muhammad (ularni «Sohibon» deyishadi) hamda Imom Zufar kabi ko'plab zabardast olimlar Imomi A'zamdan fiqh ilmini o'rganadilar.

Abu Hanifaning "Al-Fiqh al-akbar", «Usmon al-Butiyga taqtsim etilgan risola, "Al-olim va al-mutaallim", «Ar-Raddu alal-Qadariya» kabi asarlari mavjud.

Imomi A'zam hijriy 150 yili etmish yoshlarida Bag'dodda vafot etganlar.

Abu Hanifa shahardagi Hizaron qabristoniga dafn qilinadi. Olimning Bag'doddagi masjidi mashhurdir. Masjidning juda qimmatli va noyob kitoblarga boy bo'lgan kutubxonasi mavjud.

Alloh taolo mazhabboshimiz hazrati Imomi A'zam Abu hanifaga, rahmatullohi alayh, ulug' rahmati ila marhamat qilsin! Islom diniga va bizga qilgan beqiyos xizmatlari uchun ul zotga eng go'zal tuhfalar in'om aylasin. Omin!

«Imomi A'zam buyuk imomimiz»

kitobidan olindi.

 

 

KYeYINGI MAVZULAR:

HAJ KITOBI

Hajning farz bo'lish vaqti

Hukmi va farz bo'lishining dalili

Ka'baning qisqacha tarixi

Farz bo'lishining sababi

Farz bo'lishining shartlari

Sahih ado bo'lishining shartlari

Vaqti

Ruknlari

Hajning vojiblari

Hajning sunnatlari

Ihrom

Miyqot

Hajni ado etish tartibi

Hajda man' qilingan amallar

 

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

14.08.2026   1121   6 min.
Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

Xorazmlik yosh mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning Aristotel fizikasiga bildirgan tajribaviy e’tirozlari va Ibn Sino bilan yozishmalari X-XI asrlar bo‘sag‘asida Markaziy Osiyoda shakllangan mustaqil tanqidiy ilmiy fikrning eng yorqin namunasi hisoblanadi, xabar bermoqda O‘zA.

X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.

Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.

Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.

Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.

Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.

Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.

Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.

Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar