“Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta u sizlarga aniq dushmandir”.
Qur'oni Karim
Baqara surasi 208 oyat
Yer yuzida tinchlikni va xavfsizlikni ta'minlash, davlatlarning va millatlarning o'zaro xamkorligini rivojlantirish maqsadida 1945 yil 24 oktyabrda fashizm ustidan g'alaba qozongan mustaqil davlatlarning ixtiyoriy birlashish asosida tuzilgan eng yirik xalqaro tashkilot.
BMT Ustavida ko'rsatilgandek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning tengxuquqlili bo'lishi va o'z taqdirini o'zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o'rtasida do'stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni xal etishda xalqlar o'rtasida xamkorlik bo'lishini ta'minlashni ko'zda tutib, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar xarakatini uyg'unlashtirib turadigan markazi xisoblanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topishi bilan inson va shaxs xuquqlarini ximoya qilishni xalqaro xuquqiy tartibga solishni zamonaviy bosqichiga asos yaratildi va BMT Ustavida ta'kidlanganidek: “Biz, Birlashgan millatlar xalqlari, insonning asosiy xuquqlariga, inson shaxsining qadr qimmatiga, erkak va ayollarning teng xuquqlariga va katta kichik millatlar xuquqlarining tengligiga ishonchini qayta qaror toptirishga qat'iy axd qilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Ustavini qabul qilishga va Birlashgan Millatlar Tashkilotini ta'sis qilishga rozilik berdik!”
Ayni mahalda, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a'zo davlatlar “Barcha davlatlar o'rtasida do'stona munosabatlarni rivojlantirish uchun ta'minlash uchun zarur bo'lgan tinchlik adovat va farovonlikning muxim axamiyati xisoblanadigan inson xuquqlari va asosiy erkinliklarining xurmat qilinishi va ularning yalpi ahamiyatini tan olish” majburiyatini o'z zimmalariga oldilar.

BMT Ustavi barcha davlatlar rioya etilishi shart bo'lgan yagona xalqaro xujjatdir.
O'zbekiston Respublikasi Mustaqilikka erishgandan so'ng o'tmish – 1992 yilning 2 martida BMTga a'zo bo'ldi. Bugungi kunda er yuzida 270 dan ortiq mamlakat mavjud bo'lib, ulardan 193 tasi BMTga a'zo bo'lgan. Dunyodagi eng nufuzli tashkilot bo'lmish BMTning Bosh Assambleyasi binosi oldida O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i shu kuni 2 mart 1992 yildan beri yuqoriga samoga ko'tarilgan. 1993 yilning 24 avgustida BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining va Birlashgan Millatlar Tashkilot taraqqiyot Dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili xamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga binoan O'zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti (N'yu-York shahri) dagi doimiy vakili faoliyat yuritadilar.
O'zbekiston Respublikasi BMTning teng xuquqli a'zosi sifatida bu eng nufuzli xalqaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qat'iy amal qilib kelmoqda.
Inson xuquqlari Umumjaxon deklaratsiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishgandan so'ng qo'shilgan birinchi xalqaro xuquqiy xujjat bo'ldi va u tufayli O'zbekiston BMTning tegishli konventsiyaviy organlariga o'zining davriy milliy ma'ruzalarini muntazam ravishda taqdim etish orqali inson xuquqlari soxasidagi xalqaro majburiyatlarni izchillik bilan va qatiy ravishda bajarib kelmoqda. Ularning tavsiyalarini bajarishda muxtaram Prezidentimizni raxnamoliklarida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolikning o'zini-o'zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va bevosita fuqarolarning o'zlari ham ishtirok etmoqdalar. Inson xuquqlari Umumjaxon Deklaratsiyasining qoidalari O'zbekiston Respublikasi, insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy xuquq va erkinliklarining ishonchli ximoya qilishni ta'minlaydigan milliy qonunchilik me'yorlarida o'z ifodasini topgan.
1948 yil 10 dekabrda Bosh Assambleyasi Inson xuquqlari Umumjaxon Deklaratsiyasini e'lon qildi va qabul qildi. “Har bir odam uchun insonning umumiy xuquqlari ilk bor o'z ifodasini topgan ushbu xujjat bugungi kunda 360 dan ortiq tilda chop etilgan va jaxondagi eng ko'p tarjima qilinadigan xujjat xisoblanadi. Bu uning universal xususiyatga ega ekanligi va keng tarqalishidan dalolatdir. Mazkur xujjat ko'plab yangi, mustaqil davlatlar konstitutsiyalari va yangi demokratiyalar uchun namuna bo'lib xizmat qilmoqda, ongimizda ezgulik va yovuzlik xaqida fikr yuritish imkonini beradigan mezonga aylandi,” – deb tarifladi BMTning Bosh kotibi.

Ushbu deklaratsiya mustaqil O'zbekiston Respublikasi imzolagan eng birinchi xalqaro xujjatdir. 1991 yil 30 sentyabr'. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Inson va fuqarolarning asosiy xuquqlari, erkinliklari va burchlari” deb atalgan ikki bo'limi mazkur deklaratsiya talablariga to'la mos bo'lib, unda O'zbekiston Respublikasi barcha fuqarolari teng xuquq va erkinliklarga ega bo'lishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqesidan qatiy nazar, qonun oldida tengligi ta'minlangan. Respublikamizda inson xuquqlariga oid yuzdan ortiq qonunlar qabul qilingan va ular xalqaro me'yorlar va andozalarga muvofiqlashtirilgan.
BMT Bosh Assambleyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti muxtaram Prezidentimiz tomonlaridan mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik muammolarini hal etish yo'l-yo'rig'i dunyo miqyosidagi muammolar bilan birga qo'shib ochib berildi. Hamda O'zbekistonning keng ko'lamli hamkorlikka oid hamma takliflarida uni BMT faoliyati va bu tashkilotning ixtisoslashgan muassasalari orqali amalga oshirish tamoyillari ilova qilindi.
Hammamizning xabarimiz bor, Muhtaram Prezidentimiz o'z nutqlarida muborak Islom dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini butun jahon jamoatchiligiga etkazish oldimizda turgan muhim vazifa ekanini alohida qayd etdilar.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jaxonning eng yuqori minbaridan turib, mustaqil O'zbekiston tashqi siyosatining ma'naviy yo'nalishi insonparvarlik, insoniylik, oshkoralik, xurriyat, o'z imkoniyatlariga tayanish va insoniyatning yagona oilasida o'z taraqqiyot yo'liga ega bo'lishligini ta'kidlab, bayon qildilar.
Shuningdek, davlatimiz Rahbari aslida Islom dini ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarga rioya etishga da'vat etishini alohida ta'kidlab o'tdilar. Jumladan, Muhtaram Prezidentimiz shunday dedilar: «Biz butun jahon jamoatchiligiga Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini etkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamligining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo'ravonlik va qon to'kish bilan bir qatorga qo'yadiganlarni qat'iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da'vat etadi”.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti – tinchlikni va xalqaro xavfsizlikni qo'llab quvvatlash, davlatlararo xamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan universal tashkilotdir.
BMT har bir insonni xuquqlarini qo'llab quvvatlash, kengaytirish va ximoya qilish majburiyatini o'z zimmasiga olgan dunyodagi yagona tashkilot sifatida dunyoning “umujaxon parlamenti” sifatida kalendarning ma'lum bir kunini insoniyat uchun, xalq uchun, umumjamiyat uchun zarur bo'lgan masalalarga bag'ishlab qo'ygan.
“Dinlararo bag'rikenglik xaftasi”, “Saraton bilan kurashish xalqaro kuni”, “Halqaro ijtimoiy adolat kuni”, “Halqaro ona tili kuni” fevral' oyida. Mart oyida “Kamsitishga nol' kuni”, “Halqaro yovvoyi tabiat”, “Halqaro irqiy kamsitilishni bartaraf etish kuni”, “Irqchilik va irqiy kamsitilishlarga qarshi kurashayotgan xalqlar bilan birdamlik xaftasi”, “Halqaro sil kasalligiga qarshi kurashish kuni”, “Halqaro inson xuquqlari poymol bo'lishida xaqiqatni o'rnatish kuni”. Aprel' oyida “xalqaro sport, tinchlik va taraqqiyot yo'lida kuni”, “Yo'l harakatlarida sodir etilgan xodisalarda xalok o'lganlarni xotiralash kuni”, iyun' oyida “Halqaro atrof muxitni muxofaza qilish kuni”, “Halqaro qochoqlar kuni”, “Giyohvandlikka qarshi kurashish kuni”, “Halqaro muruvvat kuni”, sentyabr' oyida “Halqaro tinchlik kuni” bo'lib deyarli 365 kun insonlarning turli muammolarini engillashtirishda, ba'zi muammolarni echilishida o'z samarasini bermoqda.
BMT o'z taraqqiyot dasturini amalga oshirishda dunyoning turli chekkalarida va er yuzining barcha mintaqalarida BMTning ko'plab ixtisoslashgan tashkilotlari va muassasalari orqali ham tinchlikni saqlashda, insonlar hayotidagi muammolarni bartaraf etishda salmoqli hissa qo'shib kelmoqda. Zero Birlashgan Millatlar Tashkilotining XIX ta boblaridagi 111 ta moddalarining barchalari ham er yuzida xalqlararo tinchlik va xavfsizlikni barpo etish bilan yo'g'irilgan.
BMT Ustavida ta'kidlangan xalqaro tinchlik va xavfsizlikni barpo etishda O'zbekiston Respublikasining hissasi beqiyos va betakror. Jannatmakon yurtimizni tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev raxnamoliklarida xukumatimiz, Diniy idoramiz rahbariyati tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz raxbarlari hamda shahar, tuman rahbarlarining boshchiliklarida istiqlolimiz sharofati bilan mehnatkash xalqimiz ko'p ishlarni amalga oshirdi va shu olijanob islohotlar xali xamon bajarilib kelinmoqda. Bunga dunyo tan bermoqda...
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, yurtimizda diniy ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shavkat MIRZIYOЕV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti ilk magistrlari tahsilni tamomladi
Donishmandlarning “Agar sizning rejangiz bir yillik bo‘lsa — sholi eking. O‘n yillik bo‘lsa — daraxt o‘tqazing. Agar bir asrlik bo‘lsa — farzandlaringizga ta’lim-tarbiya bering” degan hikmatli gapi bor.
Jamiyat ravnaqiga, Vatan taraqqiyotiga, xalq farovonligiga ta’lim-tarbiyachalik xizmat qiladigan boshqa biror fenomen bo‘lmasa kerak. Har bir davrning o‘ziga yarasha sarmoyadorlari, tujjorlari bo‘lgan. Lekin ularning nomlari tarix sahifalarida juda kam uchraydi, ayrimlari izsiz yo‘q bo‘lib ketgan. Lekin umrini sivilizatsiyalar taraqqiyotiga bag‘ishlagan mutafakkirlar, qomusiy allomalar, ma’rifat chirog‘i ostida elini buyuk orzular, nurafshon kunlar sari yetaklagan millat oydinlari, ulamolarning nomlari asrlar osha barhayotdir.
Prezidentimiz lavozimiga saylanishi bilanoq barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham ulkan islohotlarni boshlab berdi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim huquqiy asos bo‘ldi. Ushbu hujjatda qator ustuvor yo‘nalishlar, xususan, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va boshqa diniy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini yaxshilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, diniy ta’lim muassasalari huzurida fuqarolarga Qur’oni karimni o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish belgilangan.
Son emas, sifat muhim
Ilm dargohining ulug‘vorligi uning binolari yoki talabalari soni bilan emas, balki u yerdan yetishib chiqadigan ilmli, odobli, Vatani va millatiga sidqidildan xizmat qiladigan yetuk va salohiyatli kadrlar bilan o‘lchanadi. Yuzlab uchqunlar birgina quyoshning ziyosini to‘sa olmagani singari chinakam qadr-qiymat sonda emas, sifatdadir. Yangi O‘zbekistonda oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari faoliyatida ham asosiy mezon ta’lim sifati, ilmiy salohiyat, ma’naviy tarbiya va jamiyatga munosib xizmat qiladigan mutaxassislarni voyaga yetkazishda.
Mustaqillikning dastlabki chorak asrida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 9 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi va Toshkent islom instituti faoliyat yuritgan bo‘lsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yilda Buxoro shahrida Mir Arab oliy madrasasi, 2018 yilda Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi, 2020 yilda Termiz shahrida Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, 2024 yilda Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil etildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 4 ta oliy, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi (shundan ikkitasi ayol-qizlarga ixtisoslashgan) faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda tahsil olayotgan ikki yarim mingdan ziyod talabaga 500 ga yaqin professor-o‘qituvchi saboq berib kelmoqda.
Diniy soha xodimlarining asosiy qismini tashkil etadigan imom-xatiblarning bilim va malakalarini yanada oshirish, o‘rta maxsus diniy ma’lumotga ega imom-xatiblarni oliy diniy ma’lumotli kadrlar bilan almashtirish maqsadida 2019 yilda Toshkent islom institutida modul ta’lim tizimi joriy qilindi. Mazkur ta’lim tizimida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan imom-xatiblar tanlov asosida o‘qishga qabul qilinib, ishdan ajralmagan holda 3 yil davomida tahsil oladi. Bugungi kunga qadar bu ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 600 dan ziyod imom-xatib oliy ma’lumotga ega bo‘ldi.
Prezidentimizning 2023 yil iyun oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘i ijrosi yuzasidan 2024-2025 o‘quv yilida ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash, tor yo‘nalishlar bo‘yicha yetuk kadrlarni tayyorlash maqsadida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida magistratura mutaxassisligi tashkil etilgan edi.
Joriy yilda ilk 10 bitiruvchi “Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti” va “Hadis ilmlari” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura mutaxassisligini muvaffaqiyatli tamomladi. Yaqinda O‘zbekiston musulmonlari idorasining katta majlislar zalida magistrlarga tantanali ravishda diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, vazirlik va idoralar vakillari, taniqli ulamolar, imom-xatiblar, soha faxriylari, pedagog-o‘qituvchi va talabalar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov ilk bitiruvchilarni samimiy qutlab, tegishli pul mukofoti sertifikatlarini har bir magistrga tantanali ravishda topshirdi. Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bitiruvchilarni o‘qishini muvaffaqiyatli tamomlagani bilan muborakbod etib, katta tarixiy voqea bo‘lganini alohida ta’kidladi. Muftiy hazratlari ilk magistrlarning oylik ish haqiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 20 foiz miqdorida ustama haq to‘lab berilishini e’lon qildi. Bitiruvchi magistrlar O‘zbekiston musulmonlari idorasining markaziy apparati, Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi, oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga ishga taqsimot qilindi.
Tarix takrorlanib turadi
O‘zbekiston qadimdan buyuk allomalar, ulug‘ mutafakkirlar yurti sifatida e’zozlanadi, qadrlanadi. Tarixda yurtimiz allomalari butun dunyoga ustozlik qilgan, jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.
2024 yil 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etgan Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh “Yurtingizning har qadamida ulug‘ allomalarning xoki bor. Bu zamin ilm va ulamolar yurtidir. Endi sizlarning vazifangiz ana shu buyuk merosni qayta tiriltirish va dunyoga tanitishdir”, degan edi. Haqiqatan, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida butun dunyo O‘zbekistonga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiylarga qanday talpingan bo‘lsa, bugun ham Uchinchi Renessans poydevori qo‘yilayotgan yurtimizga dunyo afkor ommasining qiziqishi tobora ortib boryapti.
Xalqimizda “Tarix takrorlanib turadi”, “Oqqan daryo oqaveradi” kabi ajoyib maqollar, naqllar bor. Chindan ham IX-XII hamda XIV-XV asrlarda yuksak aqlu zakovati, teran tafakkuri, boy ma’naviy-ma’rifiy salohiyati bilan butun dunyoni zabt etgan buyuk ajdodlarimiz singari bugun yangi O‘zbekistonda tahsil olayotgan yoshlar ham bobolarimizning munosib izdoshi sifatida tarixni takrorlashga astoydil kirishgan. Ular orasida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti magistratura yo‘nalishini tamomlagan o‘n nafar iqtidorli bitiruvchi ham bor. Ularni O‘zbekistonning yetuk mutaxassislari, Prezident kadrlari deya baralla ayta olamiz. Kelgusidagi faoliyatlariga Alloh taolodan ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Salohiddin ShЕRXONOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i
"Yangi O‘zbekiston" gazetasining 2026 yil 6 avgust sonidan