وَإِلَٰهُكُمۡ إِلَٰهٞ وَٰحِدٞۖ لَّآ إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ ٱلرَّحۡمَٰنُ ٱلرَّحِيمُ١٦٣
163. Ma'budingiz yagona Ilohdir. Undan o'zga iloh yo'qdir, U nihoyatda rahmli va mehribondir.
Barcha payg'ambarlar, shu jumladan Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom ham insonlarni yagona ilohga – Alloh taologa sig'inishga chaqirganlar. Alloh taolo aytadi: "Yolg'iz Allohgagina ibodat qilaylik, Unga hech narsani sherik qilmaylik va Allohni qo'yib bir-birlarimizni iloh qilib olmaylik" (Oli Imron, 64). Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ey Muoz, Alloh taoloning bandalardagi va bandalarning Alloh taolodagi haqqi nimaligini bilasanmi?" dedilar. Men: "Alloh va Uning Rasuli biluvchidir", dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Bandalarning faqat Alloh taologa sig'inishlari, Unga hech narsani sherik qilmasliklari Alloh taoloning bandalardagi haqqidir. Alloh taoloning O'ziga biror narsani sherik qilmaganni azoblamasligi bandalarning Alloh taolodagi haqqidir", dedilar" (Buxoriy, Muslim rivoyati). Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qiladi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taoloning yagona haqiqiy ilohligiga iqror bo'lib vafot etgan jannatga kiradi", dedilar" (Muslim rivoyati). Alloh taoloning yagona ilohligiga iqror bo'lish quyidagilarni: yolg'iz Alloh taologagina chin ixlos bilan ibodat qilishni; soxta "iloh"lardan xalos bo'lishni; ularga sig'ingan, ularni do'st tutganlardan uzoqlashishni; shirkning barcha turlari va darajalaridan saqlanishni hamda unga olib boradigan yo'llardan ehtiyot bo'lishni taqozo etadi.
"Allohdan o'zga ma'bud yo'q" kalimasi dunyoda Allohning xohish-irodasisiz, o'zicha va nazoratsiz harakat qiladigan hech narsa yo'qligini anglatadi. Alloh – hadiklarga, qo'rquvlarga va umidvorlikka munosib Yagona zotdir. Kim kasalliklar, mikroblar, mirshablar kaltagi, hukmdorlarning qo'shinlaridan qo'rqsa, demak, u ana shu o'ylab topilgan "ilohcha"larga "yo'q!" deya olmaydi. Ularga sig'inishdan to'xtamabdimi, bu bilan ana shu soxta "iloh"larini o'zining Yaratuvchisiga sherik qilib qo'ygan bo'ladi. U "Allohdan o'zga ma'bud yo'q" kalimasini aytish bilan yolg'onlayapti, xolos.
"Allohdan o'zga ma'bud yo'q!" – bu ahd-va'da, qonun, shior, hayot dasturi va harakatlar niyati, bu – ana shu so'zlarga amal qilgan holda ishlash va yashash, demakdir. Shundagina u uni aytgan odamga haqiqiy mayoq bo'ladi, unga barcha saodat eshiklarini ochadi, unga bu dunyoda ham, oxiratda ham najot kaliti, jannat eshigi bo'ladi. Uni behuda valdirash – g'irt befoyda ish! "Allohdan o'zga ma'bud yo'q!" kalimasi falsafiy mazmundan ham ko'proq narsani anglatadi. Doktor Zakiy Najib Mahmud aytadiki, "Allohdan o'zga ma'bud yo'q" deb guvohlik berish quyidagi uchta asos bilan tasdiqlashdir: guvohlik beruvchi bo'lishi kerak; guvohlik berilayotgan bo'lishi kerak; huzurida guvohlik berilayotganlar bo'lishi kerak. Demak, bu Allohning, shaxsning va boshqa barcha moddiy dunyoning mavjudligini ochiq tan olishdir. Bu bilan Islom idealizm va materializm falsafasini qo'shib rad etadi, o'nglikni ham, so'llikni ham rad etadi va ular orasidagi o'rtachalikni tanlaydi.
إِنَّ فِي خَلۡقِ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِ وَٱخۡتِلَٰفِ ٱلَّيۡلِ وَٱلنَّهَارِ وَٱلۡفُلۡكِ ٱلَّتِي تَجۡرِي فِي ٱلۡبَحۡرِ بِمَا يَنفَعُ ٱلنَّاسَ وَمَآ أَنزَلَ ٱللَّهُ مِنَ ٱلسَّمَآءِ مِن مَّآءٖ فَأَحۡيَا بِهِ ٱلۡأَرۡضَ بَعۡدَ مَوۡتِهَا وَبَثَّ فِيهَا مِن كُلِّ دَآبَّةٖ وَتَصۡرِيفِ ٱلرِّيَٰحِ وَٱلسَّحَابِ ٱلۡمُسَخَّرِ بَيۡنَ ٱلسَّمَآءِ وَٱلۡأَرۡضِ لَأٓيَٰتٖ لِّقَوۡمٖ يَعۡقِلُونَ١٦٤
164. OsmonlarvaYerningyaratilishida, kechavakunduzalmashinuvida, dengizdaodamlargakeraklinarsalarbilansuzayotgankemalarda, Allohosmondantushirgansuvbilano'likernitiriltirganidavaundaturlijonivorlarnitarqatganida, osmonvazaminoralig'idagihavoningo'zgarishiyubulutlaritoatidaaqlliodamlaruchunishoratlarbor.
Alloh taoloni tanish, Uning yaratuvchilik qudratiyu buyuk azamatini anglash uchun uncha ko'p bosh qotirishning hojati yo'q. Siz bu qat-qat osmonlaru, undagi sayyoralar va hisobsiz yulduzlarga bir boqing. Keyin esa nigohingizni asta so'nayotgan Oyu porlab chiqayotgan Quyoshga qarating. Ho'sh, ularni kim yaratib, kim mana shunday aniq hisob-kitob bilan, biror kunni kanda qilmay chiqadigan va botadigan qilib qo'ygan? Nega ular aqli bo'lmasa-da, hisobidan adashib ketmaydi, birining o'rniga boshqasi ko'tarilmaydi? Samovotdagi millionlab yulduzlar-chi? Ularni cheksiz koinotda kim ana shunday holatda ushlab turibdi? Bu koinotni kim bunchalik mukammal va sobit holda yaratgan? Kanada dorilfunini professori Frank Aleyn bunday deydi: "Biz yashab turgan zaminni tashqi samoviy jismlardan himoya qilib turish uchun qalinligi qariyb sakkiz yuz kilometrli himoyachi gazlar (atmosfera) yaratilgan. U har kuni soniyasiga yuz ellik kilometr tezlikda Yerga tushishi mumkin bo'lgan yigirma million dona samoviy toshlarni qaytarib, zaminni ulardan himoya qilib turadi, bu toshlarning hammasi atmosferada to'qnashadi. Bundan tashqari atmosfera zamin sirtida hayot uchun zarur bo'lgan issiq haroratni birday saqlab turadi. Bordiyu bu jarayon uzluksiz suratda davom etmaganida, erda yashab bo'lmasdi".
Yoki atrofimizdagi nabotot olamiga bir ibrat nazari bilan qaraylik. Shayx Sa'diy "Daraxtlarning ko'm-ko'k yaproqlari har oqilga Hudoni tanitadigan daftardur", degan edi. Ro'paramizdagi yashnab turgan daraxtlarning o'zi mo''jiza emasmi? Bir xil ko'rinishdagi, bir xil rangdagi bu daraxtlardan nega rangi, ko'rinishi, mazasi, shakli har xil turfa mevalarni uzib olamiz. Uni bizga kim shunday qilib berib qo'yibdi? Ehtimol, bog'bon deb o'ylayotgandirsiz? Agar bog'bon niholni Allohning tuprog'iga ekmasa, U yuborgan suv bilan sug'ormasa, Uning quyoshidan harorat olmasa, daraxt ko'kararmidi, o'sardimi, hosil tugarmidi? Qudrat va hikmat sohibi Alloh taolo xohlasa, tuproqdan turfa ne'matlar o'sib etishadi, xohlamasa, quruq kaltak yoki xas-xashak qoladi. Ana shu daraxtga shakl, rang bergan ham, mevasiga ta'm, maza va shifobaxsh moddalarni joylagan ham Allohning O'zi!
"La ilaha illa huva" jumlasida Alloh taoloning zoti tavhidi va "Ar-Rohmanul-Karim" kalimalarida sifati tavhidi sobit bo'lgan edi. Endi "Inna fi xolqis-samavati..." oyatida af'oli tavhidi ham sobit bo'ldi. Ya'ni, Alloh taolo zotda ham, sifatda ham, af'olda ham yakka va yagonadir, "Vahdahu la sharika lahu"dir, ya'ni Uning sherigi yo'q, tanhodir.
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati