Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa beadad hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo'lsin.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu
Abu Bakr roziyallohu anhuning ayoli Asmo binti Umays roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlariga bir kun bo'lgan edi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni bir kun ko'rmaganlariga boshlarini tizzalariga qo'yib ko'p yig'lardilar”. Shunda tinchlantirish maqsadida: “Ko'p tashvish chekmang! Hamisha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo'ldingiz. Inshaalloh, yaqinda U zot alayhissalom bilan yana ko'rishasiz”, dedim.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq sog'inar, u zot alayhissalom bilan ko'rishishni intizorlik bilan kutardilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko'rishga bo'lgan sog'inch ikki yilu uch oy davom etdi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu vafot etdilar. Sog'inib kutganlari – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uchrashishga muvaffaq bo'ldilar...
Fotimai Zahro roziyallohu anho
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam og'ir betob bo'lib yotardilar. Qizlari Fotimai Zahro roziyallohu anho U zotning oldilariga kirdilar. Otalarini bu ahvolda ko'rib yig'ladilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Fotima yaqinroq kel”, dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam qizlarining qulog'iga bir narsalarni aytdilar. Fotimai Zahro roziyallohu anhoning yig'ilari yanada kuchaydi. So'ngra boshqa qulog'iga yana bir narsalarni aytdilar. Bu safar Fotimai Zahro roziyallohu anho tabassum qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin Fotima roziyallohu anhodan otalari nima deganlari haqida so'rashganda: “Birinchi gal shu kuni vafot etishlari haqida gapirdilar. Ikkinchisida esa, menga ahlimdan birinchi bo'lib sen etishasan dedilar”, deb javob berdilar.
Ha, Fotima roziyallohu anhoning ko'ngillariga faqatgina U zotga birinchilardan bo'lib etishish taskinlik berardi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni sog'inib o'tgan olti oydan so'ng Fotima roziyallohu anho Rasululloh sollallohu vasallam bilan yana uchrashdilar.
Bilol ibn Raboh roziyallohu anhu
Bilol roziyallohu anhu o'lim to'shagida yotardilar. Ayoli: “Qanday qayg'uga botdik!” deb mahzun bo'lardi. Buni eshitgan Bilol o'lim talvasasidan turib: “Qayg'u dema, xursandchilik degin. Chunki ertaga do'stlarim – Muhammad alayhissalom va u zotning sahobalari bilan uchrashaman”, dedi.
O'lim to'shagida yotgan Bilol roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu vasallam bilan uchrashishga oshiqardilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa ummatlarini ko'rishga mushtoqlar
Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar roziyallohu anhum bilan birga Baqi' qabristoniga kirdilar. Shunda u zot alayhissalom:
– Do'stlarimni ko'rishni juda xohlayman, – dedilar.
Sahobalar roziyallohu anhum:
– Yo Rasululloh, Biz sizning do'stlaringiz emasmiz-mi? – deyishdi.
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam:
– Sizlar mening ashoblarim (birodarlarim)sizlar. Do'stlarim esa, mendan keyin keladigan, meni ko'rmay turib, menga imon keltiradigan qavmdir, – dedilar.
Unutmang! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz ummatlarini ko'rishga juda mushoqdirlar. Ammo biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga munosib ummat bo'lyapmiz-mi?
Alloh taolo qalbimizni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo'lgan muhabbatga to'ldirsin, u zot alayhissalomga munosib ummat bo'lishimizga tavfiq ato etsin!
Davron NURMUHAMMAD
Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.
Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.
Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.
“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.
Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.
“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.
Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.
Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.
Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati