Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyga kirganlarida birinchi bo'lib misvok tutar edilar”(Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Misvok ishlatib o'qilgan ikki rakat namoz misvoksiz o'qilgan etmish rakat namozdan afzaldir”,deganlar (Imom Ibn Najjor rivoyati).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Misvok og'izni poklovchi va Allohni rozi qiluvchidir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Nasoiy rivoyati).
Misvok milkni baquvvat qiladi. Tish toshlarini, og'izdagi noxush hidlar va bakteriyalarni yo'qotadi. Hotirani mustahkamlaydi, nutqni ravon qiladi. Ko'z nurini ravshanlashtiradi, oshqozon-ichak xastaliklarining oldini oladi.
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Keling, biz ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq har bir namozdan oldin, uyga kirganda misvok ishlatishga odatlanaylik.
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad
Davron NURMUHAMMAD
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati