Alloh subhanahu va taolo Qur'oni karimning Niso surasi, 80-oyatida mana shunday marhamat qiladi:
اَعُوذُ بِالله مِنَ اشَّيْطانِ الرَّجِيم * بِسْمِ الله الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ *
مَّنْ يُطِعِ الرَّسُولَ فَقَدْ أَطَاعَ اللّهَ وَمَن تَوَلَّى فَمَا أَرْسَلْنَاكَ عَلَيْهِمْ حَفِيظاً
Ma'nosi:
“Kimki Payg'ambarga itoat etsa, muhaqqaq, Allohga itoat etgan bo'lur. Kimki (itoatdan) yuz o'girsa (ranjimang), Biz sizni ularning ustiga qo'riqchi qilib yubormadik”.
ShARH: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga itoat etgan kishi Allohga itoat etganlik maqomiga erishadi va jannatga kiradi.
Payg'ambar alayhissalom Allohning bandasi, elchisidir. U zotning axloqi Qur'ondir. Allohga ishonganlar uchun dunyo va oxirat ishlarining barchasida eng go'zal o'rnak u zotdirlar.
Aytgan so'zlari va qilgan ishlari Allohning tasarrufi va izni ostidadir. Qur'onni o'z hayotlariga mukammal tarzda joriy eta olgan zotdirlar. U zotning buyurganlari butkul Qur'onning ruhiga muvofiq bo'lib, faqat o'z zamonlari bilan bog'liq emas, balki barcha zamonlarga tegishlidir. Chunki u zotga Qur'onni ochiq sharhlash va tatbiq etish layoqati berilgan va hikmat o'rgatilgan. Chunonchi, Nahl surasi, 44-oyatida aytiladi (ma'nosi): “(Biz u oldingi payg'ambarlarni) ochiq hujjatlar va Kitoblar bilan (yuborganmiz). Sizga ham (ushbu) Zikrni (Qur'onni) nozil qildik, toki insonlar uchun nozil qilingan narsani ularga (tushuntirib) bayon qilib bering. Toki (yaxshi) tafakkur qilsinlar”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Bilinglarki, Alloh menga Qur'on bilan birga uning bir mislini (uning tatbiqoti va sharhi o'laroq) vahy qilgandir», deb marhamat qilganlar.
Oyatda ta'kidlanganidek, Allohga itoat va muhabbat Uning Rasuliga – u zotning sunnatiga ergashmoq bilan amalga oshadi. Kimki bularga ko'ngil rohati bilan taslim bo'lmasa, iymon keltirgan hisoblanmaydi (“Fayzul-Furqon”).
Niso surasi, 59-oyat ma'nosi: “Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat etinglar va Payg'ambarga itoat etinglar va o'zlaringizdan bo'lgan ishboshilarga ham…”
Niso surasi, 64-oyat ma'nosi: “Biz har bir payg'ambarni faqatgina – Allohning izni (amri) bilan – ularga itoat etilmog'i uchun yubordik”.
Niso surasi, 69-oyat ma'nosi: “Kimda-kim Allohga va Payg'ambarga (sidqi dildan) itoat etsa, ana o'shalar Alloh ne'mat bergan payg'ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih zotlar bilan birga bo'lgaydirlar. Ular qanday go'zal hamrohdirlar!”
Oli Imron surasi, 172-oyat ma'nosi: “U (mo''min)lar o'zlariga jarohat etganidan keyin ham (mushriklarni quvib, orqaga surib tashlash uchun) Alloh va Rasuli(ning chaqirig'i)ga itoat etganlardir. Oralaridan go'zal amal qilganlar va muttaqiy bo'lganlar (Allohning amrlariga mos yashab, gunohlardan saqlanganlar) uchun ulug' mukofot bordir”.
Isro surasi, 16-oyat ma'nosi: “Biz qachon biror mamlakatni halok qilishni xohlasak, uning (maishatparast va) to'qchilikdan yayragan (o'zini boy ko'rib, Allohga ehtiyoj sezmagan) kattalariga (etkazuvchilar orqali ibodat va itoat etishni) buyururmiz. Ular u erda (diniy qoidalarni buzib) fosiqlik (va itoatsizlik) qilishgach, shunda u (yurt)ning ustiga azob so'zi haq (va muqarrar) bo'lur. So'ng Biz uni er bilan yakson qilurmiz”.
Hazrati Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: Farishtalar: «...Kimki Muhammad sollallohu alayhi va sallamga itoat etsa, Alloh taologa itoat etgan bo'ladi, kimki Muhammad sollallohu alayhi va sallamga osiylik qilsa, Alloh taologa osiylik qilgan bo'ladi...», – deyishdi» («Sahihi Buxoriy», 7281-hadis).
Tarjimon va sharhlovchi
Mirzo Kenjabek
So‘nggi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu ezgu tashabbus doirasida yurtimizdagi masjidlarda ham quyosh panellari va geleokollektorlarni o‘rnatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
2026 yil 29 iyul holatiga ko‘ra asosiy ko‘rsatkichlar:
Respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjiddan:
1 910 tasi (88,4%) quyosh panellari bilan ta’minlandi (umumiy quvvati — 14,3 MVt / 14 315,5 kVt);
1 020 tasi (47,2%) issiq suv ta’minoti uchun geleokollektorlar bilan jihozlandi (umumiy sig‘imi — 206 470 litr).
Hududlar kesimida yetakchilar:
To‘liq qamrov: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridagi deyarli barcha masjidlarga quyosh panellari o‘rnatib bo‘lindi.
Eng yuqori quvvat: Toshkent shahri (2 559 kVt), Toshkent viloyati (1 706 kVt) va Samarqand viloyati (1 436,5 kVt) yetakchilik qilmoqda.
Geleokollektorlar bo‘yicha: Andijon (182 ta), Namangan (181 ta) va Toshkent viloyati (172 ta) masjidlarida eng yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi.
Qayta tiklanuvchi energiya tizimlarining joriy etilishi elektr energiyasi va tabiiy gaz sarfini sezilarli darajada kamaytirib, masjidlarning kommunal xarajatlarini qisqartirish hamda atrof-muhit muhofazasiga munosib hissa qo‘shish imkonini bermoqda.
Kelgusida qolgan 251 ta masjidga quyosh panellari va 1 141 ta masjidga geleokollektorlarni bosqichma-bosqich o‘rnatish va respublikadagi sig‘imlarni to‘liq «yashil energiya»ga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Nodirbek Qodirov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi