Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

Payg'ambar alayhissalomga itoat – Allohga itoatdir

23.10.2020   3204   4 min.
Payg'ambar alayhissalomga itoat – Allohga itoatdir

Alloh subhanahu va taolo Qur'oni karimning Niso surasi, 80-oyatida mana shunday marhamat qiladi:


اَعُوذُ بِالله مِنَ اشَّيْطانِ الرَّجِيم * بِسْمِ الله الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ *


مَّنْ يُطِعِ الرَّسُولَ فَقَدْ أَطَاعَ اللّهَ وَمَن تَوَلَّى فَمَا أَرْسَلْنَاكَ عَلَيْهِمْ حَفِيظاً

Ma'nosi: 

“Kimki Payg'ambarga itoat etsa, muhaqqaq, Allohga itoat etgan bo'lur. Kimki (itoatdan) yuz o'girsa (ranjimang), Biz sizni ularning ustiga qo'riqchi qilib yubormadik”.

ShARH: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga itoat etgan kishi Allohga itoat etganlik maqomiga erishadi va jannatga kiradi.

Payg'ambar alayhissalom Allohning bandasi, elchisidir. U zotning axloqi Qur'ondir. Allohga ishonganlar uchun dunyo va oxirat ishlarining barchasida eng go'zal o'rnak u zotdirlar. 

Aytgan so'zlari va qilgan ishlari Allohning tasarrufi va izni ostidadir. Qur'onni o'z hayotlariga mukammal tarzda joriy eta olgan zotdirlar. U zotning buyurganlari butkul Qur'onning ruhiga muvofiq bo'lib, faqat o'z zamonlari bilan bog'liq emas, balki barcha zamonlarga tegishlidir. Chunki u zotga Qur'onni ochiq sharhlash va tatbiq etish layoqati berilgan va hikmat o'rgatilgan. Chunonchi, Nahl surasi, 44-oyatida aytiladi (ma'nosi): “(Biz u oldingi payg'ambarlarni) ochiq hujjatlar va Kitoblar bilan (yuborganmiz). Sizga ham (ushbu) Zikrni (Qur'onni) nozil qildik, toki insonlar uchun nozil qilingan narsani ularga (tushuntirib) bayon qilib bering. Toki (yaxshi) tafakkur qilsinlar”.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Bilinglarki, Alloh menga Qur'on bilan birga uning bir mislini (uning tatbiqoti va sharhi o'laroq) vahy qilgandir», deb marhamat qilganlar.

Oyatda ta'kidlanganidek, Allohga itoat va muhabbat Uning Rasuliga – u zotning sunnatiga ergashmoq bilan amalga oshadi. Kimki bularga ko'ngil rohati bilan taslim bo'lmasa, iymon keltirgan hisoblanmaydi (“Fayzul-Furqon”).  

Niso surasi, 59-oyat ma'nosi: “Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat etinglar va Payg'ambarga itoat etinglar va o'zlaringizdan bo'lgan ishboshilarga ham…”

Niso surasi, 64-oyat ma'nosi: “Biz har bir payg'ambarni faqatgina – Allohning izni (amri) bilan – ularga itoat etilmog'i uchun yubordik”.

Niso surasi, 69-oyat ma'nosi: “Kimda-kim Allohga va Payg'ambarga (sidqi dildan) itoat etsa, ana o'shalar Alloh ne'mat bergan payg'ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih zotlar bilan birga bo'lgaydirlar. Ular qanday go'zal hamrohdirlar!” 

Oli Imron surasi, 172-oyat ma'nosi: “U (mo''min)lar o'zlariga jarohat etganidan keyin ham (mushriklarni quvib, orqaga surib tashlash uchun) Alloh va Rasuli(ning chaqirig'i)ga itoat etganlardir. Oralaridan go'zal amal qilganlar va muttaqiy bo'lganlar (Allohning amrlariga mos yashab, gunohlardan saqlanganlar) uchun ulug' mukofot bordir”.

Isro surasi, 16-oyat ma'nosi: “Biz qachon biror mamlakatni halok qilishni xohlasak, uning (maishatparast va) to'qchilikdan yayragan (o'zini boy ko'rib, Allohga ehtiyoj sezmagan) kattalariga (etkazuvchilar orqali ibodat va itoat etishni) buyururmiz. Ular u erda (diniy qoidalarni buzib) fosiqlik (va itoatsizlik) qilishgach, shunda u (yurt)ning ustiga azob so'zi haq (va muqarrar) bo'lur. So'ng Biz uni er bilan yakson qilurmiz”.

 Hazrati Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: Farishtalar: «...Kimki Muhammad sollallohu alayhi va sallamga itoat etsa, Alloh taologa itoat etgan bo'ladi, kimki Muhammad sollallohu alayhi va sallamga osiylik qilsa, Alloh taologa osiylik qilgan bo'ladi...», – deyishdi» («Sahihi Buxoriy», 7281-hadis).

Tarjimon va sharhlovchi

Mirzo Kenjabek

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Malayziya telekanalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari keng yoritildi

17.08.2026   72280   2 min.
Malayziya telekanalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari keng yoritildi

Malayziyaning “Berita RTM” telekanalida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida efirga uzatilgan ushbu ko‘rsatuvda malayziyalik professorlar – Badrul Isa va Norfadilah Kamaruddin tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston–Malayziya: kreativ turizm” nomli loyiha taqdim etildi.

Olimlar tashabbusi bilan yaratilgan mazkur loyiha mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirildi.

Tashabbus O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari haqida “Visual storytelling” formatida professional raqamli kontent yaratishni nazarda tutadi.

Loyihaga ko‘ra, 17–31 avgust kunlari Malayziya UiTM texnologiya universitetining professional fotograflari va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazmda suratga olish ishlarini olib boradi.

Malayziyalik ijodkorlar yurtimiz haqida tayyorlagan foto va videomateriallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok”, “YouTube” kabi internet platformalarda joylashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining dizayn, san’at, turizm va mehmonxona biznesi yo‘nalishidagi talabalari ham ishtirok etadi. Bu akademik, turizm va ijodiy sohalarda tajriba almashishni tashkil etish imkonini beradi.

Dasturda fikr bildirgan Badrul Isa loyiha ASЕAN mamlakatlari va musulmon olamida O‘zbekistonni yanada kengroq tanitishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, raqamli platformalar orqali mamlakatimiz tarixiy merosi, ziyorat turizmi va amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlari keng yoritiladi.

“Biz boy tarixiy meros, yuksak madaniyat va mehmondo‘st xalqqa ega bo‘lgan O‘zbekistonni ASЕAN mintaqasi aholisi tomonidan qayta kashf etilishini istaymiz”, – dedi professor.

Shuningdek, u O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, loyiha natijalari ushbu sanaga munosib sovg‘a bo‘lishini qayd etdi.

Ushbu tashabbus O‘zbekistonning ziyorat turizmini ommalashtirish va ASЕAN mamlakatlaridan ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari