Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Oilada farzand tarbiyasi: HASAD VA UNING SABABLARI

21.10.2020   8282   23 min.
Oilada farzand tarbiyasi: HASAD VA UNING SABABLARI

Hasad boshqa birovdagi ne'matning ketishini orzu qilishdir. Bu xatarli ijtimoiy illat bo'lib, ota-ona, tarbiyachilar bolalar go'dakligidanoq unga qarshi davolash choralarini ko'rib bormasalar, shubhasiz, xatarli ta'sir va yomon natija namoyon bo'ladi. Hasad bir qarashda ko'zga tashlanavermaydi. Shuning uchun odamlar farzandlarini “bunday qusurdan xoli” deb, yaxshi gumon qiladi. Shu bois tarbiyaga mas'ul kishilar bolani ziyraklik bilan kuzatib, undagi hasad tuyg'usini to'g'ri tarbiya berish va hikmat yordamida davolashlari, bartaraf qilishlari vojib. Bunday usul salbiy natija, qiyinchilik va ruhiy kasalliklarning oldini oladi. Hasaddan saqlanish, uni davolash yoki tag-tomiri bilan yo'q qilish yo'llarini bayon qilishdan oldin farzandda hasad, qizg'anish, ko'rolmaslik olovini yoqadigan sabablar xususida so'z yuritish to'g'riroq bo'ladi. Bu sabablar quyidagi holatlarda mujassam ifodasini topadi:

– farzandning o'z oilasida muhabbat, muloyimlik kabi ba'zi imtiyozlarni yo'qotishdan qo'rqishi. Hususan, oilada yangi farzand tug'ilganda, katta farzand chaqaloq butun mehr-muhabbatni o'ziga qaratib oladi, deb tasavvur etadi;

– farzandlarning birini ziyrak, boshqasini anqov deb sifatlashga o'xshash nisbatlar berish;

– farzandning biriga ahamiyat berib, boshqasini e'tiborsiz qoldirish. Bir bolani ko'tarib, o'yin-kulgi, hadyalar bilan siylab, boshqasini qo'rqitib, g'amxo'rlik va hadyalardan mahrum etish singari vaziyatlar. Sevimli farzandi etkazgan yomonlik va aziyatlardan ko'z yumib, beparvo bo'lish va boshqa farzandi sodir etgan ozgina xato uchun jazolash;

– o'zi kambag'al, etishmovchilik bilan yashayotgani holda, farzandini moddiyat bobida bekamu ko'st, boy-badavlat qarindoshlari ichiga qo'yish. Shu singari yana boshqa ko'p sabablar farzandga yomon ta'sir ko'rsatib, uni ruhiy xastalik, xudbinlik va ijtimoiy ochko'zlik sari etaklashi mumkin. Uyqusizlik, o'z-o'ziga ishonmaslik va nafratlanishga o'xshash ruhiy zaifliklar ham shundan kelib chiqadi.

Islom dini ochiq hasadni hikmatli tarbiya asoslari bilan muolaja qiladi. Tarbiyachining bunday muolajasi, albatta, farzandlarning o'zaro do'stlik, inoqlik, muhabbat va soflikda ulg'ayishlariga yordam beradi. Qalblarida boshqalarga yordam berish, yaxshilik qilish va mehribon bo'lish tuyg'ularini jamlashlariga olib keladi. Hasadni davolashdagi tarbiyaviy usullar quyidagi ishlarda mujassamlangandir:

 

Hasadni davolash yo'llari

  1. Farzandga muhabbatini sezdirib turish. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shunday qilar edilar va ashoblarini ham shunga buyurib, qiziqtirib, amal qilishlarini nazorat etardilar. Mana, ba'zi misollar:

Imom Termiziy va boshqalar Abdulloh ibn Bariddan, u kishi otalaridan rivoyat qiladi. U kishi aytadilar: «Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) xutba o'qiyotganlarida Hasan va Husan (roziyallohu anhum) ikkalalari qizil ko'ylak kiygan holda yurib kelib, qoqilib yiqildilar. Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) tushib ikkovini ko'tarib oldilar va oldilariga qo'yib:

وَٱعۡلَمُوٓاْ أَنَّمَآ أَمۡوَٰلُكُمۡ وَأَوۡلَٰدُكُمۡ فِتۡنَةٞ

«...mol-mulklaringiz va farzandlaringiz fitna (gunoh, azob va mashaqqat manbai)dir», deb (Anfol, 28) o'qidilar-da, so'ngra: “Bu ikki go'dakning yurib kelib, qoqilib yiqilganini ko'rib, sabr qilolmadim va so'zimni kesib (tugatmay) ularni ko'tardim”, dedilar».

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Hasan va Husayn (roziyallohu anhumo) bilan birga o'ynab, qo'llari va tizzalari bilan yurdilar, ular esa ikki tomonidan osilib olishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yurib: “Qanday yaxshi sizlarning tuyalaringiz va sizlar qanday yaxshi tengsizlar”, deb aytdilar. Ya'ni, sizlar menga tengsizlar, sizlarni men teng ko'raman, degan ma'noda.

Imom Buxoriy “Al-Adab al-Mufrad”da Oysha onamizdan (roziyallohu anho) rivoyat qiladi. U kishi aytadi: «Bir a'robiy Payg'ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) kelib: “Go'daklaringizni o'pasizlarmi, biz o'pmaymiz”, dedi. Shunda Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh qalbingdan rahmatini olib qo'ygan bo'lsa, men nima ham qila olardim”, dedilar».

Imom Buxoriy Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida Aqra' ibn Hobis Taymiy o'tirganida Hasan ibn Alini o'pdilar. Shunda u: “Mening o'nta bolam bor, ulardan birortasini o'pganim yo'q”, dedi. Bas, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga qaradilar va: “Rahm qilmaganga rahm qilinmas”, dedilar. Imom Buxoriy “Al-Adab al-Muf­rad” kitobida Anas ibn Molikdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Bir ayol Oysha (roziyallohu anho) huzuriga keldi. Oysha (roziyallohu anho) unga uch dona xurmo berdi. U har bir bolasiga bir donadan xurmo berib, o'ziga bir dona olib qoldi, ikkala bolasi xurmoni eb bo'lib onasiga qarashdi. Shunda ayol xurmoni ikkiga bo'lib, bolalariga yarimtadan berdi. Oysha (roziyallohu anho) voqeani Payg'ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) so'zlab berdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Nimaga bu seni ajablantiradi? Batahqiq, ayolning farzandlariga mehribonligidan Alloh unga ham mehribon bo'ladi”, dedilar.

Yangi farzand dunyoga kelgan vaqtda uning akasi yoki opasida hasad uyg'onishining oldini olishi lozim bo'lgan ehtiyot choralariga doim e'tibor qaratmoq kerak. Hususan, buni tarbiyachilar va onalar unutmasliklari lozim. Ehtiyot chorasini yangi farzand tug'ilishidan bir necha oy oldindan ko'rib borish lozim.

Yangi go'dakni kiyintirish, cho'miltirish, taom edirishda akasi (yoki opasi) yordam berishiga imkoniyat yaratishda zarar yo'q. U go'dak bilan birga o'ynashiga ruxsat berish ham foydali bo'lishi mumkin, lekin u go'dakka ozor berib qo'ymasligi uchun doim nazorat qilish kerak. Ona yangi farzandini emizish uchun qo'lga olganida, ota go'dakning akasi bilan o'ynab turishi yoki u bilan suhbatlashib, mehr-muhabbatini bildirishi mustahabdir. Maqsad sevimlilik, mahbublik, mehr ulashish bobida aka go'dak bilan teng ekanini bildirishdir. Bularni ulug' tarbiyachi (sollallohu alayhi va sallam) yuqorida aytib o'tganimiz bir necha hadislarda bayon qilganlar. Shunday ekan, tarbiyachilar farzandlari o'zaro muhabbatli, bir-biriga yordam beruvchi va ochko'zlik, nafrat, xudbinlikdan xoli bo'lishlarini xohlasalar, ulug' muallim Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yo'llaridan yursinlar.

  1. Farzandlar o'rtasida odil bo'lish. Ma'lumki, ota-ona farzandlar o'rtasida muomalada teng, hadyalar ulashishda odil bo'lsa, ular hasadni bilmaydi, qalbida ochko'zlik va adovat ofatlariga ham o'rin qolmaydi, aka-ukalar o'zaro muhabbatda va bir-birini tushunib yashaydilar.
  2. Hasad uyg'otuvchi sabablarni bartaraf qi­lish. Ota-ona, murabbiy farzand tarbiyasida dono bo'lishi kerak. Bu yosh qalbdagi ochiq hasadni yo'q qilishda eng foydali vositadir. Oilada yangi mehmon dunyoga kelgach, katta farzand o'zini ota-onaning e'tibori, mehr-muhabbatidan chetda qolgandek his etmasligi kerak. Agar shunday holat yuz bersa, bas, ota-ona bor kuchini farzandini avvalgidek yaxshi ko'rishlarini bildirishga sarflashi lozim. Ota-ona farzandlaridan birini ahmoqlikda ayblasa yoki haqorat so'zlari bilan nafsoniyatiga tegsa, uning qalbida hasad va ochko'zlik uchqunini paydo qiladi. Shunday ekan, murabbiylar ozorli, achchiq so'zlardan tilini saqlashlari lozim. Ota-onalar doimo ogoh bo'lishsin, farzandni hasadchi bo'lib qolishdan saqlashsin. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hasad borasida bunday deydilar: “Hasaddan saqlaning, chunki hasad yaxshiliklarni olov o'tinni egandek eydi”.

Tabaroniy rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Insonlar doim yaxshilikda bo'ladilar, modomiki hasad qilmasalar”, dedilar. So'ng yana: “Hasadchi mendan emas”, dedilar. Farzanddagi hasadni muolaja qilishda ota-onalar va murabbiylar bu tarbiya qonun(asos)lariga muhtojdir. Shubhasiz, agar ular o'zlariga shu qoidani dasturulamal deb bilsalar va o'sha qoidalarni turmushga tatbiq etsalar, farzandlar sofdil, beg'araz va ixlosda voyaga etadilar.

  1. Ochiq g'azab. G'azab – ruhiy holat. Go'dak ochiq g'azabni hayotining avvalidayoq sezadi va umrining oxirigacha unga hamroh bo'ladi. Ochiq g'azab insonga tug'ilganidanoq hamroh ekan, uning har qanday ko'rinishini jirkanch va yomon illat deb baholash xatodir. Chunki Alloh taolo insonni yaratganida unga sezgi va his-tuyg'u ato etdi. Bu etuk hikmat va ijtimoiy manfaat uchundir.

 

G'azabning foydalari

Inson o'zini himoya qilishi, dinini va obro'-e'tiborini muhofaza qilishi, Vatanini dushmanlardan va fitnalardan muhofaza etishi kerak. Agar insonda ochiq g'azab bo'lmasa, u Alloh harom qilgan hukmlarga amal qilmayotganlarga yoki Islom dinini haqoratlayotganlarga, Vatan dushmanlariga qarshi g'azab va nafrat qilmagan bo'lardi. Shubhasiz, bunday nafrat o'z o'rnidagi g'azabdir. Ba'zi hollarda bunday g'azab Rasulullohda (sollallohu alayhi va sallam) ham kuzatilgan.

Imom Buxoriyning “Sahih” kitobida keltiriladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga Alloh haddini qoim qilishdan qaytarish uchun bir kishi shafoatchi bo'lib kelganida, u zot g'azablandilar va yuzlarida g'azab chiziqlari paydo bo'ldi. So'ngra quyidagi so'zlarni aytdilar: “Sizlardan avvalgi qavm ulug'lari o'g'rilik qilganida jazolamay, zaiflari o'g'rilik qilganida ularga jazo (had) qoim qilib, halok bo'ldi. Allohga qasam, agar Muhammadning qizi Fotima o'g'rilik qilsa, albatta uning qo'lini kestiraman”».

Tabaroniy Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) o'zlari uchun o'ch olganlarini ko'rmaganman. Faqat Allohga hurmatsizlik qilganlardan o'ch olganlar. Agar Allohga biron kishi osiy bo'lsa, unga qattik g'azab qilardilar. U kishiga ikkita ish to'g'ri kelsa, engilrog'ini tanlardilar. Agar unda Allohning g'azabi, norizoligi bo'lsa, undan eng uzoq odamlardan bo'lar edilar”.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tabiiy, ochiq g'azabini yaxshi maqsadga yo'naltirganlarni va g'azabini yutganlarni, g'azablanganida o'zini tuta olganlarni maqtaganlar.

Imom Buxoriy rivoyat qiladi: «Bir kishi Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam): “Menga nasihat qiling”, dedi. U zot (alayhissalom): “G'azab qilma”, dedilar va shu so'zni bir necha bor qaytardilar».

Imom Ahmad “Musnad” kitobida keltiradi: «Ibn Umar (roziyallohu anhu) Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) so'radilar: “Aziz va ulug' Alloh g'azabidan meni nima uzoq qiladi?” U zot (alayhissalom): “G'azab qilma!” dedilar».

«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim qodir bo'laturib, g'azabini yutsa, qiyomat kuni Alloh xaloyiq oldida uni chaqirib, “huri ayn”dan birini tanlash ixtiyorini beradi”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Imom Buxoriy va Imom Muslim Ibn Mas'uddan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlar qanday kishini pahlavon bilasizlar?” dedilar. Ular: “Hech bir kishi undan g'olib kelmaganni”, dedilar. U zot (alayhissalom): “Yo'q, g'azablanganida o'zini tuta oladigan kishi pahlavondir”, dedilar».

Shubhasiz, Qur'oni karim mo'min va mo'minalarni g'azabni yutishga va undan chiroyli qaytarishga, johillardan yuz o'girishga undaydi. Chunki jamiyatda muhabbat va do'stlik mukammal bo'lishi kerak.

وَلَا تَسۡتَوِي ٱلۡحَسَنَةُ وَلَا ٱلسَّيِّئَةُۚ ٱدۡفَعۡ بِٱلَّتِي هِيَ أَحۡسَنُ فَإِذَا ٱلَّذِي بَيۡنَكَ وَبَيۡنَهُۥ عَدَٰوَةٞ كَأَنَّهُۥ وَلِيٌّ حَمِيمٞ٣٤

«Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo'lmas. Siz (yomonlikni) go'zalroq (muomala) bilan daf eting! (Shunda) birdan siz bilan o'rtalaringizda adovat bo'lgan kimsa qaynoq (qalin) do'stdek bo'lib qolur»(Fussilat, 34).

وَعِبَادُ ٱلرَّحۡمَٰنِ ٱلَّذِينَ يَمۡشُونَ عَلَى ٱلۡأَرۡضِ هَوۡنٗا وَإِذَا خَاطَبَهُمُ ٱلۡجَٰهِلُونَ قَالُواْ سَلَٰمٗا٦٣

«Rahmonning (suyukli) bandalari erda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema'ni) so'z qotganida “Salomatlik bo'lsin!” deb javob qiladigan kishilardir»(Furqon, 63).

ٱلَّذِينَ يُنفِقُونَ فِي ٱلسَّرَّآءِ وَٱلضَّرَّآءِ وَٱلۡكَٰظِمِينَ ٱلۡغَيۡظَ وَٱلۡعَافِينَ عَنِ ٱلنَّاسِۗ وَٱللَّهُ يُحِبُّ ٱلۡمُحۡسِنِينَ١٣٤

«Ular (mazkur taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-sadaqa qiladigan, g'azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar» (Oli Imron, 134).

Yomon g'azabning ko'rinishi insonga, uning aqliga salbiy ta'sir ko'rsatib, jamiyat ahilligiga va birdamligiga putur etkazadi. Ota-onalar, murabbiylar farzandning ilk bolalik vaqtidan to o'smirlik va balog'at yoshiga etgunicha bunga ahamiyat berishlari kerak. Boladagi g'azabni davolashning yaxshi yo'li uni bu illat sabablaridan yiroq qilib, o'zida go'zal xulq va yaxshi odatlar paydo qilishiga sharoit yaratishdir. “Oldini oluvchi bir dirham davolovchi ko'p dirhamdan yaxshi”, degan donolar.

Agar g'azabning sababi ochlik bo'lsa, murabbiy bolani o'z vaqtida ovqatlantirishga harakat qilmog'i shart. Chunki ovqatni kechiktirish jismoniy va ruhiy kasalliklarga olib boradi. Qanchalab murabbiylar qaramog'idagi bolani vaqtida to'ydirmay, gunohkor bo'lishadi.

Agar g'azabning sababi kasallik bo'lsa, murabbiy bolaning tibbiy muolajasi to'g'risida jon kuydirib, uning sog'ligini tiklash choralarini ko'rishi lozim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko'rsatmalariga murojaat qilaylik.

Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qiladi: “Har bir davrning davosi bor, agar davo etsa, aziz va ulug' Alloh izni bilan tuzalar”.

Agar g'azabning sabablari bolaning haqoratlanishi va xorlanishi bo'lsa, murabbiy tilini og'ir botadigan so'zlardan tiymog'i lozim, toki bolada ruhiy kasallik va g'azab o'rnashib qolmasin. Shubhasiz, bunday yo'l tutish go'zal tarbiya va yaxshilikka yordamlashishdir.

Ibn Moja ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Farzandlaringizga chiroyli odob bering”, dedilar. Ibn Hibbon rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Farzandning yaxshi bo'lishiga yordam ko'rsatgan otaga Alloh rahm qilsin”, dedilar.

Agar bola g'azabining sababi ota-onaga taqlid bo'lsa, halimlikda va g'azabni yutishda, bardoshlilikda ota-ona farzandga to'g'ri o'rnak bo'lishi lozim. Alloh taoloning quyidagi so'ziga muvofiq:

وَٱلۡكَٰظِمِينَ ٱلۡغَيۡظَ وَٱلۡعَافِينَ عَنِ ٱلنَّاسِۗ وَٱللَّهُ يُحِبُّ ٱلۡمُحۡسِنِينَ١٣٤

«...g'azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar» (Oli Imron, 134).

Yuqorida aytib o'tilganidek, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) nasihatlariga muvofiq: “...lekin g'azablangan vaqtida o'zini tuta olgan pahlavondir”.

Agar g'azabning sababi farzand huzurida isrofgarchilik qilish va haddan ziyod erkalash bo'lsa, murabbiylar farzandlarga muhabbatda teng bo'lishlari va mehribonlikda, nafaqada o'rtacha bo'lishlari kerak.

Hazrat Ali (roziyallohu anhu) aytganlariga muvofiq: “Yaxshi ko'rganingni o'rtacha yaxshi ko'r, bir kun yomon ko'rganingga aylanishi; yomon ko'rganingni ham o'rtacha yomon ko'r, bir kuni yaxshi ko'rganingga aylanishi mumkin”.

Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Erka qilib o'stirishdan saqlaninglar, chunki Allohning bandalari erka qilib o'stiruvchi emas”, deb ogohlantirganlar.

Agar bola g'azabining sabablari hazil-mazax va laqab taqish singari yaramas odatlar bo'lsa, murabbiylar bunday sabablardan saqlansinlar, farzandda g'azab tuyg'usi ildiz otmasligi juda muhim. Yomon gumon qilish, josuslik, laqab bilan chaqirishdan qaytarishda Qur'oni karim eng ulug' tarbiyachidir. Hujurot surasida bunday deyiladi:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا يَسۡخَرۡ قَوۡمٞ مِّن قَوۡمٍ عَسَىٰٓ أَن يَكُونُواْ خَيۡرٗا مِّنۡهُمۡ وَلَا نِسَآءٞ مِّن نِّسَآءٍ عَسَىٰٓ أَن يَكُنَّ خَيۡرٗا مِّنۡهُنَّۖ وَلَا تَلۡمِزُوٓاْ أَنفُسَكُمۡ وَلَا تَنَابَزُواْ بِٱلۡأَلۡقَٰبِۖ بِئۡسَ ٱلِٱسۡمُ ٱلۡفُسُوقُ بَعۡدَ ٱلۡإِيمَٰنِۚ وَمَن لَّمۡ يَتُبۡ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلظَّٰلِمُونَ١١

“Ey mo'minlar! (Sizlardan) biror millat (boshqa) bir millatni masxara qilmasin! Ehtimolki, (masxara qilingan millat) ulardan yaxshiroq bo'lsa. Yana (sizlardan) ayollar ham (boshqa) ayollarni (masxara qilmasin)! Ehtimol, (masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq bo'lsa. O'zlaringizni (bir-birlaringizni) mazax qilmangiz va bir-birlaringizo'ni laqablar bilan atamangiz! Iymondan keyin fosiqlik nomi naqadar yomondir! Kimki tavba qilmasa, bas, aynan o'shalar (gunoh ishlar bilan o'zlariga nisbatan) zulm qiluvchilardir”(11-oyat).

Farzandga Payg'ambarimizning (sollallohu alahi vasallam) go'zal axloqlaridan ta'lim berish undagi g'azabni davolashda eng yaxshi ta'sir qiladigan doridir. G'azabni bosishda quyidagilar tavsiya etiladi:

G'azab kelganida holatni o'zgartirish. Imom Ahmad va boshqalar rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Birontangiz g'azablansangiz, tik turgan bo'lsa, o'tirsin, agar undan g'azab ketmasa, yotib olsin”, dedilar.

G'azab kelganida tahorat olish. Imom Abu Dovud rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “G'azab shaytondan, shayton olovdan yaratilgan. Albatta, suv olovni o'chiradi. Agar birortangiz g'azab qilsa, bas, tahorat olsin”, dedilar.

G'azab kelganida sukut saqlash. Imom Ahmad rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Birortangiz g'azablansa, bas, sukut saqlasin”, dedilar.

A'uzubillahiminashshaytonirrojim” (ta'avvuz)ni aytish. “Sahihi Muslim” kitobida keltiriladi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida ikki kishi o'zaro haqoratlashib qoldi. Birining yuzlari qizarib, g'azab bilan sohibini haqorat qildi. Shunda Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) «Men bir so'zni bilaman, agar uni – “a'uzubillahi minash shaytonir rojim”ni aytsa, g'azabi ketadi», dedilar.

Shunday ekan, ota-onalar, murabbiylar farzandlarga va shogirdlarga Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) g'azabni ketkazish va engillatish borasidagi shu vasiyatlariga ko'ra odob berishlari lozim, toki ular tezda halimlik, bardoshlilik kasb etsinlar, g'azablanganida o'zini tutishga odatlansinlar. Murabbiylar g'azablangan kishining ko'zlari chaqchayib, qon tomirlari shishib, hunuk qiyofaga kirishi va ovozi baland ko'tarilishini tasvirlash bilan farzandlarga g'azabning yoqimsizligini, jirkanchligini bildirishlari zarur. Shuningdek, bolalarni g'azabning ofatlari, xatarlari va jirkanch oqibatlaridan ham ogoh etish kerak.

G'azabning ko'rinishlaridan ogoh etish va yomonligini tushuntirish jamiyat tarbiyasi va nafs muolajasi uchun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko'rsatgan yo'ldir.

Imom Ahmad Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qiladi. U zot: “Ogoh bo'ling, albatta, g'azab odam farzandi qalbida yonadigan cho'g'dir, uning qon tomiri shishganiga va ko'zlari qizarganiga qaramaysizmi? Kim shularning birini (o'zida) sezsa, bas, erga (o'tirsin)”, dedilar.

Hulosa qilib aytsak, ota-ona, murabbiylar farzandlarini yoshligidanoq g'azabning turli sabablaridan uzoqlashtirib, uni davolash va tinchlantirishda Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) yo'llarini tutsalar, shubhasiz, farzandlar halim, bardoshli, nafsini tiyadigan bo'lib ulg'ayadilar.

Ota-ona, tarbiyachilar bolalarni uyatchanlik, qo'rquv, ongsizlik, hasad va g'azabdan qutqarsalar, ularning nafslarida sobitlik, jur'atlilik, shijoat, peshqadamlik va bardoshlilik urug'ini ekkan bo'ladilar. Bunday tozalash va bezatish bolalarni kelajakka munosib kishilar qilib tayyorlaydi. Ularda hayotga ishonch, g'ayrat, pok va oliyjanob xulqlarni paydo qiladi. Hullas, nafsni tarbiyalash va to'g'rilashda murabbiylar Islom yo'lini, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko'rsatmalarini bilishlari, zimmalaridagi mas'uliyatni ado qilishlari kerak.

 

KYeYINGI MAVZULAR:

IJTIOMIY TARBIYa MAS_''ULIYaTI:

Taqvo;

Qalb ildizi.

HULOSA

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   32200   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari