Axborotlashuv va globallashuv jarayonlari kuchayib borayotgan bir davrda xorijiy tillarni mukammal bilish hamda ulardan samarali foydalanish hayotiy zaruratga aylanib bormoqda. Yurtimizda turli sohalarda faoliyat olib borayotgan mutaxassis kadrlarning chet tillarni bilishlari asosiy talablardan biri hisoblanmoqda. Ayniqsa, diniy soha mutaxassislarining xorijiy tillarni erkin so'zlasha olish darajasida mukammal o'zlashtirishlarini ta'minlash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Buning negizida diniy yo'nalishda faoliyat yuritayotgan kadrlarning dunyo axborot resurslaridan keng ko'lamda foydalanishlari hamda xorijiy tillarda ilmiy izlanishlar olib borishlari uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish masalasi yotadi. Shundan kelib chiqib, bugungi kunda respublikamiz diniy ta'lim tizimi oldida turgan eng ustuvor vazifalardan biri xorijiy tillarda erkin muloqot qila oladigan, salohiyatli kadrlarni etkazib berish hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 11 yanvar' kuni Hadis ilmi maktabiga tashrifi davomida bildirilgan topshiriq va tavsiyalarda maktabda tahsil oladigan talabalar kamida uchta chet tilini mukammal bilishi lozimligi alohida ta'kidlangan edi.
Shu maqsadda Misr Arab Respublikasining Al-Azhar universitetidan Hadis ilmi fanlari doktori, professor Mahmud Abdulloh Abdurrahmon hamda Balog'at va munozara fanlari doktori, professor Ali Saad Ali Saad Maktab o'quv jarayonlariga jalb etilgan edi.
Joriy yilda Hadis ilmi maktabi, xorijiy o'qituvchilari safiga yana bir mutaxassisni jalb etdi.
Dehli universitetining Tilshunoslik ilg'or tadqiqotlar markazi Tilshunoslik kafedrasi professori Ravinder Gargash Maktabda ingliz tili fanidan dars mashg'ulotlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tashrif buyurdi.
Tashrif avvalida muhtaram mehmonga maktabning tashkil etilishi maqsadi va undan kelajakda kutilayotgan natijalar, mutaxassislik o'quv rejasidagi fanlarning xususiyatlari va mutaxassislik o'quv rejasini dunyoning etakchi ta'lim muassasalari va islom olamidagi nufuzli ulamolar tomonidan e'tirof etilganligi, pandemiya sharoitida onlayn shaklda olib borilayotgan ta'lim jarayonlari haqida ma'lumot berildi.
Horijlik professor Hadis ilmi maktabi o'qituvchi va talabalari uchun davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan yaratib berilgan sharoitlarga alohida e'tibor qaratib, bu yurt o'z davrida barcha ilmlarda bo'lgani kabi islom ilmlarida ham markaz bo'lganligi, diyorimizdan etishib chiqqan allomalarning ilmiy meroslarini o'rganish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida albatta ushbu maskandan ham kelajakda yana Imom Buxoriylar, Imom Termiziylar kabi ulamolar etishib chiqishini e'tirof etdi.

Ta'kidlash lozimki, professor Ravinder Gargash ingliz tilini o'qitish bo'yicha qirq olti yildan ortiq pedagogik tajribaga ega bo'lib, u Janubiy Koreyaning Hankuk xorijiy tadqiqotlar universiteti, Hindistonning Dehli universiteti kabi dunyoning nufuzli oliy ta'lim muassasalarida professor va kafedra mudiri kabi lavozimlarda faoliyat olib borgan.
Shuningdek, professor Gargash 2017-2019 yillar davomida ingliz tilini o'qitish bo'yicha xalqaro standartlardan biri hisoblangan TEFSOL India (Hindistonda ikkinchi chet tili sifatida ingliz tili o'qitish assotsiatsiyasi) prezidenti (bosh ofisi Nyu-Deli, Hindiston), Asia TEFL (Osiyo davlatlarida chet tili sifatida ingliz tili o'qitish assotsiatsiyasi) vitse-prezidenti (bosh ofisi Seul, Janubiy Koreya), 2019-2020 yillarda Asia TEFL prezidenti lavozimlarida ham ishlab kelgan.
Professor Gargash uchta mualliflikda hamda yigirmaga yaqin hammualliflikdagi kitob va lug'atlarni nashr etgan. Jumladan, Urdu tili grammatikasiga kirish (hind va ingliz tillarida. Darslik), Farhang-e-Aaryan (forscha-hindcha-inglizcha-urducha lug'at, VI jild. Tehron), Koriyaayi-Hindi shabdakosh (koreyscha-hindcha lug'at. Seul), Translation and Interpreting (yozma va og'zaki tarjima uslublari. Dehli universiteti talabalari uchun ikki tilli (ingliz va hind) darslik), Persian-Hindi Dictionary (forscha-hindcha lug'at, II jild. Dehli), Indo-Persian Cultural Perspectives (hind-forsiy madaniy istiqbollari. Dehli), VII jildlik tilshunoslikning o'qitish nazariyasi kabi kitoblar nashrida ishtirok etgan. Shuningdek, bir yuz o'ttizdan ortiq xorijiy jurnallar, xalqaro konferentsiya va seminarlar to'plamida ilmiy maqolalar chop ettirgan.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston musulmonlari idorasining buyrug'iga asosan barcha oliy va o'rta maxsus islom ta'lim muassasalarida bo'lgani kabi Hadis ilmi maktabida ham joriy yilning 12 oktyabridan 24 oktyabriga qadar 1 kurs talabalari uchun tanishuv darslari bo'lib o'tmoqda.
Tanishuv darslari davomida birinchi bosqich talabalariga Maktabda yaratilgan sharoitlar, Axborot-resurs markazi, o'quv fanlari va fan adabiyotlari, turli to'garaklar, kredit-modul' ta'lim tizimi bo'yicha ma'lumot hamda Maktabning ichki tartib-qoidalari, kiyinish madaniyati, talabalarning namunali xulq-odobi to'g'risida tushuncha va tavsiya berildi.
Ikki hafta mobaynida davom etadigan tanishuv darslari karantin qoidalariga qat'iy rioya qilingan holda davom etmoqda. Tanishuv darslariga qatnasha olmaydigan talabalar dars mashg'ulotlarini ZOOM platformasi orqali kuzatib borishmoqda. Maktabning yuqori kurs talabalarining o'quv jarayonlari ham joriy o'quv yilining dastlabki kunlarini masofaviy shaklda amalga oshirilmoqda.
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati