Olti oydan ortiq vaqt ichida birinchi marta Madinadagi Nabaviy masjididagi Ravza jamoatchilikka ochildi. Har bir musulmon uchun alohida joy hisoblanmish Ravza mart oyida Qirollikdagi COVID-19 epidemiyasi tufayli yopilgandi. Garchi Nabaviy masjidi iyun' oyida namozxonlar uchun o'z eshiklarini ochgan bo'lsa-da, Ravzaga kirish ta'qiqi amalda bo'lib kelayotgan edi.
Islam.ru ma'lumotlariga ko'ra, bu kunda Madinada bo'lish baxtiga muyassar bo'lgan musulmonlar fursatdan foydalanib, Ravzada ibodat qilib, Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ga o'z hurmatlarini bajo keltirdilar.
"Rabi ul-avval oyining birinchi tongida Ravzani ziyorat qilgan birinchi guruh ayollar orasida bo'lish baxtiga muyassar bo'ldim, - deydi 39 yoshli Hanan al-Jihaniy. - Bu favqulodda tajriba".
Jiddalik Eman Mahmud: "Bu albatta muborak oyning boshidagi muborak kundir. Nihoyat Muqaddas xonaga tashrif buyurib, Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ni qutlashimiz mumkinligini eshitganimda juda xursand bo'ldim. Allohga hamdu sanolar bo'lsin! " - dedi.
Madina va Nabaviy masjidiga tez-tez tashrif buyuradigan 50 yashar Eman Mahmud so'nggi bir necha oy hammaga qiyin bo'lganini aytdi: "Nabaviy masjididagi eski kunlarni qanchalik sog'inganimni so'z bilan ifodalay olmayman."Umid qilamanki, inqiroz yaqinda tugaydi va barcha musulmonlar masjidda qalbni tozalaydigan ma'naviy tajribadan bahramand bo'la olishadi".
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Joriy yilning 6-19 avgust kunlari Makkai mukarramadagi Masjidul-Haramda o‘tkaziladigan Podshoh Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro Qur’on musobaqasida o‘zbekistonlik iqtidorli qori va qoriyalarimiz ishtirok etadi.
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasida xalqaro Qur’on musobaqasi ishtirokchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda diniy ta’lim muassasalaridan saralab olingan qori va qoriyalarga musobaqa tartib-qoidalari, unda ishtirok etish bo‘yicha zarur yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar berildi.
Muhim yangilik: 2026 yildan Saudiya Arabistonining 46-mavsum xalqaro Qur’on musobaqasi tarixida ilk bor ayol-qizlar yo‘nalishi joriy etildi.
Yurtimiz sharafini himoya qiladigan vakillarimiz bilan tanishing:
Erkak qorilar:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
Ayol qoriyalar:
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
Alloh taolo nufuzli musobaqada ishtirok etadigan vakillarimizga ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati