Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

23.10.2020 y. Mavlidun Nabiy muborak!

20.10.2020   4080   14 min.
23.10.2020 y. Mavlidun Nabiy muborak!

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ الَّذِي أَرْسَلَ رَسُولَهُ رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ وَجَعَلَهُ أُسْوَةً حَسَنَةً لِلْمُؤْمِنِيْنَ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى نَبِيِّنَا الرَّؤُوفِ بِالْمُؤْمِنِيْنَ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ

MAVLIDUN NABIY MUBORAK!

Muhtaram jamoat! Islom olamiga har yili o'zgacha shukuh olib keladigan Rabiul avval oyi ham kirib keldi. Hammamizga ma'lumki, bu oyning musulmonlarga sevimli bo'lishiga sabab “olamlarga rahmat” qilib yuborilgan Payg'ambarimiz Muhammad sallalohu alayhi vasallamning xuddi shu oyda dunyoga kelganlaridir.

Alloh taoloning inoyati bilan insoniyatni zulmatlardan nurga chiqaruvchi Zot tavvallud topgan oyni musulmonlar ulkan ne'mat ato qilingan oy sifatida qadrlaydilar. Shu oyda Alloh taologa shukrona sifatida Payg'ambarimiz alayhissalomning siyratlarini o'rganadilar, ilmiy majlislar, musobaqalar tashkil etadilar va saxovatli kishilar ehsonlar qiladilar. Biz ham vaqtni g'animat bilib, Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam siyratlaridan biroz ma'lumotlar bilan tanishamiz.

Payg'ambarimiz Muhammad ibn Abdulloh sallallohu alayhi vasallam Makka shahrining Bani Hoshim mahallasida, Rabiul avval oyining o'n ikkinchi sanasi, dushanba kuni tongda dunyoga keldilar. Bu melodiy 571 yil 22 aprelga to'g'ri keladi (eski va yangi melodiy taqvimlardagi farq sababli manbalarda tug'ilgan sanalari turlicha keltirilgan).

Payg'ambarimiz alayhissalomning otalari Abdulloh ibn Abdulmuttalib ibn Hoshim ibn Abdumanof. Onalari Omina binti Vahb ibn Abdumanof ibn Zuhra ibn Kilobdir.

Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallamning muborak nasab shajaralari Ibrohim alayhissalomga borib taqaladi. Nasabi sharif Payg'ambarimizning o'zlaridan boshlanib, Adnongacha etgan joyda hech qanday ixtilof yo'q.

 Payg'ambarimiz alayhissalomning otalari Abdulloh Makkada Omina binti Vahbga uylandilar. Ko'p o'tmay, Payg'ambarimizning otalari Abdulloh Madinaga jo'nab ketadilar. Ba'zi rivoyatlarga ko'ra, Abdulloh Shomga tijorat bilan chiqib, qaytishda bemor bo'lib Madinaga tushadilar. U kishi yigirma besh yoshida bemorlikdan vafot etdilar va Madinada dafn etildilar. Hali Payg'ambarimiz alayhissalom tug'ilmagan edilar.

Payg'ambarimiz alayhissalom tug'ilganlarida bir nur chiqqani va Shom qasrlarini yoritgani rivoyat qilinadi (Imom Ahmad va Imom Doromiy rivoyatlari).

 Olti yoshga etganlarida onalari ham Madina safari davomida vafot etib, Abvo degan joyda dafn qilindilar.

Payg'ambarimizning onalari vafot etganlaridan keyin U Zotni bobolari Abdulmuttalib qaramog'iga oldilar. Payg'ambarimiz alayhissalom sakkiz yoshdan o'tgach, bobolari Abdulmuttalib Makkada vafot etdilar. O'limi oldidan Payg'ambarimizning kafolatini o'g'li Abu Tolibga topshirdilar.

Abu Tolib o'z vazifasini mukammal bajarishga harakat qildilar. Qirq yildan ortiqroq Payg'ambarimizni qo'llab-quvvatladilar, himoya qildilar, U Zot sababli boshqalar bilan xusumatlashdilar.

Hijratdan 13 yil avval (melodiy 610 yilda) Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qamariy qirq yarim yosh (shamsiy 39 yoshu uch oylik) bo'lganlarida, Alloh taolo U Zotga birinchi vahiy yubordi va U Zot Nabiy bo'ldilar. Oradan bir necha kun o'tib, ikkinchi vahiy kelgach, Rasul bo'ldilar. Payg'ambar bo'lib o'n uch yil Makkada, o'n yil Madinada yashadilar. Yigirma uch yil davomida katta qiyinchiliklarga sabr-bardosh bilan Alloh taoloning dinini insoniyatga etkazishga jiddu jahd qildilar. Natijada bir kishi bilan boshlangan Islom butun er yuziga tarqaldi. 

Payg'ambarimiz alayhissalom o'n birinchi hijriy sana (632 m.y) oltmish uch yoshda, Rabiul avval oyining o'n ikkinchi kuni, dushanbada choshgoh payti Rafiqul a'loga ko'chdilar, ya'ni vafot etdilar. U Zotning vafotlari Qiyomatgacha keladigan Islom ummati uchun musibatdir.

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning o'zlariga xos xususiyatlari – oxirgi payg'ambar bo'lishlari va U Zotga oxirgi ilohiy kitob tushirilgani edi. U Zotdan keyin payg'ambar ham, ilohiy kitob ham kelmaydi. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:

  مَا كَانَ مُحَمَّدٌ أَبَا أَحَدٍ مِنْ رِجَالِكُمْ وَلَكِنْ رَسُولَ اللَّهِ وَخَاتَمَ النَّبِيِّينَ وَكَانَ اللَّهُ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمًا

ya'ni:Muhammad sizlarning erkaklaringizdan birortasiga ota emasdir, balki u Allohning elchisi va payg'ambarlarning muhridir. Allohbarchanarsanibiluvchizotdir(Ahzob surasi 40-oyat).

 Bu erda Alloh taolo Muhammad alayhissalomni "Payg'ambarlarning muhri" deb atadi. Zero, har bir muhim yozma hujjat so'nggida muhr bosilgani kabi oxirgi payg'ambar kelgach, payg'ambarlar kitobiga ham muhr bosilgandek bo'ldi.

Alloh taolo Payg'ambarimizni Qiyomatgacha keladigan ummatlarga o'rnak qilib qo'ydi. U Zot Islomni yashab ko'rsatdilar, bunga ming-minglab odamlar guvoh bo'ldilar. U Zotning o'zgalarda to'planishi amri mahol bo'lgan go'zal xulqlarini do'stlar, hattoki dushmanlar ham e'tirof etishdi. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

   لَقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِمَنْ كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآَخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا

ya'ni: “(Ey, imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo'lgan hamda Allohni ko'p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg'ambarida go'zal namuna bordir” (Ahzob surasi 21-oyat).

Demak, U Zotdan o'rnak olish uchun tarixlari, siyratlari, aytgan so'zlarini o'rganishimiz va kelajak avlodga o'rgatishimiz kerak. Mazkur narsalarni bilmasdan turib, U Zotning mukammal meroslaridan foyda ololmaymiz. Zero, Payg'ambarimizga tegishli sunnat – dinimizda ikkinchi muhim manbadir. Qur'oni karimda qancha ilm va hukmlar bo'lsa, hadisi sharifda ham shuncha ilmu hikmatlar bor. Bu ikkisini bir-biridan ajratishga uringan kimsalar juda qattiq adashadi. Zero, Payg'ambarimiz dinga tegishli biror so'zlarini o'zlari tomondan gapirmaganlar. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:

وَمَا يَنْطِقُ عَنِ الْهَوَى إِنْ هُوَ إِلَّا وَحْيٌ يُوحَى

ya'ni: “(Yana u Qur'onni) xomxayoldan olib so'zlayotgani ham yo'q! U (Qur'on) faqat (Alloh tomonidan) nozil qilinayotgan (tushirilayotgan) bir vahiydir” (Najm surasi 3-4-oyatlar).

Gohida hadisi shariflarni chetga surib, faqat Qur'ondagi hukmlarga amal qilish kerak, deydiganlar ko'zga tashlanadi. Ular dinni Alloh taolo o'rgatgan yo'sinda emas, balki o'zlari o'ylab topgan yo'l bilan qabul qilmoqchi bo'ladilar. Alloh taoloning xohish irodasi shuki, Islom dini Muhammad alayhissalom orqali qabul qilinadi va o'rganiladi. U Zotni, so'zlarini o'rtadan chiqarmoqchi bo'lganlarning ustozi shayton bo'ladi. Shaytonning maqsadi esa odam zotini o'zi bilan do'zaxning tubiga etaklashdir.

Alloh taolo Payg'ambarimiz alayhissalomning buyuk martabalarini bayon qilib, Payg'ambarimiz alayhissalomga salavot aytishga buyuradi:

إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا صَلُّوا عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا تَسْلِيمًا

ya'ni: “Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg'ambarga salavot ayturlar. Ey, mo'minlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom aytingiz!

Muhammad alayhissalomga salavot va salomlar tilab duo qilish juda ham ulug', savobi katta ish hisoblanadi. Hadisi shariflarda ham unga targ'ibot ko'p. Ulamolar Imom Karxiy rahimahullohning so'zlarini olib, Muhammad alayhissalomning nomlari qachon zikr etilsa, salavot aytish kerak deganlar. Rasul alayhissalomga bag'ishlab yozilgan salavot to'plamlari ichida “Daloil al-xayrot” kitobi mashhurdir.

Mazkur oyat juda ham ta'sirli, chunki Alloh taoloning O'zi Payg'ambarini maqtab turgan va farishtalari duo qilib turganda, nahotki ummat bo'lib biz salotu salom aytmasak?!

Hadisi sharifda salavot aytgan kishilarga Alloh taoloning rahmati bo'lishi xabari berilgan. Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

 "من صلى علي واحدة صلى الله عليه عشرًا"

(رواه الامام  أحمد والحاكم عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o'nta rahmat yo'llaydi” (Imom Ahmad va Imom Hokim rivoyatlari).

Shuni ham aytib o'tishimiz kerakki, musulmonlarni mana shunday xursandchilik kunlarida dillarini xira qiladiganlar ham topiladi. Ular mavlid marosimlarini o'tkazishni mumkin emas, bid'at deb puch da'vo qiladilar.

O'tgan va zamondosh ulamolarimiz aytadilarki, Mavlidi nabiyni nishonlash bid'at emas. Zero, biz Rasululloh alayhissalomga muhabbatli bo'lishga, U Zotning yo'llariga ergashishga, doimo U Zotga salavot va salomlar yo'llashga buyurilganmiz. Garchi bu amallarga muntazam, har doim amal qilib kelgan taqdirimizda ham, Mavlid oyi kirishi bizlarni ushbu amallarni yanada ko'paytirishimizga va ularga ahamiyatliroq bo'lishimizga sabab bo'ladi xolos. Payg'ambar alayhissalom doimo nafl ro'za tutishga odatlangan bo'lsalarda, dushanba kunida ro'za tutishga alohida e'tibor berar edilar. Buning sababi so'ralganda, dushanba kuni tavallud topganliklari va shu kuni payg'ambar bo'lganliklarini aytar edilar. Shundan, dushanba kuni nafl ro'za tutish sunnat bo'lib qoldi. Shunday ekan, nima uchun Rasululloh alayhissalom tavallud topgan oylarida U Zotni ko'proq eslash, tarjimai hollari bo'lmish Mavlidlarini o'qish, ko'proq salavot aytish mumkin bo'lmasin?!

Payg'ambarimiz alayhissalom bilan xursand bo'lish – Qur'oni karimning talabi va amri hamdir. Alloh taolo shunday marhamat qilgan: “Ayting: «Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta), shular sababli (mo'minlar) shodlansinlar! U to'plagan narsa (boylik)laridan yaxshiroqdir” (Yunus surasi 58-oyat).

Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhumo mazkur oyatdagi “fazl” so'zini “ilm” va “rahmat” so'zini “Muhammad alayhissalom”, deb tafsir qilganlar.

 Alloh taolo O'zining rahmati bilan xursand bo'lishimizni buyuryapti. Payg'ambarimiz alayhissalom esa eng ulug' rahmatdirlar. Qur'oni karimda bu haqda shunday deyiladi: “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo surasi 107-oyat).

Aslida Payg'ambar alayhissalomning mavlidlarini birinchi bo'lib nishonlagan zot – Rasululloh alayhissalomning O'zlaridir. Imom Muslim Abu Qatoda raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda aytadilar: “Payg'ambar alayhissalomdan dushanba kuni ro'za tutish haqida so'rashdi. Shunda U Zot: “O'sha kunda men tug'ilganman va shu kunda menga (vahiy, payg'ambarlik) nozil bo'lgan”, – dedilar. Ushbu hadisi sharif Payg'ambarimiz alayhissalom dushanba kuni tug'ilganliklari va shu kunda payg'ambarlik ato qilingani munosabati bilan ro'za tutganliklariga dalolat qiladi.

Jaloliddin as-Suyutiy rahimahulloh aytadilar: “Mening nazdimda, aslida mavlid amalida odamlarning to'planishi, Qur'oni karimdan qiroat qilish, Payg'ambar alayhissalomning tavallud topganlarida ro'y bergan mo'jizalar haqida vorid bo'lgan xabarlarni rivoyat qilish, keyin dasturxon yozilib, taomlardan tanovul qilish, bularning hammasi bid'at hasana (keyin paydo bo'lgan bo'lsada, shariatga zid bo'lmagan) ishlardan sanalib, uni tashkil etganlarga savob bor. Chunki bunda Payg'ambarimiz alayhissalomni ulug'lash, tavallud topganlari uchun xursandchilik va shodlikni izhor etish bor” (Husnul maqsad fi 'amalill mavlid” kitobi). 

Boshqa ko'plab e'tiborli olimlar ham mavlid marosimlarini o'tkazishni durust deb bilganlar. Demak, Mavlid oyidan ham unumli foydalanib, bu vaqtni ilm-ma'rifatimizni oshirish yo'lida sarflaylik.

Alloh taolo barchamizni Payg'ambarimiz alayhissalomga loyiq ummat bo'lishni nasib aylasin!  Omin!

 

Muhtaram imom domla! Rabiul avval oyining biror jumasida, imkoniyatga qarab, Imom Barzanjiyning “Mavlidun Nabiy” kitobidan o'qib berishingiz maqsadga muvofiq bo'ladi.

 

 

Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “UMMATLARGA O'RNAK ZOT” mavsusida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

10.01.2025   3720   4 min.
OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".

Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.

Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.

Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.

Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.

Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.

"Tafsiri Hilol" kitobidan

Maqolalar