Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

HUShHABAR: MUHIM QO'LLANMA NAShRDAN ChIQDI!

20.10.2020   7251   6 min.
HUShHABAR: MUHIM QO'LLANMA NAShRDAN ChIQDI!

Taraqqiyotimizning yangi davrida milliy huquq tizimini isloh qilish, huquqiy ong va madaniyatni shakllantirish borasida juda keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Hususan, diniy tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarva ushbu soha bilan bog'liq bo'lgan mutaxassislarning huquqiy savodxonligini oshirish yo'nalishida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Ana shunday ustuvor vazifalarning ijrosi sifatida O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “O'zbekiston Respublikasida vijdon erkinligini ta'minlashning huquqiy asoslari” nomli to'plam chop etildi.

Ushbu yangi nashrda O'zbekiston Respublikasi kodekslari, qonunlari, qarorlari, farmonlari va farmoyishlari bilan birga diniy-ma'rifiy sohani tartibga solishga oid nizomlar, yo'riqnomalar, namunalar, ko'chirmalar va boshqa zarur me'yoriy hujjatlar o'rin olgan.

Ayniqsa, vijdon erkinligini ta'minlashga oid milliy va xalqaro qonun hujjatlaridan namunalar keltirilgani soha xodimlari faoliyatida juda qo'l keladi. Shuningdek, to'plamda diniy tashkilotlar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar jamlangani diniy tashkilotlarning ish yuritishida muhim qo'llanma bo'lib xizmat qiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev: “Biz qanchalik mukammal qonunlarni yaratmaylik, qanday islohotlar o'tkazmaylik, agar fuqarolarimizning huquqiy bilimi, onggi va madaniyati etarli bo'lmasa, kutilgan natijalarga erishish mushkul bo'ladi”, deb huquqiy savodxonlikni oshirish borasida juda to'g'ri firkni ilgari surgan edilar.

Aytish kerakki, diniy tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish hozirgi davrning muhim talabi bo'lmoqda. O'z navbatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutaxassislariga ham mana shunday ixtisoslashgan huquqiy hujjatlar to'plami juda ham foydalidir.

Huquqiy savodxonlikka erishish, mustahkam huquqiy bilimga ega va qonunlarni hurmat qiladigan, huquqiy normalarni kundalik hayotda qo'llay oladigan soha xodimlarini etishtirishda ushbu to'plam dasturil amal bo'ladi. Shuningdek, so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining mazmun-mohiyati to'g'risida ham mazkur qo'llanma orqali xabardor bo'lish mumkin.

Qayd etish lozimki, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutaxassislarining ish amaliyotida ham ushbu kitob yaqin yordamchi vazifasini bajaradi, degan umiddamiz.

Yana bir jihat, Oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalari pedagoglari va talabalari huquqiy fanlarni yaxshi o'zlashtirishi va mustahkamlashida hamda bakalavr va magistratura yo'nalishlarida ta'lim olayotgan hamda ilmiy-tadqiqotlar olib borayotganlarga ham ushbu to'plam yordamchi qo'llanma vazifasini bajaradi.

“O'zbekiston Respublikasida vijdon erkinligini ta'minlashning huquqiy asoslari”nomli to'plamning 9 ta bobida 83 ta qonun hujjatlari jamlangan bo'lib, uning mundarijasi quyidagi boblardan ibodatdir:

Birinchi bob – O'zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog'iston Respublikasi konstitutsiyalari;

Ikkinchi bob – O'zbekiston Respublikasi kodekslari;

Uchinchi bob – O'zbekiston Respublikasi qonunlari;

To'rtinchi bob – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va farmonlari;

Beshinchi bob – O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari;

Oltinchi bob – vijdon erkinligini ta'minlashga oid xalqaro hujjatlar;

Yettinchi bob – diniy-ma'rifiy sohani tartibga solishga oid nizomlar;

Sakkizinchi bob – davlat dasturlari;

To'qqizinchi bob – diniy tashkilotlarni ro'yxatdan o'tkazuvchi organlarga taqdim etadigan hisobot shakllari o'rin olgan.

Demakki, to'plamda 83 dan ortiq qonun hujjati bir joyga jamlangani foydalanuvchiga katta qulaylik bo'lib, bir necha adabiyotlarni varaqlashdan vaqtini tejaydi. O'z navbatida diniy-ma'rifiy sohani tartibga solishga oid barcha qonun normalari yig'ilgani esa diniy tashkilotlar xodimlari va ish yurituvchilari uchun asosiy ko'makchi bo'ladi. 

Ta'kidlash kerakki, Davlatimiz Rahbarining 2017 yil 7 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “2017 – 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi” bandlarida fuqaro, jamiyat va davlatning o'zaro munosabatlarida aholining huquqiy madaniyati va ijtimoiy faolligini yanada yuksaltirish, davlat organlari xodimlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish samaradorligini ta'minlovchi mexanizmlarni takomillashtirish vazifasi alohida qayd etilgan. Shu ma'noda ham mazkur qo'llanma sohalardagi huquqiy bilim va ongni oshirishga munosib xizmat qiladi.

Hulosa qilib aytganda, soha xodimlarining huquqiy savodxonlik darajasi, qonunlarga bo'lgan hurmati, huquqiy normalarni ijro etish salohiyati, hayotga tatbiq eta olish ko'nikmasi, qonunlarga itoatkorlik holati, huquqiy faollikni oshirishda mazkur asar munosib xizmat qiladi, deb ishonch bildiramiz. Zero, soha xodimlarining yuksak huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini ta'minlash soha rivojida eng muhim omildir.

To'plam huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mutaxassislari, jamoat va diniy tashkilotlar xodimlari, oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalari professor o'qituvchilari va talabalariga hamda mavzuga qiziquvchi barcha kitobxonlar uchun mo'ljallangandir.

Mazkur to'plam O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mitaning 2019 yil 28 martdagi 5983-sonli tavsiyasi asosida nashr etilgan.

Ushbu to'plamga qiziquvchilar quyidagi bog'lanish raqamlari orqali topishlari mumkin: Ish: 71-227-34-30, Uyali: 90-934-04-20, «Shamsuddinxon Boboxonov» NMIU.

 

O'zbekistonmusulmonlariidorasiMatbuotxizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Ikki ulug‘ ne’mat

14.08.2026   37547   3 min.
Ikki ulug‘ ne’mat

#Mustaqillikning 35 yilligi

 

Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.

Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.

Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).

Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.

Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.

Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.

Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.

Isomiddin AHROROV