Qohira shahrining markazida o'zbek etnosi nomi bilan bog'liq katta bog', uning ichida esa teatr va bog'ga tutash hududda mashhur kitob yarmarkasi bor. Bu hududni qohiraliklar o'zbeklar mahallasi deb atashadi. Qohiraliklar orasida o'rta asrlarda bu mahallada o'rta osiyoliklar, jumladan o'zbeklar yashaganligi, bu erdagi bog'ni o'zbeklar bunyod etganligi haqida turli hikoyalar mavjud. Bundan tashqari, Damashq shahrida ham o'zbeklar bilan bog'liq bo'lgan masjidlar, ko'chalar va mahallalar mavjud. Bu madaniy maskanlarning o'z tarixi bo'lib, ularning kelib chiqishiga oid rivoyat va hikoyalar ham bor. Qohira markazida o'zbeklar bilan bog'liq madaniy “orolcha”larning qanday paydo bo'lganini misrlik taniqli tarixchi olima Mojida Maxluf o'zining “Misr tarixida o'zbeklar” nomli maqolasida batafsil tahlil qilgan. Maqolada olima asosiy e'tiborni X-XVIII asrlarda Misr davlatchiligida o'rta osiyolik bir nechta sulolalarning egallagan mavqeiga, ularning davlat siyosiy hayotidagi ishtirokiga qaratadi.
Mazkur maqola muallifi misrlik olimaning tadqiqotlariga hamda arab tilida chop etilgan boshqa manbalarga tayangan holda, Qohira va Damashqdagi o'zbeklar tarixiga oid qo'shimcha ma'lumotlarni, jumladan, ularning XIX – XX asrlardagi ijtimoiy vaziyati va bugungi kuni haqida ma'lumotlarni to'pladi.
Ushbu maqolada o'rta osiyolik hamda o'zbek etnosiga mansub muhojirlarning Qohira va Damashq shaharlarida qoldirgan moddiy-madaniy merosi, XIX – XX asrlarda ularning ijtimoiy holati, shuningdek, bugungi kundagi turmush tarzi haqida hikoya qilinadi.
O'zbakiya mahallasi
Hozirgi kunda Qohira shahrining markazida o'zbeklar bilan bog'liq qadimiy mahalla saqlanib qolgan bo'lib, bu mahalla aholisining orasida shoshlik, buxorolik, farg'onalik, tarozlik oilalar bor, ular yurtiga berilgan nomlarni hamon saqlab kelishyapti. Misrlik tarixchilarning yozishicha, ushbu mahallaning tashkil etilish tarixi XIV asrning oxirlariga borib taqaladi. Mamluk davlati hukmronligi davrida, Sulton Qaytbay Atabek qo'shin qo'mondoni Sayfiddin O'zbekni janglardagi katta g'alabalari uchun mukofotlashga qaror qilgan va unga Qohira markazidan 60 akr erni hadya qilgan, tez orada bu erda hovuz hamda uning atrofida bog' qurilib “O'zbakiya” (o'zbek) nomi bilan atala boshlangan. 1495 yilga kelib, O'zbakiya Qohira shahrining markazida joylashgan katta mahallaga aylandi.
Tarixchi olima Mojida Maxlufning yozishicha, markaziy osiyoliklarning Yaqin Sharq hududiga kirib kelishi uzoq tarixga ega bo'lib, Abbosiylar sulolasi boshqaruvi yillarida qo'shin tarkibida o'rta osiyolik turkiylar alohida nufuzga ega edilar. Ular abbosiy hukmdorlar bilan birgalikda va ulardan keyingi yillarda Mamluklar saltanati tarkibida islom dini ravnaqi yo'lida xizmat qilib, Yaqin Sharq hududlarida mustaqil amirliklarni tashkil qildi. Shuningdek, mavjud hukmdor sulolalari saroyida nufuzli mansablarda xizmat qilishgan. Huddi shunday amirliklardan biri Tuluniya edi. Asli buxorolik Ahmad ibn Tulun oilasi Misrda mustaqil davlat barpo etib, 868 yili Tuluniya amirligiga asos soldi. Bu oila Misrda o'ttiz sakkiz yil hukmronlik qildi. Manbalarda aytilishicha, o'rta osiyolik bu hukmdor “Misrdan Furotgacha, bu yog'i esa Marokash yurtlarigacha hukmronlik qilib, adolat o'rnatgan, hatto Bag'dod xalifaligiga nomzodi qo'yilgan, u xalqiga adolatli, saxovatpesha dilbar bir shaxs bo'lgan”. Ahmad ibn Tulun va o'g'li Humorviya davri Misr tarixidagi oltin davr hisoblanadi. Huddi shu davrdan, Misr tarixida o'rta osiyoliklar, jumladan o'zbeklar ma'lum ahamiyat kasb eta boshlagan.
Tuluniylardan so'ng Misrda “ixshidiy” nomi bilan mashhur, asli farg'onalik Muhammad ibn Tog'och ibn Jaf Ixshidlar davlatiga asos soldi. U Misrda o'ttiz besh yil hukmronlik qildi. Mojida Maxlufning yozishicha,“o'zbeklar Qora va O'rta er dengizi bo'yida joylashgan podshohliklar sultonlarining doimiy e'tiborida bo'lishgan. Aslida aksariyat sultonlarning kelib chiqishi qipchoq (o'zbek) diyoridan bo'lgan”. Masalan, Misr sultoni Zohir Beybars o'zbeklar bilan ittifoq tuzishga intilgan. Misrlik olim Zaki Muhammad Hasanning fikriga ko'ra, o'zbeklarning Misr podshohlari idoraviy hayotida ham o'z o'rni bo'lgan. Ular podshohlik kengashi amiri, qo'shin qo'mondoni, qurol-yarog' amiri, karvonlar amiri, haj amiri kabi e'tiborli va oliy mansablarga ega bo'lishgan. O'zbeklarning davlat boshqaruvi tizimida xizmat qilishi, boshqaruv san'atidan tortib, me'morchilik an'analarigacha o'z ta'sirini ko'rsatgan[3].
Misr tarixining keyingi davrlarida ham o'zbeklar nufuzli oilalardan bo'lishgan. Usmoniylar davrida ham Misrda o'zbek oilalari mavjud edi. Usmoniylar davridagi arxiv hujjatlarida Qohiradagi O'zbek mahallasi O'rta Osiyodan kelgan barcha o'zbeklarni yaxshi kutib olganligi haqida ma'lumotlar bor. Ucmoniylar davlati ularga Sultonlar vaqfidan mablag' ajratgan. Hususan, manbalarda Qohiraning markazida joylashgan, Qozi Muhiddin Abd al-Qodir O'zbekiy tomonidan qurilgan “ash-Sha'roniy” takyasi doimiy ravishda hukumdorlar e'tibori va homiyligida bo'lganligi to'g'risida, bu takyada o'rta osiyolik hojilar, naqshbandiya tariqati sufiylari domiy ravishda kelib turganligi to'g'risida ma'lumotlar bor. Davrlar o'tib, Yaqin Sharqda, jumladan Qohira shahrida yashagan o'rta osiyoliklar mahalliy aholiga singib ketdi – til, madaniyat va urf- odatlarining ma'lum bir belgilari saqlanib qoldi. Shunday belgilardan biri bu o'zbek etnosi bilan bog'liq bo'lgan joy nomlaridir.
Suratda: Qohiradagi O'zbakiya mahallasi, 1867 yil.
Al-O'zbakiya (o'zbek) mahallasi Qohiradagi eng mashhur mahallalardan biri hisoblanadi, uning katta qismi Hadiv Ismoil poshsho davrida bunyod qilingan. Mahalla Al-Ataba maydoni, O'zbakiya bog'i hamda O'zbakiya teatrini o'z ichiga qamrab olgan. Usmoniylarning Misrdagi hukmronligi boshlanar ekan, bu mahallaning ravnaqi yanada jonlandi.
Manbalarda aytilishicha, shu davrlarda bu mahallada asli kelib chiqishi O'rta Osiyodan bo'lgan turli turkiy xalqlar yashab ular umumiy nom bilan o'zbeklar deb atalgan. Davr o'tishi bilan ular mahalliy xalq orasiga shu qadar chuqur singib ketganki, natijada o'zbeklar alohida etnik guruh sifatidagi xususiyatini yo'qotgan. Biroq, o'zbek nomi hali hamon saqlanib kelmoqda[4]. Masalan, O'zbakiya bog'i shunday joylardan biridir. Taxminan XIV asrda O'rta Osiyodan kelgan o'zbeklar avlodidan bo'lgan Sayfiddin O'zbek tomonidan katta bog' va hovuz barpo qilingan. Keyinchalik uning o'rnida frantsuz uslubidagi yangi bog' barpo qilingan. Bog' nomi esa hozirga qadar o'zbek nomi bilan saqlanib qolgan . “Bu bog' hozirda juda kichik bo'lib qolgan, deydi – muallif bilan Twitter orqali suhbatda ushbu bog' yaqinida bolalik yillari o'tgan Yosin – Shunday bo'lsada, bu joy hamon Qohiraning eng so'lim va salqin manzillaridan biri, bog' atrofida XVIII-XIX asrlarda o'rta osiyolik turkiylar yashaganligi to'g'risida ma'lumotlarni eshitganman, ammo hozir ularni farqlab bo'lmaydi. Ba'zan O'zbakiya mahallasida yashovchi mahalliy aholi orasida buxoriylar, turkistoniylar va o'zbakilar nomli guruhlarni uchratish mumkin. Ular arab tilida so'zlashadi, urf-odatlari ham biznikidan farq qilmaydi”.
Shavkat Ikromov,
Yaqin Sharq davlatlari bo'yicha tadqiqotchi, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining o'qituvchisi, O'zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi O'zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz doktoranti.
azon.uz
Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.
Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.
Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.
Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.
Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.
Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.
Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati