Shu yil 23 oktyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari Davron Maqsudov Dog'iston Respublikasi hukumati raisi Abdulmuslim Abdulmuslimov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari Davron Maqsudov davlatimiz rahbari tashabbusi bilan diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, shuningdek, yurtimizda faoliyat yuritayotgan turli diniy konfessiyalar o'rtasidagi do'stona aloqalar, ularga taqdim etilgan imtiyoz va imkoniyatlar xususida to'xtaldi. Shuningdek, u yurtimizda 130 dan ziyod millat, elat va turli diniy konfessiya vakillari o'rtasida hamjihatlik ta'minlanganini ham qo'shimcha qildi.
Muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari mehmonlarni O'zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati haqida ma'lumot berib, so'nggi yillarda masjid-madrasalar soni ko'payib, ular ibodat va ma'rifat maskaniga aylanib borayotganini mamnuniyat bilan ta'kidladilar. Shuning bilan birga 13 ta diniy ta'lim muassasasida salohiyatli diniy soha kadrlari tayyorlanayotganini qayd etdilar.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy nomli xalqaro markazlar hamda Islom tsivilizatsiyasi markazi tashkil etilgani nafaqat xalqimiz, balki xorijliklarning ham e'tirofiga sazovor bo'layotganini Muftiy hazratlari so'zladilar.
Dog'iston Respublikasi hukumati raisi Abdulmuslim Abdulmuslimov o'zaro muloqotda samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirish barobarida Dog'istonda e'tiqod qiluvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, mo'min-musulmonlar hayoti haqida so'z yuritdi. Shuningdek, u O'zbekistonda diniy-ma'rifiy jabhadagi ulkan o'zgarish va yangilanishlarning guvohi bo'lganini izhor etdi. Ayniqsa, mehmon O'zbekiston alohida ehtiromga loyiq yurt ekani, bu diyordan Islom dini rivojiga ulkan hissa qo'shgan zabardast ulamolar etishib chiqqani, xususan, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarini alohida yodga oldi.
Martabali mehmon so'zini davom ettirib, ayni kunlarda Dog'istonda xizmat qilayotgan din peshvorlarining aksariyati Buxoro va Toshkent shaharlaridagi o'quv dargohlarida ta'lim olganini mamnuniyat bilan e'tirof etdi.
Muloqotda tomonlar O'zbekiston va Dog'iston munosabatlari so'nggi yillarda yangi bosqichga ko'tarilgani, bugungi kunda bir qator sohalar, jumladan, ziyorat turizmi yo'nalishidagi hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib borayotgani, ikki yil avval O'zbekiston delegatsiyasi Dog'istonda “Imomlar yurtiga sayohat” mavzuida ziyorat turizmi ko'rgazmasini taqdim etgani, ushbu tadbir ikki xalq o'rtasidagi ishonchli muloqot, diniy-ma'rifiy jabhadagi aloqalarning mustahkamlanishiga ham turtki bo'lganini ta'kidladilar.
Uchrashuv yakunida diniy-ma'rifiy sohadagi o'zaro hamkorlikni rivojlantirish va o'zaro tajriba almashish uchun O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlarini Dog'iston davlatiga taklif etildi.
Uchrashuv do'stona va samimiy ruhda o'tdi.






Quvaytning nufuzli “Al-Seyassah”, “Alwakt News” va “The Times Kuwait” nashrlarida quvaytlik ekspert va jamoat arbobi, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Tijorat arbitraj markazining sobiq bosh kotibi Tariq Yusuf ash-Shumaymiriyning “Samarqanddan Faylakagacha: zamin sivilizatsiya tilida so‘zlaganda nomli maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif joriy yilning avgust oyida yurtimizga amalga oshirgan tashrifi davomida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lgani, boy tarixiy-madaniy meros, me’moriy obidalar, qadimiy bozorlar hamda xalqimizning mehmondo‘stlik an’analari unda katta taassurot qoldirgani haqida yozadi.
Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyoning qadimiy shahri Samarqand hamda Fors ko‘rfazidagi tarixiy Faylaka oroli xalqlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi o‘ziga xos sivilizatsion ko‘prik vazifasini bajargan. Samarqand Sharq va G‘arbni bog‘lagan quruqlikdagi karvon yo‘llari chorrahasi bo‘lgan bo‘lsa, Faylaka dengiz savdo yo‘llarida muhim strategik makon hisoblangan. Yurtimizdagi ilm-ma’rifatga bo‘lgan yuksak ehtirom va jamoatchilik an’analari Quvayt jamiyatidagi qadriyatlar bilan muayyan mushtaraklikka ega ekani alohida e’tirof etiladi.
Nashrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 17–18 fevral kunlari Quvayt Davlatiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘targani ta’kidlanadi. Tashrif yakunlari bo‘yicha sanoat, aviatsiya, “aqlli shaharlar”, sog‘liqni saqlash, turizm, madaniyat va san’at kabi sohalarda umumiy qiymati qariyb 4,9 milliard dollarlik kelishuvlar va investitsiya loyihalari paketi shakllantirildi.
Shuningdek, Quvayt Arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasining yurtimizdagi infratuzilma va sog‘liqni saqlash loyihalaridagi ishtiroki amaliy hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida ko‘rsatib o‘tiladi.
Maqola yakunida ta’kidlanganidek, Samarqand va Faylaka o‘rtasidagi tarixiy mushtaraklik hamda bugungi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar, faol investitsiyalar va madaniy almashinuvlar ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati