Allohga shukrki, yurtimizdagi ikki mingdan ziyod masjidlarimiz kundan-kunga obod bo'lmoqda. Yangidan-yangi masjidlar qurilmoqda, ko'plari ta'mirlanib, chiroyli holatga keltirilmoqda.
Shu yil 14 oktyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi “Rakat” jome masjidini qaytadan bunyod etish jarayonlarini ko'zdan kechirdilar. Tashrif davomida muftiy hazratlari masjid qavmi, xodimlari, usta-muhandislar bilan suhbat qurib, masjidning yangi binosida namozxonlarga qilinayotgan imkoniyat va sharoitlar bo'yicha muhim tavsiya va takliflarini berib, bu ulkan savobli ishga hissa qo'shayotgan kishilar haqiga xayrli duolar qiladilar.
Azim poytaxtimizdagi “Rakat” jome masjidining yangidan bunyod etilayotgan binosi tarkibida yirik xonaqoh, 2 dona minora, 1 ta katta gumbaz, 7 ta kichik gumbaz va keng er to'ladan iborat bo'lmoqda. Jome masjidni o'ziga xos mana shunday me'moriy uslubda barpo etilayotgani kelgusida ziyorat turizmi yo'nalishida keladigan ziyoratchilarni ham o'ziga rom etadi.
Ma'lumki, Toshkent shahri Yakkasaroy tumani “Rakat” jome masjidining eski binosi O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon hazratlari boshchiligida barpo etilgan edi. O'sha davrlarda “Rakat” mahallasida yashovchi Mirjalil ota o'ziga tegishli bo'lgan bog'idan sakkiz sotix er ajratib, bu joyga masjid qurish uchun bergan. Shundan so'ng 1954 yil masjid tiklangan va o'z faoliyatini shu kunga qadar davom ettirib kelmoqda.
Muxlisaxon Ziyovuddinxon qori qizlari mazkur masjidning eski binosiga birinchi g'isht qo'yishni shunday xotirlaydi:
– Qori amakim (Ziyovuddin qori aka) bir kuni oq ro'molga o'ralgan narsa olib keldilar-u, bizlarga bermay to'g'ri bobomiz oldilariga kirib ketdilar. Nima olib keldilarkin, deb qiziqib men ham ketlaridan kirib bordim.
Bobomiz Eshon Boboxon hazratlari o'shanda 98 yoshda edilar. Uyda krovatda, orqalariga 2-3 ta yostiq qo'yilgan holda, o'tirardilar. Salomatxon katta oyimiz ularga qarab turardilar. Qori amakim ular bilan salomlashib, xol-ahvol so'raganlaridan so'ng: — Otamiz, Toshkentda “Rakat” mahallasida yangi masjid (Sovet davrida) qurilishiga Moskvadan ruxsat olindi. Shunga bir oq fotiha berib, mana shu birinchi g'ishtiga muborak qo'lingizni qo'yib bersangiz, — deb oq ro'molni ochib, ichidan g'ishtni olib, bobomiz qo'llari oldiga olib bordilar.
Bobomiz: — Alhamdulillah, Alhamdalillah, Alhamdulillah— shu kunlarga etkkazganiga shukur! - deb chuqur nafas oldilar-da, o'ng qo'llarini “Bismillahir-rahmonir-rahim — deb g'isht ustiga qo'yib, —Bunday muqaddas dargohlar yurtimizda ko'plab ochilib, musulmonlarga xizmat qilsin! - deb, yuzlariga fotiha tortdilar.
Mana shunday mustajob duolar sabab bugungi kunda diyorimizda masjidlar soni ortib bormoqda, qayta bunyod etilayotganlarining esa sanog'i yo'q.
O'tgan davr mobaynida ushbu masjid binosi eskirib, poydevorlari yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Qolaversa, oxirgi paytlarda masjid jamoati sezilarli darajada ortib, xonaqoh torlik qilayotgan edi. Shu sababli mahalla ahli ezgu niyat bilan masjidni qayta qurish taklifini olg'a surishdi. Ushbu xayrli tashabbus O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan qo'llab-quvvatlangach qayta qurish ishlari boshlab yuborildi.
Shu kuni muftiy hazratlari ushbu jome masjidlarga tashriflari chog'ida mo'min-musulmonlar uchun qulay va shinam qilish, xonaqohlarni keng va yorug' bo'lishi, atroflarini obod va ko'rkam etish, qurilish ishlarini zamonaviylik va milliylikka uyg'un holda olib borish borasidagi muhim tavsiyalarni berdilar.
Toshkent shahri Yakkasaroy tumani “Rakat” jome masjidining yangi qurilayotgan binosini ko'zdan kechirishga yig'ilgan muftiy hazratlari boshchiligidagi ulamolar va mo'ysafid otaxonlar masjid ko'p yillar xizmat qilishini niyat qilib, xayrli duolar qildilar.
Ushbu masjidni mo'min-musulmonlarga muborak aylashini Haq taboraka va taolodan so'raymiz.








O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati