Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da'vat va irshod vazirligi Chernogoriya Islom ishlari bo'yicha boshqarmasiga Qur'oni karim oyatlari ma'nolarining bosniya va alban tillariga izohli tarjimalari bilan birga 50 000 nusxadagi Qur'on kitobini sovg'a qildi. Bu haqda “IQNA” sayti xabar qildi.
Qur'oni karim ma'nolarining bosniya va alban tillariga tarjimalari Chernogoriya islom ishlari boshqarmasi boshlig'i Rafat Vesichga taqdim etildi.
Marosimda Saudiya Arabistonining Chernogoriyadagi elchisi va Saudiya Arabistonining Bosniya va Gertsegovinadagi elchixonasining diniy attashesi ham ishtirok etdi.
Saudiya Arabistonining Chernogoriyadagi norezident elchisi Faysal Hefziy o'z nutqida ushbu xayrli ishni Saudiya Arabistoni Podshohligining Islom va Qur'onga xizmat qilish majburiyatining ramzi, deya baholadi.
Mazkur xayrli ish Qur'onning turli xil nusxalarini turli mamlakatlarda tarqatish bo'yicha amalga oshirgan dasturning bir qismidir. Uning doirasida dunyo bo'ylab millionlab Qur'oni karim nusxalarini tarqatadi va uning ma'nolarini 77 dan ortiq xalqaro tilga tarjima qilish bo'yicha faoliyat olib boradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.
Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.
Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.